ЖАМОАТЧИЛИК НАЗОРАТИ ТЎҒРИСИДА
Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 15 noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018 yil 29 martda ma’qullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat organlari va muassasalari (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qonun hujjatlarida kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanishi mumkin.
Referendumlarga, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish, shuningdek mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot, tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, sud ishlarini yuritish, jazolarni ijro etish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
3-modda. Jamoatchilik nazorati sub’ektlari
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi), fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati sub’ektlaridir.
Jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
4-modda. Jamoatchilik nazoratining ob’ekti
Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining:
qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek rivojlanish davlat, tarmoq va hududiy dasturlarida jamoatchilik manfaatlarini, jamoatchilik fikrini hisobga olishga;
fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini ta’minlashga;
o‘z zimmasiga yuklatilgan, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxldor bo‘lgan vazifalar va funksiyalarni bajarishga;
davlat xizmatlarini ko‘rsatishga;
ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni bajarishga doir faoliyati jamoatchilik nazoratining ob’ektidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |