Texnikaviy ta’minot O’zbekistonda dehqon xo’jaliklarini ommaviy tarzda
jamoalashtirish ishlari ayni chog’da yangi xo’jaliklarga moddiy-texnik baza bo’lib xizmat
qiladigan mashina-traktor stantsiyalari (MTS) ni tashkil etish bilan uzviy bog’liq holda
olib borildi. O’zbekistonda dastlabki mashina-traktor stantsiyasi 1929 yilda Andijon
viloyatining Asaka tumanida tashkil etilib, u yangidan tuzilgan jamoa xo’jaliklariga texnik
yordam ko’rsatgan edi. Asta-sekin ularning soni ortib bordi. 1931 yilga kelib MTSlar 48
ta qishloq tumanlarida tashkil etilib, qishloq ahlining dala yumushlariga xizmat ko’rsatdi.
MTSlarning yirik dehqon xo’jaliklariga nafi katta bo’lganligidan, ularning safi
respublikada to’xtovsiz ortib bordi. Jumladan, 1937 yilda ularning soni 163 taga, 1941
yilga kelganda esa 189 taga etdi. Garchand yirik jamoa erlarini ishlab berish, qo’l
mehnatini engillashtirish, qishloqqa texnika olib kirish, texnika ilmidan qishloq
mehnatchilarini xabardor qilish, ma’lumotini oshirishda MTSlar muhim rol o’ynagan
bo’lsada, biroq bu narsa jamoa xo’jaliklarining davlatga tobeligini yanada kuchaytirdi.
Buning asosiy sabablaridan biri shundaki, yirik ishlab chiqarish vositalari MTSlar orqali
tobora davlat qo’lida to’plana bordi. MTSlar jamoa erlarini natural haq evaziga ishlab
berar, bu haqning miqdori esa yuqoridan, davlat organlari tomonidan belgilanardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |