ANTRATSEN UNUMLARINING TIBBIYOTDA ISHLATILISHI
Antratsen unumlari bor mahsulotlar va ulardan tayyorlangan dori turlari tibbiyotda surgi sifatida ishlatiladi. Ular yo‘g‘on ichakka ta’sir etib, uning qisqarishini kuchaytiradi. Antraglikozidlar ta’siri dori ichgandan so‘ng 8–10 soatdan keyin seziladi. Aglikonlar o‘z glikozidlariga qaraganda kuchsizroq ta’sir etadi.
Alizarin va uning unumlarining siydik haydash hamda buyrak, siydik yo‘llari va qovuqdagi toshlarni erituvchi ta’sirga ega ekanligi aniqlanadi. SHuning uchun tarkibida bu birikmalar bo‘lgan dori turlari organizmdagi oksalat, fosfat hamda urat birikmalaridan iborat bo‘lgan toshlarni eritish va siydik haydash uchun qo‘llaniladi.
32- amaliy mashg‘ulot. Antratsen unumlarini saqlovchi dorivor o‘simliklarning mikroskopik tuzilishini o‘rganish
SANO BARGI VA MEVASI – FOLIA ET FRUCTUS
(FOLLICULI) SENNAE
Mahsulotning mikroskopik tuzilishi. Ishqor eritmasi bilan yoritilgan bargning tashqi tuzilishi (ajratib olingan epidermis) mikroskop
ostida ko‘riladi (1- rasm).
Barg izolateral tipda tuzilgan bo‘lib, har ikki tomonida, ya’ni yuqorigi va pastki epidermis ostida qoziqsimon to‘qima joylashgan. Barg epidermisining hujayralari ko‘p burchakli va to‘g‘ri devorli bo‘ladi. Epidermisda radius bo‘yicha joylashgan va 6–10 ta hujayradan tashkil topgan rozetkalar uchraydi. Rozetka markazidagi hujayraga – valikka (o‘simtaga) tuk o‘rnashgan bo‘ladi. Tuklar juda ko‘p, bir hujayrali, kalta, ko‘pincha bir oz o‘roqsimon egilgan, qalin devorli, ustki tomoni so‘gal bilan qoplangan. Ko‘pincha ular tushib ketib, o‘rni – valik yumaloq shaklda va ko‘p hujayrali rozetka bilan o‘ralgan holda ko‘rinadi (mahsulotga xos). Bargning har ikkala tomonida ustitsalar bo‘ladi. Bargda druz shaklidagi kristallar uchraydi. Barg tomirlari romb yoki prizma shaklidagi kristalli hujayralar bilan o‘ralgan.
1- rasm. Sano bargining tashqi ko‘rinishi:
– bargning yuqori epidermisi; B – bargning patski epidermisi; 1 – kristallar bilan qoplangan barg tomiri; 2 – druzlar; 3 – tuklar; 4 – tuk o‘rni.
Do'stlaringiz bilan baham: |