Ilmiy huquqiy ong – huquqni tizimga solib, nazariy o‘zlashtirishda ifodalanuvchi g‘oyalar, konsepsiyalar, qarashlardan iborat. Bunday huquqiy ongga ega shaxslar sifatida yuridik yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqot institutlari, oliy yuridik o‘quv yurtlari tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi huquqshunos olimlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Huquqiy ongning funksiyalari deganda, shaxsni huquqiy doirada ijtimoiy faol yurish turishiga ta’sir etuvchi asosiy yo‘nalishlar tushuniladi. Huquqiy ong funksiyalari tushunchasini uning sub’ekti faoliyati natijasida yuzaga keladigan tizimlashgan g‘oyalar sifatida tariflash mumkin.
Huquqiy ongning huquqiy tartibga solish mexanizmidagi maqsadlariga ko‘ra uning funksiyalarini quyidagicha tasniflash mumkin: rag‘batlantiruvchi funksiyasi; ijtimoiy nazorat funksiyasi; tarbiyaviy funksiyasi; bashorat qilish funksiyasi va boshqalar.
Huquqiy madaniyat - bu kishilarning huquqiy bilim darajasi, huquqqa nisbatan ongli munosabati, huquqni hurmat qilishi va unga rioya qilishidir.
Huquqiy madaniyat jamiyat umumiy madaniyatining uzviy tarkibiy qismidir. SHu bois, huquqiy madaniyat deganda, jamiyatning huquqiy hayoti, uning huquqiy voqeligi, normativ – huquqiy hujjatlar, huquqiy ong rivojida erishilgan darajasini ifodalovchi ma’naviy – axloqiy va huquqiy qadriyatlar tizimi hamda unga muvofiq tarzda qaror topadigan qonunga itoatgo‘ylik va mamlakatda huquqiy – tartibot muhitini o‘rnatish uchun ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning amalga oshirilishi tushuniladi.
Sub’ektiv tarkibiga ko‘ra shaxs (individual), guruh, jamiyat huquqiy madaniyatlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin.
SHaxc xuquqiy madaniyati huquqni hurmat qilish, huquqdan lozim darajada xabardorlikni nazarda tutadi. Huquqiy madaniyatga ega shaxc: 1) yuridik normalarni muayyan darajada bilishi; 2) ijobiy huquqiy ong egasi bo‘lishi, ya’ni huquqni xurmat qilishi; 3) huquqni hurmat qilishga asoslangan xulq – atvor bilan tavsiflanadi.
Guruh huquqiy madaniyati ayrim ijtimoiy guruhlarga, xususan, professional yuristlarga xos. U mazkur guruhning huquqiy ongiga bog‘liq. Unga jamiyatda e’tirof etilgan huquqiy qadriyatlar, ayrim shaxslarning huquqiy intilishlari bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |