1 – Мавзу Марказий Оси ёда кадимги ва илк урта асрларда ер сув муносабатлари


-mavzu: XX asrda Surxon-Sherobod vohasining sug‘orilishi tarixi; (2 soat)


Download 1.08 Mb.
bet20/43
Sana20.06.2023
Hajmi1.08 Mb.
#1631478
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   43
Bog'liq
Surxondaryoda Yer-suv munosabati lotin maruza 2023

11-mavzu: XX asrda Surxon-Sherobod vohasining sug‘orilishi tarixi; (2 soat)
Reja:

  1. Surxondaryo daryosining voha tarixida tutgan o’rni;

  2. Sherobod daryosining dehqonchilikdagi o’rni;

  3. Sovet hokimyati davrida vohada qurilgan gidrotexnik inshootlari;

Asosiy adabiyotlar :

  1. S. N. Tursunov Surxondaryo etnografiyasi . o’quv qo’llanma. Toshkent , tafakkur , 2020 yil

  2. Tursunov S.N. T. Pardayev . Surxondaryo – etnografik makon. Toshkent . 2012 .akademik nashriyoti

  3. Tursunov S.N. T. Pardayev G. Ahmedova O’zbekiston janubiy hududlarIda madaniy va amaliy sa’nat yodgorliklari tarixi Toshkent ,2012 Akademik nashriyoti

  4. Qobulov E.A. Surxon vohasi xo‘jaligi, - T. “Sharq.” 2012

1900 yilda Buxoro va Rossiya o‘rtasida tuzilgan yangi kelishuv shartnomasiga asosan Buxoro amiri Rossiyaga 10514 desyatina o‘zlashtirilmagan Surxondaryoning quyi oqimidagi yerlarni ijaraga berdi. Ushbu yerlarga Rus harbiy chegara qo‘shinlari mustahkam joylashib, Termiz qal’asini qurishga kirishdi va Termiz shahri mustahkam harbiy istehkomga aylantirildi. Issiq iqlim sharoitini hisobga olib yangi Termiz shahrini suv bilan ta’minlash maqsadida Rus hukumati shaharni suv bilan ta’minlash chora tadbirini ko‘rdi. Natijada 1905 yilning kuzida muhandis Kastalskiyning gidrotexnik loyihasi asosida Termizni ichimlik va sug‘orish suvi bilan ta’minlaydigan kanal ishga tushirildi va Termiz istehkomi, Pattakesar, Manguzar shuningdek Solihobod qishloqlari sug‘oriladigan bo‘ldi.


Termizdan 18 chaqirim yuqori tomondan loyqa suv bo‘lib oqib o‘tadigan Surxondaryo suvi Termizdan 12 chaqirim uzoqlikda joylashgan havza (basseyn)ga tomon burib keltirilib, tinitilganidan so‘ng bosh magistral kanalning uchinchi shlyuzi (4 chaqirimdagi) orqali qo‘shimcha kanallarga tarqatildi. Sekundiga 153 kub fut ( 1-fut-30-48 sm ga teng uzunlik o‘lchovi) o‘tkazadigan magistralning bosh qismiga sekundiga v*2,19 fut tezlikda suv oqib kelishi natijasida, loyqaning bir qismi magistralda cho‘kib qolib, magistralning qamish bosishiga hamda kanalning tozalash ishlarini haddan ziyod ko‘paytirib yuborishga olib keldi.
1908 yilda Termiz shahrini suv bilan ta’minlash uchun ishga tushirilgan havza 1,5 m3 sek tezlikda oqayotgan loyqa suvi bilan uch hafta ichida to‘lib qolib, barcha suv tarqatuvchi ariqlarning 80 foizini izdan chiqardi. Natijada uni tozalash emas, qayta qazishga to‘g‘ri (ya’ni 8000 rubl harajat qilindi) keldi. 1908 yilda yangidan suv to‘playdigan 40.000 kub sarjin hajmda havza qurildi, biroq yangi havza ham 1911 yilga borib yana qumga to‘lib ishdan chiqdi. 1906 yil yanvarda Sherobod vohasiga Jarqo‘rg‘on yo‘nalishidagi Surxon daryosidan suv olib kelish maqsadida umumxalq hashari tashkil etildi. Shu maqsadda Buxoro amiri vakili Bobomurod Qorovulbegi bilan mahalliy amlakdorlik oqsoqollari shartnoma tuzdilar. Ushbu shartnomani Giran amlakdori Xo‘ja Nazar oqsoqol, Angor amlakdorlari Juma Chuhra oqsoqol, Beknazarboy va Mullo Boynazar, Xayrabod amlakdorlari Mulla Abdurasul Haqnazar oqsoqol va Tilla oqsoqol, Nov-shahar amlakdorlari Mustafoqul oqsoqol, Chori polvon va Juma boy kabi arboblar tasdiqladilar. Ushbu shartnomaga muvofiq Jarqo‘rg‘on yo‘nalishida katta ariq qazilishi, Sherobod vohasidagi katta maydonlar o‘zlashtirilib, Oqpoy mavzesidagi mavjud 1005 tanob yerdan foydalanish ham ko‘zda tutildi. Ushbu kelishuv shartnomasini Buxorodagi Rossiya siyosiy boshqarma vakili bilan Sherobod begi Mirzo Salimbek va qozi mulla Abdulla xo‘jalar imzoladi. 1909 yil 21 avgustda Termiz shahrida Buxoro amirligi hamda Turkiston siyosiy boshqarmasining Buxoro bo‘limi bilan hamkorlikdagi maxsus yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishdagi shartnomani Sherobod begi Mirza Salim bek hamda Buxoro amaldorlari Mirza Jo‘ra qorovul hamda Abdulqodir Mirza boshilar tasdiqlashdi. 1909 yilning oktyabr oyida Sherobod begi qozisi idorasida bo‘lib o‘tgan katta mahalliy oqsoqollar yig‘ilishida mulla Komil Miroxo‘r, Naka Amin, Shomirza Mirza boshi, Ummat Aliboy, mulla Xidir, Qorabek, Eshmirza Amin, Berdiboy Jo‘raboshi, Muhammad xalfa, Do‘san oqsoqol, Toji Murod, Xidir O‘sar, Xudoyqul oqsoqol, Tangriqulboy, Jumanazar oqsoqol, Qurbonboy, Qodir oqsoqol va Normuhammad boylar Jarqo‘rg‘on tomonidan qazilayotgan ariqni davom ettirishga mablag‘ yo‘qligini yozma tarzda tasdiqladilar. Chunki rus harbiy muhandislari taklif etgan Zang kanalini davom ettirib, yangi yerlarni o‘zlashtirish g‘oyasini bajarish uchun eski ariq hajmi talab darajasida emas edi. Surxon-Sherobod vohasida dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish va paxta hosili olishni ko‘paytirish esa kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘lib qoldi. 1907 yili Surxondaryoda Termiz orqali Rossiyalik paxta tadbirkorlari 224 tonna g‘o‘za hosilini yig‘ib olgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1909 yil 367 tonnani, 1910 yil 556 tonnani, 1912 yili esa 1000 tonnani tashkil etdi. Yangi yerlarni o‘zlashtirish, sug‘orish inshootlarini qurish Rossiya hukumatining asosiy ishiga aylanib qoldi.
Rossiya siyosiy agentligi topshirig‘i bilan Buxoro amirligiga qarashli Sherobod va Denov bekliklari hududida joylashgan Sheroboddaryo va Surxondaryo to‘liq o‘rganilib, ushbu daryolarning boshlang‘ich irmoqlari, daryoga qo‘shiluvchi jilg‘alar, soylar, irmoqlar, shuningdek, daryolarning qaysi o‘zanlaridan o‘zlashtirish kerak bo‘lgan yerlarga suv chiqarish kerakligi aniqlandi va qazilishi zarur bo‘lgan kanallar, ariqlarning loyihalari ishlab chiqildi. 1908 yili harbiy muhandis Yermolaev tomonidan Amudaryo suvlari bilan Buxoro amirligining janubiy hududlaridan 30 ming desyatina yerni o‘zlashtirish ham rejalashtirilgan edi.
Chor ma’murlari Surxon vohasini «ikkinchi Farg‘onaga» aylantirmoqchi edilar. Uni amalga oshirishda ko‘plab to‘siqlarga duch keldilar. Ayniqsa, yangi yerlarni o‘zlashtirishga davlat mablag‘i yetishmasligi bu jarayonni sekinlashtirdi. Bunday sharoitda chor hukumati xususiy kapitalni jalb qilishga harakat qildi. Markaziy Osiyoning turli hududlarida yerlarni uzoq muddatga ijaraga-konsessiyaga berish avj oldi. Buxoro amirligidagi eng katta konsessiya, hozirgi Muzrabod, Angor, Termiz tumanlaridagi yerlarda tashkil qilindi va bu konsessiya «Sherobod komissiyasi» nomini oldi.
Termiz garnizonida harbiy muhandis bo‘lib xizmat qilgan A.G.Ananev 1910 yilda Turkiston general-gubernatoriga murojaat qilib, Surxon vohasini o‘zlashtirishning istiqbollarini asoslab berdi. 1910 yilning sentyabrida Turkiston general-gubernatori muhandisning xatini Rossiyaning Buxoro amirligidagi siyosiy agenti A.A.Izvolskiyga yo‘llab, Sherobod va Boysun bekliklaridagi yerlarning o‘zlashtirilishi nafaqat iqtisodiy, balki harbiy-siyosiy ahamiyatga molik ekanligini ta’kidladi. Natijada, rus ma’murlari konsessiya g‘oyasini Buxoro amiri oldida qo‘llab-quvvatladilar. Keyinroq A.G.Ananev Termiz yaqinida ijaraga yer olishga harakat qilib, Buxoro amirining yetakchi amaldorlaridan bo‘lgan Ostonaqul qushbegiga murojaat qildi. Lekin Sherobod begi Mirzo Salimbek ruslarga ijaraga yer berishga rozilik bermadi. Mirzo Salimbek boshqa ishga o‘tganidan keyin, A.G.Ananev o‘z harakatini yana kuchaytirdi. 1911 yili A.G.Ananev o‘z rejalarini targ‘ib qilish maqsadida «Sherobod vohasi yerlarini Surxon suvlari yordamida sug‘orish loyihasi» deb nomlangan kitobini nashr qildi.
1912 yilning 26 yanvarida Turkiston general-gubernatori komissiyasi loyihani qo‘llab-quvvatlagach, 1912 yilning 23 fevralida Buxoro amirining ishonchli vakili Mirzo Nasrullobiy qushbegi bilan A.G.Ananev o‘rtasida shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, amir A.G.Ananevga Sherobod va Boysun bekliklariga qarashli 72000 desyatina (taxminan 72 ming gektar) yerni 99 yilga ijaraga berdi. Oldingi yerni o‘zlashtirish uchun Surxondaryodan kanal o‘tkazilishi lozim edi. A.G.Ananev sakkiz yilu, olti oy muddatga konsessiya to‘lovlaridan ozod qilindi. Keyin esa amir xazinasiga har yili 100000 so‘mlik soliq to‘lanishiga kelishildi. 1908-1910 yillar mobaynida paxta yetishtirish ikki barobar o‘sganligini hisobga olib, kelajakda yiliga bir million pud paxta olish ko‘zda tutildi. O‘zlashtirilgan yerlarga to‘rt yil davomida o‘n ming rus oilasini (har bir oilaga 6 desyatina yer ajratish sharti bilan) joylashtirish rejalashtirildi. Chor Rossiyasi imperiya dehqonchilik va yer tuzilishi boshqarmasining boshlig‘i A.V.Krivoshein buni shunday izohlagan edi: «Hukumat va sarmoya bilan qurollangan shaxsiy ishbilarmonlik yelkama-yelka turib, bir-biroviga yordam va ko‘mak berib, ana shu katta davlat ahamiyatidagi ishda yirik muvafaqqiyatlarga erishishlari mumkin». Biroq «shaxsiy ishbilarmonlik» ham bo‘sh kelmasdan, o‘z manfaatlariga mos keladigan omillarni ilgari surar, kam sarf-xarajatlar evaziga, ko‘proq foyda ko‘rish, asosiysi, yangi sug‘oriladigan yerlarni (barchasini yoki bir qismini) o‘z shaxsiy mulkiga aylantirishni o‘ylardi. Bu hol hukumat bilan shaxsiy kapital o‘rtasidagi shunchaki bahs yoki tomonlarning yondoshishlaridagi mayda farqlar emas, balki juda muhim masala edi. U – birinchidan, har qanday shart-sharoitlarda yoki konsessiyalar kelishuv asosida yangi yerlarni o‘zlashtirish, irrigatsiya ishlarini amalga oshirish mumkinligini;
Ikkinchidan, yangi yer o‘zlashtirilib bo‘linganidan keyin tashkil bo‘ladigan xo‘jalik yoki muassasadan foydalanish qoidalari qanday bo‘lishi lozimligini nazarda tutardi. Natijada hukumat va shaxsiy sarmoyadorlar ikki xil, bir-biriga yaqin bo‘lmagan konsessiya turlarini taklif qilar edilar. Bu masala 1909 yil 5 iyunda A.V.Krivoshein raisligida bo‘lib o‘tgan katta hukumat majlisida shaxsiy kapital vakillarining qatnashuvida muhokama qilindi. Kelishuvda so‘rab berilgan arizalarni ko‘rib chiqishi jarayonida qo‘shimcha qonunlar yaratilishi kerakligi ayon bo‘lib qoldi. «Turkistonda sug‘orish ishlarini shaxsiy sarmoyalar hisobiga bajarish to‘g‘risida», «Yirik va mayda sug‘orish muassasalarini yaratish to‘g‘risida kelishuv (konsessiya)ning bosh asoslarini ishlab chiqish to‘g‘risida»gi qonun loyihalari shular jumlasiga kirardi. Bu qonun loyihalari 1912 yilning oxirida tayyorlandi va 1913 yilning aprelida tegishli «roziliklar» olindi. Shu orada A.V.Krivoshein hukumatdan yana bitta muhim masala bo‘yicha «eng oliy rozilik»ni olishga muvoffaq bo‘ldi. Natijada yirik sug‘orish maydonlarini yaratishga beriladigan konsessiya (kelishuv) yoki shartnoma, hozirgi zamon tili bilan aytganda, tender (ko‘rsatkichlari eng yaxshi va eng arzon loyihani taqdim qilish) asosida musobaqa yo‘li bilan beriladigan bo‘ldi. Yangi qonunlar bo‘yicha «Katta sug‘orish muassasasi» qatoriga maydoni 5 ming desyatinadan ortiq va shartnoma muddati 36 yildan kam bo‘lmagan sug‘oriladigan yerlar kiritiladigan bo‘ldi.
Shunday qilib, Turkiston general-gubernatori ish boshlagan dastlabki yillaridanoq, uning bevosita rahbarligida ishlaydigan fuqaro mutaxassislar, muhandis, yer tuzatuvchi va muhandis-irrigator lavozimlari faoliyati, dehqonchilik va sug‘oriladigan dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan markazlashgan boshqaruv tizimi murakkablashib bordi. Sherobod bekligida suv tanqisligi tufayli aholi yarim ko‘chmanchi hayot kechirar edi. Yer ko‘p, suv kam bo‘lganligi uchun ham ekinzorlar parcha-parcha bo‘lib katta maydonga tartibsiz yoyilgan edi. Sherobod bekligi XX asr boshlarida Gilambob, Talloshqon, Maydaariq, Saidobod, Jarqo‘rg‘on, Pattakesar, Cho‘chqaguzar amlakdorliklariga bo‘linar edi. Jarqo‘rg‘on amlakdorligida nisbatan yer tanqis edi. 1908 yilda Sherobod begi Mirzo Salimbek yer muammosini hal qilish maqsadida yangi yerlarni o‘zlashtirish uchun hashar yo‘li bilan Jarqo‘rg‘on arig‘ini Zang qishlog‘igacha kengaytirdi. Ariq Zang qishlog‘ida o‘n ikkita mayda ariqchalarga bo‘linib, atrofidagi yerlarga suv berdi. 1911 yilning sentyabrida aholi Zang arig‘ini yana kengaytirish masalasida Buxoro amiriga murojaat qildi. Sherobod begi amirdan xalqning talabini qondirish to‘g‘risida ko‘rsatma oldi va 1912 yilda to‘laligicha Zang arig‘ini kengaytirish ishlari amalga oshirildi. Sherobod begi Robixo‘jabiy atrofdagi aholidan tashqari Gilambob, Talloshqon, Maydaariq amlakdorliklaridan ham ishchi kuchi jalb qilib, ikki oy davomida kuniga ming, bir yarim ming mardikorni ishlatib, ariqni Novshahargacha yetkazdi. Mahalliy aholi yangi o‘zlashtirilgan yerlarga kelib o‘rnashdi. Konsessiyaga ruxsat olgan Ananev darhol yangi o‘zlashtirilgan yerlar maydonini o‘lchash va o‘rganish uchun 200 dan ortiq xodimlarni jalb qilib, qilinadigan ishlar loyihasini tuzishga kirishdi. Ayni paytda rus savdo-sanoat banki vakillari bilan ham muzokara olib borib, 1912 yil 7 noyabrda aksionerlik jamiyati tashkil qilish to‘g‘risida shartnomaga qo‘l qo‘ydi. 1913 yilning mayida jamiyat nizomining loyihasini ishlab chiqib, savdo va sanoat ministrligi tasdig‘iga yubordi.
Aksionerlik jamiyatining asosiy kapitali 18 million so‘m qilib belgilanib, u 12 million so‘mlik 120,000 aksiyadan va 6 million so‘mlik 60,000 dividend guvohnomasidan iborat edi. Nizom loyihasi 1913 yilning 13 noyabrida tasdiqlandi. «Sherobod aksionerlik jamiyati»ni tuzishda Rus-Osiyo banki, Sankt-Peterburg xalqaro banki, Rus savdo-sanoat banki kabi imperiyaning boy banklari ishtirok etishdi. Konsessiyani mablag‘ bilan ta’minlashga chet el sarmoyalari, xususan graf Pille Vilyu rahbarligidagi fransuz kapitalistlari ham jalb qilindi. 1914 yilda A.G.Ananev «Sherobod vohasi» nomli kitobini nashr qildi. Unda kengaytirilgan holda konsessiya yerlarining iqtisodiy ahamiyati har tomonlama asoslab berilgan edi. Loyihada Surxon daryosida to‘g‘on va kanallar, shlyuzlar, ko‘priklar va yo‘llar qurilishi ko‘zda tutilgan edi. Shuningdek ikkita paxta tozalash zavodi, yog‘ va un zavodlari aksionerlik jamiyatining sanoatini tashkil qilishi lozim edi. Novshaharda konsessiyaning markazi alohida shaharda qad ko‘tarishi rejalashtirildi. Bu ishlarning amalga oshishida qurilajak temir yo‘l hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. Shuning uchun ham Ananev Buxoro-Termiz yo‘lining Kerki-Termiz qismini o‘z qo‘liga olishga harakat qildi. Temir yo‘lning qurilishi «Sherobod konsessiya»ning nufuzini oshirdi. Sherobod konsessiyasining Surxon-Sherobod vohasini o‘zlashtirishi sohasidagi amaliy ishlari natijasida, Rossiya Markazga paxta jo‘natishga bo‘lgan talabni kundan-kunga oshirdi. 1914 yilda Surxon-Sherobod hududida 4400 gektar yerga chigit ekilib, 3900 tonna paxta hosili yetishtirildi.
«Sherobod aksionerlik jamiyati»ning rasmiy ochilishi 1915 yilning 2 noyabrida bo‘lib o‘tdi. 1916 yilning yanvarida ijrochi-direktor S.P.Maksimov va muhandis K.D.Keltserlar keng ko‘lamli ishlarni boshlab yubordilar. Ularning oldidagi eng og‘ir masala mahalliy aholi bilan munosabatlarni tartibga solish bo‘ldi. Zang arig‘ining ta’mirlanishi natijasida aholi konsessiya yerlariga o‘rnashib oladi va o‘zining huquqlarini himoya qilishga kirishdi. 1916 yilning 12 martida rus ma’murlarining tazyiqi bilan amir yangi shartnomaga qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ldi. Unga ko‘ra, konsessiya maydonida joylashgan xo‘jaliklar jamiyat bilan shartnoma tuzishlari kerak edi. Zang arig‘idan suv ichadigan lekin konsessiya maydoniga kirmagan xo‘jaliklarning yerlari jamiyat tarkibiga kirishi yoki suvdan mahrum qilinishi kerak edi. Shartnoma e’lon qilinganidan keyin aholi o‘rtasida norozilik kuchaydi. 1916 yilning 23 martida Jarqo‘rg‘onda mingdan oshiq dehqonlar karvonsaroyda to‘xtagan konsessiya xodimlariga hujum qildilar. Xalq konsessiya xodimlaridan yer va suvning tortib olinmasligi to‘g‘risidagi hujjatni talab qilib oldilar. Bu to‘qnashuvni tahlil qilgan devonbegi Sherobod begi rahbarligidagi amin va oqsoqollarni aybdor qildi. «Sherobod aksionerlik jamiyati» bosh boshqarmasi 1916 yilda Sherobod vohasini o‘zlashtirish maqsadida uchta asosiy yo‘nalishni amalga oshirishga kirishdi. 1) voha hududini o‘rganib, uning texnik xarita uchun manbalar yig‘ish; 2) o‘zlashtirishga yaroqli bo‘lgan yerlarni aniqlash; 3) gidrotexnik qurilmalar, zavodlar qurish uchun qurilish loyihalarini yaratish, shuningdek, bosh boshqarma yangi o‘zlashtiriladigan yerlarni qishloq xo‘jaligi va savdo-tadbirkorlik maqsadlarida foydalanishni maqsad qilib rejalashtirdi. Aksionerlik bosh boshqarmasi turli yo‘nalishlarda ish olib boruvchi 6 bo‘limdan iborat bo‘lib, qurilish, texnik, qishloq xo‘jaligi, savdo-tadbirkorlik, hisobot va dillerlar bo‘limini o‘z ichiga olgan edi. Aksionerlik jamiyatida 4 nafar boshqarma xodimi, vrach, 18 nafar texnik, 6 nafar yer ishlari xodimlari va 15 nafar quyi lavozimda ishlovchi xodimlar bor edi. 1916 yilning dekabr oyi oxirida kelib, boshqarma ixtiyorida 350 nafar kishi xizmat qildi. Yil oxirida boshqarma tomonidan jami 6702 desyatina yer hisobga olindi. «Sherobod aksionerlik jamiyati» tomonidan 1917 yilning boshlariga kelib, 7000 desyatina yer o‘zlashtirildi.Rossiya imperiyasining Surxon-Sherobod vohasini o‘zlashtirishdan asosiy maqsadi, paxtachilik sanoati uchun xom-ashyo bazasini yaratish, minglab rus aholisini ko‘chirib keltirish hamda Surxon-Sherobod dashtlarini sug‘orishga jiddiy kirishib quyidagi masalalarni hal qilishi zarur edi:
1. Harbiy nuqtai nazardan: Termizda joylashgan rus harbiylarining yashashi va ularni oziq ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun o‘z imkoniyatlarini mahalliy hudud hisobidan qoplash;
2. Iqtisodiy tomondan: Rossiyada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish uchun muhim bozor yaratib, rus bozori uchun bir million puddan ziyod paxta tolasiga ega bo‘lish. Bu esa Rossiyani Amerikaning qimmat paxtasidan ozod qilib, paxta narxini ancha arzonlashtirardi. Bundan tashqari muhim strategik ahamiyatga ega temir yo‘l qurilishini mablag‘ bilan ta’minlashga imkon yaratdi;
3. Tabiiy sharoitni hisobga olib, ko‘chib kelgan rus aholisi uchun hududdagi sanitariya holatini yaxshilash, rus aholisi aziyat chekadigan, tif, isitma va ko‘plab boshqa kasalliklarning oldini olish uchun sharoit yaratish.
4. Mahalliy ahamiyati: Termiz irrigatsiyasi tizimining zaif tomonlarini mustahkamlab, Surxon-Sherobod dashtlarini o‘zlashtirish, yangi suv inshootlarini qurish, yerning meliorativ holatini yaxshilab, paxta hosildorligini oshirish bosh maqsad qilib mo‘ljallagan edi. Chor Rossiyasi o‘zining mustamlakachilik siyosati jarayonida Surxon-Sherobod cho‘llarini o‘zlashtirish uchun sug‘orish loyihasini amalga oshirishga kirishib, Surxondaryo suvi bilan quyidagi hududlarni sug‘orish imkoniyati borligi to‘g‘risidagi loyihani taqdim etdi. Unda:
Sharqdan G‘ur-g‘ur qishlog‘idan Ayritom postigacha va Bobotog‘ tog‘lari, shimoliy-g‘arbdan Surxon va janubdan Amudaryo chegarasi bo‘ylab maydoni 6000 botmon bo‘lgan Yangiariq hududi;
Shimoldan Kattaqum barxanlari, janubiy sharqdan Tollitog‘ora xarobasidan Pattakesar qishlog‘igacha, g‘arbdan Surxonning quyilish joyidan Chingiztepagacha, Amudaryo bilan chegaralangan va maydoni 10000 botmon bo‘lgan Termiz hududi;
Amudaryo va Kattaqum orasidagi Chingiztepadan Kaptarxonagacha cho‘zilib ketgan 1500 botmon maydonga ega bo‘lgan daryo yoqalari;
Maymun postidan Sho‘rob qishlog‘igacha, Amudaryo chegaralab 32000 botmon yer maydoniga ega bo‘lgan Angor tumani: (boshqa tomondan) Qorasuv (Sheroboddaryo)-Sho‘robdan Jarariq qishlog‘igacha va undan to‘g‘ri Taqiya qishlog‘idan Xovdag tog‘igacha. Xovdag tog‘ etaklaridan O‘rdalitepa xarobalariga qadar, undan Zang xarobalarigacha va Zangdan Kaptarxonagacha;
Maydoni 24000 botmon bo‘lgan Beshqo‘ton hududi, janubda Sho‘robdan Sassiqko‘lgacha, Qoraqurt tepaligidan shimolroqdagi 214,2 belgigacha Amudaryo bilan, shimolda 214,2 belgidan Jarariq qishlog‘iga o‘tadigan chiziq va sharqda Qorasuv daryosi bilan chegaralangan;
Maydoni Amudaryo qirg‘og‘i bo‘ylab 14500 botmonga cho‘zilgan Sassiqko‘l postidan Quyikamar postigacha bo‘lgan Qorakamar tumani, jami 88000 ming botmon yer;
Bu yerlarning 78.000 botmoni Buxoro amirligi ixtiyoriga qarashli edi. Rossiya davlatiga qarashlisi esa 10.000 botmonni tashkil etdi. Dehqonchilik va yerlarni sug‘orish quyidagi omillarga bog‘liq edi:
1. Yer va iqlim sharoitiga; 2. Sug‘orish manbalariga; 3. Yerning sathi; 4. Ishchi kuchiga 5. Suv xo‘jaligiga. Shuning uchun ham shu omillarni yuqorida sanab o‘tilgan hududlarni sug‘orish nuqtai nazaridan o‘rganib chiqildi.
1917 yilda Rossiyada ro‘y bergan fevral va oktyabr voqealari oqibatida konsessiya ishlari keng qamrov ololmadi. Rus fuqarolari bo‘lgan joyda Rossiyaga xos bo‘lgan ichki siyosiy vaziyat, ijtimoiy ixtiloflar, qarama-qarshiliklar bo‘lib turdi. Rejalashtirilgan ishlar ish tashlashlar va stachkalar oqibatida amalga oshmay qoldi. Buning ustiga 1917 yilda misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilik bo‘ldi.
1918 yil martida F.Kolesovning Buxoroga yurishi oqibatida amirning ruslarga bo‘lgan munosabati keskinlashdi. Konsessiyaga salbiy munosabatda bo‘lgan mahalliy aholi Novshahardagi va Oqjardagi binolarni vayron qildi. Oqibatda «Sherobod konsessiyasi» amalda tugatildi. O‘lkamiz boyliklari doimo g‘araz niyatli bosqinchilarni o‘ziga jalb qilib kelgan. Har bir ijtimoiy-siyosiy muhitda bu hol turli shakllarga kirgan. «Sherobod konsessiyasi» rus mustamlakachilik siyosatining bir ko‘rinishi edi. Sherobod vohasi o‘zining unumdor tuprog‘i, qulay iqlimi va mehnatkash aholisi bilan tarixning turli bosqichlarida o‘ziga xos o‘rin egallab kelgan mintaqalar sarasiga kiradi. Sherobodning o‘zlashtirilmay yotgan bo‘z yerlarini Surxon suvi yordamida sug‘orish loyihasi o‘tgan asr boshlarida rus harbiy muhandisi A.G.Ananev tomonidan ilgari surilgan edi. Sherobod cho‘llarini o‘zlashtirish natijasida juda katta iqtisodiy foyda kelishini anglagan Turkiston general-gubernatorligi ushbu loyihani qo‘llab quvvatlab, o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun «Sherobod konsessiyasi»ni tashkil etdi. Biroq A.G.Ananevning «Sherobod yerlarini Surxon suvi yordamida sug‘orish loyihasi» chor ma’murlarining mahalliy amaldorlar bilan o‘zaro kelisholmay qolganligi, loyihaning maqsadi mahalliy aholiga to‘liq tushuntirilmaganligi bois rus ma’murlari bilan mahalliy aholi o‘rtasida ziddiyatlar va to‘qnashuvlarga sabab bo‘lganligi, shuningdek, boshlanib ketgan birinchi jahon urushining qiyinchiliklari va oktyabr to‘ntarishi oqibatida hokimiyatda yuz bergan siyosiy o‘zgarishlar tufayli amalga oshmay qoldi. Biroq, Sherobod cho‘llarini Surxon suvi yordamida o‘zlashtirish loyihasi qariyib 50 yildan keyin amalga oshdi. Sherobod cho‘llariga Surxon suvlarini keltirish maqsadida qazilgan Sherobod magistral kanali aynan A.G.Ananev loyihasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni ro‘yobga chiqardi. Natijada Sherobod cho‘lidagi minglab gektar bo‘z yerlar o‘zlashtirilib, mazkur hududda juda katta obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Biroq talonchilik va bosqinchilik borasida chorizmning bevosita davomchisi sanalgan mustabid sovet davlatining asl maqsadi mintaqada paxta yakka- hokimligini o‘rnatish, ko‘proq xom-ashyo undirib olish, o‘lka boyliklarini talash evaziga boyishdan iborat bo‘lganligi uchun ham mahalliy aholi ushbu amalga oshirilgan ishlarning samarasidan ancha bebahra qoldi. 1) Rossiya imperiyasi uzoqqa mo‘ljallangan geosiyosiy va geostrategik rejalarida Turkiston o‘lkasida «rus elementi» bilan to‘la va har tomonlama o‘zlashtirilgan, turli maqsadlarga xizmat qiluvchi (plasdarm) to‘siqni (Rossiyani tashqi agressiyadan himoya qiluvchi yoki aksincha, uning tashqi da’volariga hizmat qiluvchi) barpo qilish, hamda o‘lkani turli-tuman tabiiy boyliklar va xom ashyo zahiralarini yetkazib beradigan maskanga aylantirish ko‘zda tutilgan edi.
2) Rossiya imperiyasi Turkiston zaminining turli-tuman boyliklarini egallashni, uni Rossiyaning xom-ashyo manbaiga va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirishni ko‘zlab, paxtachilikni rivojlantirishni birinchi darajali vazifa qilib qo‘ydi.
Rossiya imperiyasi hukmronligi davrida paxta yakkahokimligining poydevori bunyod etildi. Mustamlakachilik siyosatining yanada mustahkamlanishi Rossiyadan yuz minglab kishilarni ko‘chirib keltirish imkoniyatini yaratdi.
3) O‘lkada uzoq asrlar davomida shakllanib tarkib topgan mahalliy irrigatsiya sohasi, hamda chor hukumati birinchi galdagi maqsad qilib qo‘ygan va yuqorida ko‘rsatilgan ulkan rejani tezda amalga oshirishga kirishdi. Buni yaxshi anglagan mustamlakachi ma’muriyat irrigatsiya sohasida qator uzoqqa mo‘ljallangan jiddiy islohotlarni amalga oshira boshladi. Bir qarashda bu islohotlarning boshlanishi tasodifiy yoki amaliyotda yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga qaratilgan choralar ko‘rinishida bo‘lsa-da, bora-bora mustamlakachi ma’muriyat uchun bu o‘zi o‘rnatgan unitar, bosqichma-bosqich boriluvchi va bajariluvchi, harbiy buyruqbozlikka asoslangan, boshqaruv tizimining talab va ehtiyojlariga mos keladigan, butunlay yangi irrigatsiya sohasini yoki tizimini shakllantirishi kerakligi ayon bo‘lib qoldi.
4) Rossiya imperiyasining irrigatsiya sohasida Turkistonda o‘tkazgan mustamlakachilik siyosati, birinchi navbatda yer va suvdan foydalanish bo‘yicha istilochilar manfaatlariga mos tushadigan, paxtachilikni rivojlantirishga asoslangan, uning manfaat va ehtiyojlariga javob beradigan siyosatdan boshqa narsa emas edi.

1926 yil Surxon-Sherobod vohasida dastlabki o‘nta «Qo‘shchilar uyushmasi» tashkil topdi va ularning a’zolari seni 18080 kishiga yetdi. 1926 yil Sherobod u’ezdining Ozod qishlog‘ida birinchi kolxoz «Lenin yo‘li» kolxoz tashkil etildi. Sovet hukumati qishloq xo‘jalikni rivojlantirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, irrigatsiya tarmoqlarini qurish va qayta ta’mirlash maqsadida qishloq xo‘jaligiga 107386 so‘mlik uzoq muddatli, 229614 so‘mlik qisqa muddatli qarzlar berdi. Yangidan tashkil etilgan suv xo‘jalik boshqarmasi voha suvdan foydalanuvchilari orasida targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borib, Surxondaryo suv xo‘jaligi ishchilari va suv taqsimotchilarini, miroblarni saylov asosida tayinlashni yo‘lga qo‘ydi.


Shu tariqa Surxon-Sherobod vohasida ilk bor miroblar saylovi maxsus ko‘rsatmalar asosida, ya’ni suv xo‘jaligining dastlabki uyushmalariga va miroblikka kambag‘al dehqonlar o‘rtasidan saylandi. Masalan, 1925-1926 yillarida miroblikka saylanganlarning ko‘pchiligini kam yerli va o‘rtahol dehqonlari tashkil etib, ularning soni 348 ta nafarga yetdi.
Surxon-Sherobod vohasidagi birinchi «Meliorativ o‘rtoqlik uyushmasi» 1925 yil noyabrda tashkil topdi. Ushbu uyushma yordamida 450 desyatina yerni sug‘orish uchun Qorasuv irrigatsion tizimini tiklash maqsadida Oqqo‘rg‘on kentining Novshahar qishlog‘i aholisi ommaviy hasharga jalb etildi.
1926 yilda Surxon vohasining 37,2 ming dehqon xo‘jaligida 25800 dona omoch, 11626 dona ketmon, 158 ta ot plugi, 77 dona temir barona, 30307 dona bel, 38271 dona o‘roq, 5415 dona shoxa bo‘lib, ushbu mehnat qurollari bilan dehqonchilik ishlari qilingan va yangi yerlar o‘zlashtirilib, sug‘orish ishlarida foydalanilgan. Sovet hukumati o‘zining agrar sohadagi siyosatini amalga oshira borib, Surxon-Sherobod vohasida yangi yerlarni o‘zlashtirish va sug‘orish inshootlarini qurish uchun 1926 yilda 6 dona, 1927 yilda esa 13 dona traktor olib keldi.
1926 yilda Jarqo‘rg‘on «Meliorativ o‘rtoqlik uyushmasi»ning kuchi bilan Zang kanalining bosh qismini tiklash bo‘yicha ancha ishlar amalga oshirilib, 800 gektar yangi yer o‘zlashtirildi. 1927 yilda Termiz kanalining bosh qismida qayta tiklash ishlari amalga oshirilib, Surxon daryosida damba qurilishi natijasida, Manguzar va Arpapoyada 2 gidrometrik suv taqsimlagich o‘rnatildi. Shuningdek, Surxondaryo bo‘yidagi Jaloir va Oqtepa ariqlari hamda Jarqo‘rg‘on-Zang to‘g‘oni qurilib ishga tushirildi. Surxon-Sherobod hududidagi yerlarni o‘zlashtirish, irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini vujudga keltirish va nazorat qilish maqsadida 1926 yilda Sherobodda birinchi agromarkaz tashkil etildi. Ushbu irrigatsiya-melioratsiya agromarkazida 12 ta paxtachilik, 5 ta bedachilik hududlari tuzilib, ularning ixtiyoriga 3 ta traktor berildi. Sherobod irrigatsiya va melioratsiya tarmog‘i Sheroboddaryo va Amudaryodan hamda tog‘ chashmalaridan suv olgan. 1926 yilda Sherobod daryodan olingan suv tizimi orqali 591 kilometr masofadagi 28 ta magistral ariqqa suv taqsimlangan. Shuningdek Amudaryo tizimidan 49 kilometr uzunlikdagi 6 ta ariqqa, tog‘ buloqlari tizimidan esa 342 kilometr li uzunlikdagi 50 ta ariqqa suv olingan.
1926-1927 yillarda ekin maydonlarini kengaytirish bo‘yicha kattagina ishlar amalga oshirildi. 1926 yil oxirida esa yangi yerlarni o‘zlashtirish maqsadida, Termiz kanalining bosh qismi qayta ta’mirlanib, Termiz-Yurchi botqoqlarini quritish bo‘yicha talay ishlar amalga oshirildi.
XX asrning 20-yillarida Surxondaryoning «Meliorativ o‘rtoqlik uyushmalari» tashabbusi bilan kambag‘al va o‘rta hol dehqonlar «Qo‘shchi uyushmasi»ga birikdilar. 1927 yilda «Qo‘shchi uyushmasi» a’zolari soni 18 ming nafarga yetdi. Sovet hukumati yangi yerlarni o‘zlashtirishda irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini qurish va markaz sanoatining paxtaga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, 1927-1928 yillarda uzoq muddatga mo‘ljallab qishloq xo‘jaligi uchun 540752 so‘m, qisqa muddatga mo‘ljallab esa 434165 so‘m mablag‘ ajratdi. 1928 yilda Surxon-Sherobod okrugiga yer-suv islohotini tezroq amalga oshirish maqsadida 23 ta traktor ajratdi. Shuningdek, 1928 yil okrugda kolxozlar sonini 30 taga yetkazib, ularning iqtisodiy qudratni oshirish uchun 104 ming so‘mlik 14 ta traktor, 199 ta ot pulugi, 88 ta ot seyalkasi, 64 ta ot baronasini berdi.
Yersiz va kam yerli dehqonlarni o‘ziga biriktirgan «Meliorativ o‘rtoqlik uyushmasi» va «Qo‘shchi uyushmasi», 1927-1929 yillarda nafaqat irrigatsion ishlarni, balki Surxon-Sherobod vohasida yer-suv islohatini o‘tkazishda ham ilg‘or qatnashdi. O‘lkadagi yer-suv islohoti boy va o‘rtahol dehqonlarning yer mulkini tortib olish va musodara qilish orqali amalga oshirildi. Jamoalashtirish jarayoni Sovet hukumati tomonidan adolatsiz, zo‘ravonlik, surgun va badarg‘a qilish, shuningdek, mahalliy xalq ommasini milliy va ma’naviy jihatdan ezish usullari bilan amalga oshirildi. Sovet hukumatining jamoalashtirish siyosati mahalliy aholini qo‘rquv va vahimaga soldi, oqibatda ular o‘z xo‘jaliklarini tashlashga, yer maydonlarini qarovsiz holda qoldirishga va chorva mollarini esa so‘yib yoki bozorga arzon garovga sotishga majbur bo‘ldilar. Jamoalashtirish davrida yuz bergan bunday adolatsizlik, zo‘ravonlik va odamlarning qadr-qimmatini oyoqosti qilish, xalq ommasi noroziligining mislsiz darajada kuchayishiga sabab bo‘ldi. Sovet hukumatining amalga oshirgan qatag‘onlik siyosati Surxon-Sherobod vohasini ham chetlab o‘tmadi.
Qishloq xo‘jaligini jamoalashtirish yillarida Surxondaryoda yer-suv islohoti tufayli yirik yer egalaridan 7 ming gektar hosildor yerlar va 1,5 ming bosh mol musodara qilindi va ularning boshqa mol-mulklari tortib olindi. Sovet hukumati 1927 yilda jamoalashtirishni ommaviy ravishda sun’iy tarzda tezlashtirib, o‘z siyosatini xaspo‘shlash maqsadida qashshoq mahalliy aholiga qisman yer berish, yersiz dehqonlarni o‘z siyosatiga bo‘ysundirish yo‘lini tutdi. Shu tariqa Surxon-Sherobod hududidan 4,5 ming kam yerli va yersiz batraklarga yer tarqatilib, irrigatsiya va melioratsiya ishlari ancha kengaytirildi.
Irrigatsiya tizimlarini tiklash va yerlarning suv bilan ta’minlanishini yaxshilashga qaratilgan ishlar natijasida, 1928 yilda ekin maydonlari 65 ming gektarga yetdi. Shu jumladan, paxta maydoni 12,5 ming gektarni tashkil etdi. Yangi yerlarni o‘zlashtirish va sug‘orish tizimini yaxshilash uchun 1928 yilda Surxon-Sherobod vohasiga 28 dona traktor keltirildi va qo‘shimcha 400 gektar yer o‘zlashtirildi. Traktorchilar tayyorlash kursida esa 92 ta mutaxassis tayyorlandi.
Mavjud meliorativ xo‘jaliklar va «Qo‘shchi uyushmasi» tomonidan Surxon-Sherobod vohasida koxozlarni tashkil etishga jiddiy kirishildi. 1926 yilda Sherobod uezdida dastlabki qishloq xo‘jalik arteli tuzildi. Keyinchalik ular Pattakesar va Jarqo‘rg‘on hududlarida ham tashkil etildi. Sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan yer-suv islohoti mahalliy aholining jiddiy qarshiligiga duch keldi. 1929 yildan e’tiboran, jamoalashtirishni zo‘ravonlik asosida ya’ni sun’iy tarzda tezlashtirish boshlandi. Bunga I.V.Stalinning 1929 yil 7 noyabr kuni «Pravda» gazetasida e’lon qilingan «Buyuk burilish yili» maqolasi sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng yangi yerlarni o‘zlashtirish, sun’iy sug‘orish tizimini kengaytirib, yangi sug‘orish inshootlarini ishga tushirish sohasida ma’lum tadbirlar amalga oshirildi. Chunki Sovet hukumati paxtaga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida jiddiy yondoshib, yangi yerlarni o‘zlashtirish va sug‘orish inshootlarini qurish zarur ekanligini anglab yetgan edi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda sug‘orish ishlarini rivojlantirish maqsadida quyidagi aniq vazifalar va tadbirlar ishlab chiqildi:
- Sug‘oriladigan yer maydonlarini kengaytirish uchun yangi sug‘orish tizimlarini vujudga keltirish va suv resurslarini o‘rganish;
- Irrigatsiya va melioratsiya ishlarini boshqaradigan yagona boshqaruv tashkilotini shakllantirish, «Qo‘shchi uyushmasi»ning kambag‘al a’zolarini mayda sug‘orish tarmoqlari ishiga jalb etish;
- Meliorativ shirkatlar va artellar tuzish, irrigatsiyaga doir malakali texnik xodimlar, shu jumladan, mahalliy aholidan mutaxassislar tayyorlash masalasiga etibor berish va hakazo;
Sovet hukumatining jamoalashtirish ishiga jiddiy e’tibor berilishi natijasida 1930 yilda Surxon-Sherobod vohasida 250 ta kolxoz tashkil etildi va qishloq xo‘jaligida texnika ta’minotini yaxshilash maqsadida birinchi mashina traktor stansiyasi (MTS) tashkil qilinib, unda 750 ot kuchiga teng traktorlar quvvati birlashtirildi.
Surxon-Sherobod vohasidagi irrigatsiya qurilishning eng muhim bosqichi 1930-1940 yillarda amalga oshirildi. Bu davrda asosiy irrigatsiya va melioratsiya ishlari sug‘oriladigan yerlarni qayta ishlash va ularni injener va yarim injener tipidagi suv xo‘jalik inshootlari bilan ta’minlashga qaratish yo‘li bilan olib borildi.
XX asrning 30-yillarida Jarqo‘rg‘on rayoniga qarashli yerlarni sug‘oradigan Zang kanali, Termiz rayonidagi Yangi ariq kanali, Denov rayonidagi Daytulak kanallarini qayta qurishdek yirik irrigatsiya tadbirlar amalga oshirildi.
Bu davrning eng yirik irrigatsiya qurilishi Hazarbog‘ va Qumqo‘rg‘on kanallari qurilishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Bu kanallar Surxon vohasida tashkil topgan ilk sovxozlarni suv bilan ta’minladi. Surxon-Sherobod cho‘llarida irrigatsiya shoxobchalarini kengaytirish va takomillashtirish sohasidagi ishlarni amalga oshirish uchun markazdan ko‘plab mutaxassislar, xususan muhandislar, irrigatorlar va boshqa kasbdagi xodimlar jalb etildi. Markazdan kelgan mutaxassislar mavjud kanalni kengaytirish va uzaytirish, yangi suv tarmoqlarini qurish ishlari bilan shug‘ullanishib, sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlanishi va yemirilishiga qarshi katta meliorativ ishlarni olib bordilar. 1930 yilda Sheroboddagi eski «Istara», «Tallashqon», «Angor» ariqlari qayta ta’mirlanib, ushbu ariqlardan sug‘orish uchun yangi shoxobchalar ishga tushirildi.
Vohadagi irrigatsiya qurilishlari uchun ajratilgan mablag‘lar yildan-yilga oshib bordi. Masalan, Surxon-Sherobod vohasidagi irrigatsiya ishlari uchun birinchi besh yillikda ajratilgan mablag‘lar 1,4 mln so‘mni tashkil qilgan. Shuningdek Surxon-Sherobod cho‘llarini o‘zlashtirish maqsadida sug‘orish tarmoqlari kengaytirilib, yangi kanallar qurish loyihalari ishlab chiqildi va melioratsiyaga oid tadbirlarni amalga oshirishga jiddiy kirishildi. Sherobodning Istara arig‘i tarmog‘ini 10 chaqirimga uzaytirish hamda ariqni loyqalardan tozalash tufayli, ming gektar yangi yer ochildi. 1928-1930 yillarda Surxon-Sherobod cho‘llarini o‘zlashtirish ishlari keng miqyosda olib borilib, yangidan ochilgan yer maydonlari 10 ming gektarga yetkazildi va sug‘orish tarmoqlari esa 20 kilometrga uzaytirildi. Biroq Surxon-Sherobod vohasi yerlarini o‘zlashtirish davrida amalga oshirilgan melioratsiya ishlari mukammal muhandislik talablari asosida bajarilmaganligi tufayli «Istara» arig‘i suv sig‘imiga bardosh bera olmay aholi manzilgohlariga jiddiy xavf soldi. Ariqda suvning toshib ketishi, natijasida sel davrida Chorvador, Arab, Bandixon qishloqlari aholisi jiddiy talofatlar ko‘rdi.
Mustabid tuzum 1931-1932 yillarda Surxon-Sherobod vohasida paxta yetishtirishni ko‘paytirish, hamda yangi yerlarni o‘zlashtirish uchun mashina-traktor stansiyalari (MTS)ni tashkil etishga jiddiy e’tibor berib, 1930 yil bahorida 1-Denov MTS tashkil etildi va ushbu MTSga 750 ot kuchiga ega bo‘lgan traktorlar berildi. 1931-1932 yillarda Surxon-Sherobod vohasida 2-Denov, Uzun, Sho‘rchi, Angor, Tallimaron, Beshqo‘ton MTSlari ham tashkil etildi. Sovet hukumati Surxon-Sherobod vohasida paxtachilikni rivojlantirishda erishilgan yutuqlarni hisobga olib, 1932 yilda Sherobod uezdini «Mehnat Qizil Bayroq ordeni» bilan mukofotladi. Yangi yerlarni o‘zlashtirish, sug‘orish tizimini qurish uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash maqsadida 1938 yil Termiz shahrida, 1939 yilda esa «Hazarbog‘» sovxozida mexanizatsiya bilim yurtlari tashkil etildi. 1938 yilda esa Denovda motor-remont zavodi qurib ishga tushirildi.
O‘tkazilgan irrigatsiya-melioratsiya tadbirlari natijasida, 1930 yilda Surxon-Sherobod vohasida sug‘oriladigan yerlar maydonlari 65 ming gektarga, 1940 yilda esa 104 ming gektarga ko‘paydi. Vohada paxta maydonlari yildan-yilga ortib borib, 1928 yil paxta maydonlari 12,5 ming gektar bo‘lgan bo‘lsa, 1940 yilda kelib esa bu ko‘rsatkich 50 ming gektarga yetdi.
1939-1941 yillar davomida O‘zbekistonda yirik irrigatsion qurilishlar amalga oshirilib, suv uchun ikki yillik kurash natijasida 63 ming m3 yer ishlari bajarildi, sug‘orish shahobchalarida esa 153 ming m3 beton ariq va kanallarga yotqizildi. Surxon-Sherobod dashtliklardagi melioratsiya shaxobchalarining zaifligi kanal va ariqlarning sayozligi, oqibatda haddan tashqari ko‘p suvning isrof bo‘lishiga, yerning botqoqlanishi va sho‘rlanishiga olib keldi. Shu sababli sug‘orish tizimini tubdan qayta qurish maqsadida 1930-yillarda Sovet hukumati quyidagi ishlarni amalga oshirishga kirishdi:
- Melioratsiya shoxobchalarini qayta qurish, ularni chuqurlashtirish, kengaytirish va botqoqlangan yerlarni yo‘qotish;
- Sho‘rlangan va zaxlagan yerlarda zovur qazish, irrigatsiya va melioratsiya ishlarini rejali asosda olib borish, uzoq muddatga mo‘ljallangan sug‘orish tizimi loyihalarini ishlab chiqish;
Sovet hukumati davrida paxtachilikni rivojlantirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, sug‘orish tizimini yaxshilash masalasida amalga oshirilgan ishlar Markaz sanoati manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirildi. Mahalliy aholining manfaatlari hisobga olinmadi, jamoalashtirish siyosati natijasida Sovet hukumati ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda quyidagi qator xatolarga yo‘l qo‘ydi:
-Sovet hukumati chorizmning mustamlakachilik siyosatini davom ettirib, milliy chekka o‘lkalarning, jumladan O‘zbekistonning tabiiy resurslarini talon-taroj qilib, undan xom-ashyo bazasi sifatida foydalandi;
-Xalq xo‘jaligining barcha sohalarida, xususan qishloq xo‘jaligini yuritish borasidagi mahalliy aholining an’analari, tajriba va usullaridan foydalanilmadi. Sug‘orilish va yangi yerlarni o‘zlashtirish masalasida mahalliy shart-sharoitlar hisobga olinmay, faqat Markazning qonun qoidalari va qarorlariga ko‘r ko‘rona bo‘ysunish tufayli, katta salbiy oqibatlar va ziddiyatli holatlar vujudga keldi;
-O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida an’anaviy dehqonchilikdan voz kechilib, paxta yakkahokimligiga e’tibor berilishi natijasida yerning meliorativ holati tobora yomonlashib, yerning sho‘rlanishi, zax bosishi ommaviy jamoalashtirish davridayoq boshlangan edi.
Sovet hukumati Surxon-Sherobod vohasida yangi yerlarni o‘zlashtirish, melioratsiya va irrigatsiya ishlariga jiddiy e’tibor berib, Markaz sanoatining paxtaga bo‘lgan talabini qondirishga diqqatini qaratdi. Natijada 1941 yilda Surxon-Sherobod vohasida 47 ming gektar yerga paxta ekilib, hosildorlik 22,6 sentnerga yetkazildi va 135 ming tonna paxta davlatga topshirildi.

Download 1.08 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   43




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling