Badiiy asarning milliyligi – asarda xalq, millat turmushi manzaralarini, milliy urf – odatlarni, millat vakillariga xos xususiyatlarni jonli, hayotiy ifodalash, asarning ruhida, ichki mazmunida, so’zlash tarzida milliylikning namoyon bo’lishi.
Badiiy asar poetikasi – asarning tuzilisgi, syujet va kompozitsiyasi, til xususiyatlari, hikoya qilish yo’sini, ifoda tarzi, tasvir usullari va vositalari, ohangi va umuman uning badiiy olami. “Poetika” so’zi yunoncha bo’lib, “san’at, badiiyat” ma’nolarini anglatadi.
Badiiylik – voqelikni obrazlar orqali aks ettirish.
Badiiy mukammallik – poetik mazmunning asardagi barcha badiiy shakl unsurlari bilan yuksak darajada mutanosib holda obrazli tarzda namoyon bo’lishi.
Badiha – maxsus tayyorgarliksiz, birdan aytilgan so’z, she’r, xalq qo’shiqlari, laparlari ko’pincha badiha tarzida yaratiladi.
Bayt (arabcha “uy”) – ikki misra she’r.
Bayoz (arabcha “oq” , “oqlik”) – she’rlar to’plami. Bunday to’plamlar ko’pincha bir necha shoirlarning she’rlaridan tuziladi. Bayoz odatda she’r ixlosmandlarining iltimosi yoki buyurtmasi bilan kotiblar tomonidan tuziladi.
Baxshi – xalq shoiri, oqin, oshiq, dostonchi va ertakchi. Xalq ijodkorlarini o’zbek xalqi baxshi va shoir, qozoq xalqi oqin, qoraqalpoqlar jirov, ozarbayjonlar oshiq deb ataydilar.
Bag’ishlov – shoirning o’z asari boshida uni kimga ataganini yoki qanday voqea sharafiga bag’ishlanganini ifodalab yozgan she’ri, lirik kirish – debocha.
Biografiya (grekcha turmushni yozaman) – kishining tug’ilgan kunidan boshlab o’tgan hayotidagi voqealarni izchillik bilan bayon etish, tarjimai hol.
Varvarizm (lotincha ajnabiy) – asar yozilgan tilga xos bo’lmagan va boshqa tillardan olingan chet tili so’zlari, iboralari.
Vul’garizm (lotincha dag’al) – adabiy tilda ishlatilmaydigan dag’al so’zlar, noto’g’ri tuzilgan jumlalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |