Abulg'ozi bahodirxon
Download 24.3 Kb.
|
Abulg'ozi Bahodirxon
- Bu sahifa navigatsiya:
- "Shajarai
ABULG'OZI BAHODIRXON Abulg'ozi Bahodirxon 1603-yilda tug'ilgan. U XVII asrning birinchi choragida hukmdorlik qilgan Xiva xoni Arabmuhammadning yetti o'g'lidan biri edi. Bolaligidan shahzodalarga xos yetuk ta'lim-tarbiya ko'rdi, Taqdir taqozosi ekan, otasi bilan akalari, so'ng aka-ukalari o'rtasidagi toj-taxt talashishlarni ko'rdi, o'zi ham ishtirok etdi. Siyosiy buhronlar sabab jahongashtalik qismatini ham boshidan kechirgan edi. U sarkarda sifatidagi toblanish yillarida Turkiston, Samarqand va Buxoroda bo'ldi. Eron Isfahonida qariyb o'n yil (1630—1639) tutqunlikda hayot kechirdi. Bu beqaror yillarda ham umrini bekor o'tkazmadi. Har xil elat, qabila, urug' vakillari bilan yaqin munosabatda bo'ldi. Fors-tojik, arab, mo'g'ul tillarini o'zlashtirdi va bu til egalari bo'lmish xalqlarning hayot tarzi, tarixi, dunyoqarashi, urf-odatlarini elshunos va tarixshunos nuqtai nazari bilan o'rgandi. Abdulg'ozi Bahodirxondan bizga "Shajarayi tarokima", "Shajarai turk", "Manofe ul-inson" nomli uch tarixiy asar meros bo'lib qoldi. 1661-yilda yozilgan "Shajarai tarokima" asarida o'g'uz qabilalari hamda qardosh turkman xalqining tarixi, uzoq asrlik kechmishi qalamga olingan. Asarning yaratilish tarixi haqida olim shunday yozadi. "...Mundin ko'p yillar o'tti, turkmanning mullolari... mening tarixni yaxshi bilurimni eshitib tururlar... Toki bir kun barchalari kelib arz qildi-larkim: "bizning ichimizda "O'g'uznoma" ko'p turur. Ammo hech yaxshisi yo'q, barchasi g'alat va birisi birisiga muvofiq emas. Har qaysisi bir turluq va bir durust e'tibor qilgudek bo'lsa erdi, yaxshi bo'lur erdi", deb o'tun(ch) qildilar. Ersa, onlarning o'tin(ch)larmi qabul qildim". Bundan ma’lum bo’ladiki, asar ajdodlari tarixini sevgan turkman elati vakillari iltimosiga ko’ra yozilgan. Muallif asarni yozishda tarixni bo'yamay-bejamay bor haqiqatni bayon etishga, voqealar tafsilotida xolis bo'lishga intildi. Shuningdek, bayonda til sofligini saqlashga qat'iy amal qildi. Buni asar avvalidayoq ta'kidlab, shunday yozadi: "Barcha bilingk'im, bizdin burun turkiy tarix aytqonlar arabiy lug'atlarni qo'shibturlar va turkiyni ham saj' qilibturlar, o'zlarning hunarlarini va ustozliklarini xalqqa ma'lum qilmoq uchun. Biz munlarning hech qaysisini qilmaduk aning uchunkim, bu kitobni o'qug'uchi va tinglag'uchi turk bo'lg'usiturur. Bas, turklarga turkona aytmoq kerak, to alarning barchasi fahm qilg'aylar". Abulg'ozi Bahodirxon o'zbek urug'lari tarixiga bag'ishlangan solnoma bo'lmish "Shajarai turk" asarini 1663-yilda yoza boshlaydi. Lekin muallif mazkur asarni oxiriga yetkazolmay, 1664-yili 61 yoshida dunyodan o'tadi. Vafotidan so'ng o'g'li Anushaxon zamonasining tarixchilaridan Mahmud binni Mulla Muhammad Zamon Urganjiyga buyurib, Abulg'ozi Bahodirxon boshlagan "Shajarai turk"ni yozdirib tamomlatadi. Bu asar o'zbek tarixnavisligi, shuningdek, nasrining yorqin sahifalaridan birini tashkil etadi. "Shajarai turk" asari haqida "Shajarai turk" turkiy xalqlar shajarasi, kelib chiqishi degan ma'noni anglatadi. Unda turkiy qavmlar tarixi xonlar hukmronligi bilan bog'liq holda bayon etilgan. Tarixchi olim Bo'riboy Ahmedovning ta'kidlashicha, asarning asosiy qismi 1663-1664-yillari yozilgan. Uning yozilishi tarixini muallifning o'zi shunday izohlaydi: "Ammo bizning ota va aqalarimizning beparvoliqi va Xorazm xalqining bevuqufliqi, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizning Abdullaxonning otalari birlan bizning otalarimizning ayrilgan yeridin to bizga kelguncha tarixlarini bitmay erdilar. Bu tarixni bir kishiga taklif qilali teb fikr qilduk, hech munosib kishi topmaduk, zarur bo'ldi, ul sababdin o'zimiz aytduk". Asar qisqa muqaddima va to'qqiz bobdan iborat: 1) Odam Atodan to turklarning qadimgi xonlaridan Mo'g'ulxongacha kechgan hodisalar zikri; 2) Mo'g'ulxondin Chingizxongacha bo'lgan tarix; 3) Chingizxonning tug'ilganidan to vafotigacha tarixi; 4) Chingizxonning uchinchi o'g'li O'gaday qoon (1227 — 1241 yillari otasi o'rnida o'ltirgan) va avlodi, Chingizxonning boshqa o'g'illari naslidin bo'lgan va Mo'g'ulistonda podsholik qilg'anlar zikrida; 5) Chingizxonning ikkinchi o'g'li Chig'atoyxon (Movarounnahr, Yettisuv viloyati va Sharqiy Turkiston ustidan 1227-1241 yillari podsholik qilgan) avlodidan Movarounnahr va Qoshg'arda podsholik qilgan avlodining zikri; 6) Chingizxonning kenja o'g'li Tuluyxon avlodidan Eronda podsholik (1256 — 1336) qilgan elxoniylar zikri; 7) Chingizxonning katta o'g'li Jo'chixon (1227-yilda otasidan taxminan olti oy avval vafot etgan) avlodidan Dashti qipchoqda (hozirgi Qozog'iston va to Dneprgacha bo'lgan janubiy Rusiya yerlari tarixda XI — XV asrlarda shu nom bilan atalgan) podshoh bo'lganlar zikri; 8) Jo'chixonning beshinchi o'g'li Shaybon (XIII asr) avlodidan Movarounnahr, Qrim, Qozoq va Turonda xonlik qilganlar, shuningdek, Jo'chixonning o'n uchinchi o'g'li To'qay Temurxon naslidan Qrim, Qozoq va Movarounnahrda podsholik qilganlar zikri; 9) Shaybon avlodidan Xorazm mamlakatida podsholik qilganlar zikri. "Shajarayi turk" tarixning turli masalalariga (ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-etnik va h. k) oid e'tiborga molik ma'lumotlarga boy asardir. Misol tariqasida ulardan ayrimlarini keltiramiz. Tarixiy ma'lumotlar. Sibir xonligi nomi bilan ma'lum bo'lgan (XV asrning 20-yilllarida tashkil topgan) va G'arbiy Sibir ustidan hukm yurgizgan davlat tepasida ham Shaybon naslidin bo'lgan xonlar turgan. Ularning so'nggi xonlaridan Ko'chumxon (1563-1598) haqida asarda mana bularni o'qiymiz: "...Mahmudakxoni mazkurning bir o'g'li Murtazoxon, aning o'g'li Ko'chumxon ... bu Ko'chumxon Turo viloyatinda qirq yil podsholi qildi. Uzun yosh topdi. Axir ikki ko'zi nobino bo'ldi. Tarix 1003 (1595) yilda Ko'chumxonni qo'lindin Turoni o'rus oldi. Ko'chumxon qochib mang'it xalqining ichiga bordi. Taqi haq rahmatig'a ketdi". Etnografik ma'lumotlar. Turk-mo'g'ul qabilalari, xususan, nomlarining ma'nosi to'g'risidagi, shuningdek, o'zbeklar, sartlar hamda turkman urug'lari haqidagi ma'lumotlar ham muhimdir. Misol: "Asl lavz "mo'g'ul" mungul turur. Avomning tili kelmas-likidin bora-bora mo'g'ul tedilar. "Mung"ning ma'nosin barcha turk bilurlar: qayg'u ma'nosina turur. "Ul"ning ma'nosi sodadil, ya'ni qayg'uli soda temak bo'lur." Milliy davlatchiligimiz asoschisi Amir Temur urug'ining kelib chiqishi ma'nosi quyidagicha izohlangan: "Oqsoq Temur ushbu uruqdin erdi. Barlosning ma'nosi sipohsolar temak bo'lur. Turkiysi cherik boshlab yuriyturgan kishi". Toponimik hamda antroponimik ma'lumotlar. Abulg'ozining joy nomlari qarashlari ham hayotiydir: "Buxoro temakning ma'nosi mug' tili da ilm va ahli ilmning jam' bo'laturg'an yeri temak bo'lur". Haqiqatan ham tarixda Buxoro xamisha ilm ahli ilmning vatani bo'lib kelgan. Jahongashta hukmdor va sarkarda Chingizxon va XX asr adabiyotining mashhur vakili Chingiz Aytmatov ismlarining ma'nosini quyidagi izohdan bilib olish mumkin: "Ching"ning ma'nosi ulug' va katta temak bo'lur. Chingiz aning jami turur". Demak, buyuklik ma'nosidagi ism o'z sohibining chindanda buyuk bo'lib yetishuvidan dalolat berar ekan. O'lkaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga oid ma'lumotlar. Xalq farovonligi va obodligidan quyidagi lavha darak beradi: "Ul vaqtda (Arab Muhammadxon davrida) Mizdakxondin to Baqirg'onning bori yuzi Quyg'un degan yergacha bug'doy ekilar erdi. Bizning xon Tuq qal'asining yuqorisidin bir ariq qazdurub tururlar. Faqir dunyog'a kelmasdin bir yil buran Mezon bo'lg'anda saqasini ko'marlar erdi. Bug'doyni o'rgan vaqtda ocharlar erdi. Bir necha yildin so'ng ariqning kengligi otgan o'q o'tmasday bo'ldi . Suvning oyoqi Quyg'un bordi. Andin Achi tengizina bordi. Yolg'uz bug'doy ekilur erdi. Otli kishi o'n kunda bug'doyning toshindin aylanib kela bilmas erdi. Ul vaqtda kulpuchak yarim misqol kumush bir tanga yerina yurur erdi. Bir tangaga yarim teva yuki bug'doy berurlar erdi. Bir misqol kumushga bir xarvor bug'doy berurlar erdi". Abulg'ozi Bahodirxonning “Shajarayi tarokima” va “Shajarayi turk” asarlari o’zbek tilshunosligi, elshunosligining asl manbalari, o’zbek adabiy-badiiy nasri tarixiy takomilining muhim bosqichini aks ettiruvchi o’lmas obidalardandir. Download 24.3 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling