Њзбекистон республикаси адлия вазирлиги
Download 0.53 Mb.
|
Рим-лотин 2010 shomuhamedov
SO’z boshiMustaqil davlat – O’zbekiston izchil ravishda huquqiy demokratik davlat qurishga kirishdi. Ozod mamlakatimizning jahondagi ilg’or huquqiy davlatlar hamjamiyatiga ongli ravishda kirib borishi har bir fuqaroning o’z huquq va burchlaridan yaxshi xabardor bo’lishini, ulardan to’g’ri foydalanishini va ularni og’ishmay bajarishini talab etadi. Bu sohada, albatta, xususiy huquq masalalari alohida o’rin tutadi, zero biz bozor iqtisodiyotiga o’tar ekanmiz, mamlakatimizda xususiy mulkchilikning huquqiy va iqtisodiy asoslari qaror topmoqda. Demak, fuqarolarimiz, birinchi galda, huquqshunoslarimiz va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning xodimlari xususiy huquq masalalarini teran tushungan bo’lishlari kerak. Bugungi kunda mamlakatimizda amalda bo’lgan xususiy huquq, jumladan, fuqarolik huquqi tizimi haqidagi huquqiy bilimlarning negizini Rim huquqi tashkil etadi. Rim xususiy huquqidan ham to’g’riroq va mukammalroq huquqni hech bir xalqda topib bo’lmaydi. Buni butun jahon tan olgan va yigirma asrdan ortiq vaqtdan buyon dunyoning ko’pchilik madaniyatli xalqlari Rim huquqidan o’z sharoitlariga moslashtirgan holda foydalanib kelmoqdalar. Rimliklarning bashariyat tarixi oldidagi ushbu buyuk xizmatlarini barcha xalqlarning huquqshunos olimlari e’tirof etganlar. Rim xususiy huquqining bunday barkamolligi va universalligi bir necha muhim omillarga asoslangan, ammo ularning barchasini umumlashtirib aytish mumkinki, ular xususiy mulkchilik munosabatlarining ob’yektiv, ya’ni kishining xohishidan tashqari amal qiladigan qonuniyatlarini kashf eta olganlar va ularni o’z sharoitlarida oqilona qo’llash yo’llarini ishlab chiqqanlar. Bu qonuniyatlarning ko’pchiligi islom huquqi – shariatda ham o’z ifodasini topgan, ammo bu alohida tadqiqot mavzuini tashkil etadi. Respublikamizda bozor iqtisodiyoti mustahkamlanib borgan sari iqtisodiyotimizning huquqiy asoslari tarkibiga Rim xususiy huquqi kategoriyalari (restitutsiya, vindikatsiya, negator, majburiyat, delikt va h.k.)ning kirib kelishi va ma’lum sohalarda o’z hukmini o’tkaza borishi muqarrar. Yangi qabul qilinayotgan qonunlarimizda ham uning ta’siri sezilmoqda. Bu esa xususiy mulkchilik huquqining asoslari eng yaxshi ishlab chiqilgan Rim xususiy huquqini o’rganish, uni chuqurroq tahlil qilib tushunishni taqozo etadi. Boz ustiga, insoniyat tarixida muhim bosqich bo’lgan ushbu huquqning rivojlanish jarayonidan xabardor bo’lish, uni teranroq idrok etish ma’naviyatimizni boyitishi aniq. Shuning uchun ham barcha yuridik ta’lim muassasalarida Rim huquqini o’rganish yo’lga qo’yilgan. Respublikamiz mustaqillikka erishganidan keyin huquqiy asoslarimiz ham umumbashariy yo’lga tushib bormoqda. Prezidentimiz I. A. Karimovning chuqur nazariy asoslangan kitoblarida umumbashariy qoidalar va mamlakatimizdagi shart-sharoit, millatimizning hozirgi ahvolini hisobga olgan holda huquqiy davlat qurishning nazariy asoslari ishlab chiqildi va izchilik bilan hayotga joriy etilmoqda. I. A. Karimovning ta’kidlab o’tishicha, “Mustaqillik yillarida respublikada xalqaro amaliyotda qabul qilingan, inson huquq va erkinliklari ustuvorligidan kelib chiqadigan huquqiy qoidalar va normalarga asoslangan keng huquqiy makon vujudga keltirildi. Biz totalitar tuzumning o’z hukmini o’tkazishi va boshboshdoqligidan voz kechdik. Odamning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan, shuningdek, mulkchilikning hamma shakllaridagi ma’muriy xo’jalik tuzumlari bilan xilma-xil munosabatlarini tartibga solishning huquqiy normalari sari dadil qadam tashladik”1. Bu esa, birinchi galda, bozor iqtisodini mustahkamlash, davlat mulkini xususiylashtirish, ya’ni xususiy mulkchilik munosabatlarini keng joriy etishni talab qiladi. Xususiy mulk bozor munosabatlarining asosiy iqtisodiy manbai bo’lib, xususiy mulk tashkil topmasdan turib bozor munosabatlari haqida yuritilgan har qanday fikr xomxayoldir. Xususiy mulk va uning asosida vujudga keladigan munosabatlar bizning qonunchilik faoliyatimizda yangilik bo’lganligi tufayli, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining tegishli moddalarida qator murakkab masalalar o’ziga xos yechimini topdi. Yaqin o’tmishda xususiy mulk kishining o’zgalar kuchidan foydalanishi, ya’ni ekspluatatsiya qilishi uchun manba deb baholanib, unga yo’l qo’yilmas edi. Jamiyatda shaxsning erkinligi uning xususiy mulkdan ozod bo’lishi bilan ta’riflanardi. Lekin ishlab chiqarish vositalaridan mahrum bo’lgan xalq o’sha vositalarning yakkayu yagona egasi bo’lgan davlat irodasiga itoat etardi. Ijtimoiy hayotning mohiyati yangicha talqin etilishi tufayli respublikamizda xususiy mulkka yo’l berildi. Bunga Konstitutsiyamizning 53-moddasi asos soldi. Xususiy mulkning huquqiy asoslarini esa biz Rim xususiy huquqidan topamiz. Shu bois ham respublikamizda xususiy mulkning shakllanish jarayonida rim xususiy huquqi yordamga kelishi, ba’zi qoidalarining esa qonunchiligimizda qabul qilinishi tabiiy bir holdir. Rim xususiy huquqi o’zining hozirgi ko’rinishida birdaniga paydo bo’lgani yo’q. U rivojlanishning ko’plab davrlarini bosib o’tdi. Dastlabki ko’rinishida u ius civile, ya’ni sivil yoki grajdanlik huquqi shaklida namoyon bo’ldi. O’sha davrda jinoiy javobgarlik haqidagi qoidalar, qarz bo’yicha to’lanadigan foizning eng kam miqdori, ko’chaning kengligi va bizning davrimizda huquqning turli sohalariga taalluqli bo’lgan boshqa masalalar bo’yicha qabul qilingan qonun-qoidalar bitta umumiy xususiyati ifodalangan – ularda nazarda tutilgan qoidalar Rim fuqarolariga tegishli bo’lib, ajnabiylar va qullarga joriy qilinmagan. Ushbu ma’noda, ya’ni qonunlardagi huquq faqat Rim fuqarolariga tegishli bo’lgani tufayli ius civile, ya’ni fuqarolik huquqi degan ibora shaklini olgan. Rim imperiyasining yuksalishi, uning boshqa davlatlarni bosib olishi bilan faqat rimliklarga tegishli bo’lgan qonun-qoidalar talabga javob bermay qo’ydi. Buning ustiga nafaqat Rimda, shuningdek, Yevropa mamlakatlarida ham tovar-pul munosabatlarining jadal rivojlanishi, birinchi galda, turli davlatlar fuqarolari o’rtasidagi mulkiy, savdo-sotiq munosabatlariga tegishli qoidalarni qayta ko’rib chiqishni talab qilardi. Bu yangi Rim huquqi tarkibida ius gentium, ya’ni xalqlar huquqi tizimining paydo bo’lishiga sabab bo’ldi. Ushbu huquq rimliklar va rimlik bo’lmagan shaxslar o’rtasidagi munosabatlarga tatbiq qilindi. Odamlar ishbilarmonlik faoliyatining kengayishi, ishlab chiqarishning rivojlanishi, tovar ayirboshlashning, savdo aloqalarining rivoj topishi natijasida ius honorarium, ya’ni pretor huquqi vujudga keldi. Ushbu huquq ius civile huquq qoidalariga qat’iy amal qilgan va unga yondashgani holda ius gentium qoidalarini hayotda amalga oshirdi. Yuqorida qayd etilgan huquq sohalari rim xususiy huquq tizimining alohida soha sifatida tashkil topishiga va takomillashtirilishiga, ommaviy huquqdan farqlanishiga jiddiy ta’sir ko’rsatdi. Unda xususiy mulk haqidagi qoidalar va uni himoya qilish, boshqa ashyoviy huquqlar, turli bitimlar, shartnomaga asoslangan va asoslanmagan majburiyatlar, meros huquq va boshqa masalalar haqidagi qoidalar mukammal ishlab chiqildi. Demak, rim xususiy huquqi uzoq yillar davomida shakllandi va xalqaro yuridik jamoatchilik tomonidan tan olindi. U qator davlatlarning fuqarolik qonunchilik amaliyotiga o’z ta’sirini o’tkazdi. Rim xususiy huquqi qoidalari 1804 yilgi Napoleon “Fuqarolik kodeksi”da va boshqa davlatlarning fuqarolik qonunchiligi sohasida keng ko’lamda o’z aksini topdi. Bu hol Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligida, xususan, O’zbekiston Respublikasida ham ko’zga tashlanadi. Rim xususiy huquqi yuridik oliy o’quv yurtlarida o’quv dasturiga kiritilgan, u haqda ketma-ket yangi asarlar nashr etilmoqda. O’zbekistondagi yuridik ta’lim muassasalarida davr talabidan kelib chiqib, Rim xususiy huquqi fani kiritilganiga qaramay, hozircha o’zbek tilida na darslik va na kattaroq o’quv qo’llanmasining yo’qligi yuridik o’quv yurtlarida ham, huquqni muhofaza qilish idoralarida ham ko’plab qiyinchiliklar tug’dirmoqda. Shu bois Toshkent davlat yuridik instituti rektoratining taklifi bilan hamda kafedra yaratib bergan imkoniyatlardan foydalanib, birinchi tajriba sifatida ushbu darslik yaratildi. U Toshkent davlat yuridik institutida o’qitiladigan Rim huquqi kursining dasturi asosida yozilgan bo’lib, unda Ulpian “alohida shaxslar foydasini ko’zlovchi huquq” deb atagan huquq, ya’ni “Xususiy huquq”ni o’rganish vazifasi qo’yilgan. Bunda jinoyat huquqi, jinoyat-protsessual huquq va boshqa sohalarga alohida to’xtalib o’tilmaydi. Shaxs huquqi fuqarolik huquqi bilan chambarchas bog’liq bo’lgani uchun darslikda unga (ayniqsa, uning da’volar bo’limiga) murojaat etib turishga to’g’ri keladi. O’quv fanining asosiy vazifasi uni o’rganuvchilarda yuridik dunyoqarashni shakllantirish, ya’ni ularni voqealarga huquqiy nuqtai nazardan qarashga, yuridik fikrlashga va pirovard natijada ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga yordam berishdan iboratdir. Har qanday birinchi ishda bo’lganidek, unda ham muayyan kamchiliklar bo’lishi tabiiy. Shuning uchun ham, muhtaram kitobxon, sizning kitob mazmunini boyitishga xizmat qiladigan barcha taklif va mulohazalaringizni ushbu darslik muallifi Z.Sh. Shomuhamedova mamnuniyat va minnatdorlik bilan qabul qiladi. Zero, bildirilgan taklif va mulohazalar kitobning keyingi nashrlari yanada puxta bo’lishiga yordam beradi, degan umiddamiz.
Download 0.53 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling