Koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekiston aholisining daromadlari qanday o‘zgardi?
Aholining umumiy daromadlari — majburiy to‘lovlar va boshqa ajratmalarni amalga oshirgunga qadar bo‘lgan yalpi daromadni ifoda etadi. Aholining umumiy daromadiga pul daromadlari va natural shaklidagi daromadlar kiradi hamda doimiy asosda, takrorlanuvchi xususiyatga ega bo‘lgan, yillik yoki undan kam vaqt oralig‘idagi davrda uy xo‘jaligi yoki uning alohida a’zolariga tushadigan tushumlardan tarkib topadi.
«Aholi daromadlari bo‘yicha real o‘sish sur’atlarini hisoblashda narx omillari ta’sirini chiqarib tashlash maqsadida inflyatsiya ko‘rsatkichlarining asosiy turlaridan biri — iste’mol narxlari indeksidan (INI) foydalaniladi. Iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 2,6 foizni tashkil etdi (o‘tgan yilning uchta choragi bo‘yicha pasayish 0,3 foizga teng edi)», — deyiladi Statqo‘m xabarida.
2020 yilning 12 oyi davomida aholi jon boshiga umumiy daromadlar 11,7 million so‘mni tashkil etgan, real o‘sish — 0,7 foiz, bu 2019 yilgi ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada past (5 foiz).
2020 yilning yanvar—dekabr oylarida aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi Toshkent shahrida (23,5 million so‘m) hamda Navoiy (19,2 million so‘m), Buxoro (14,4 million so‘m), Toshkent (12,5 million so‘m) va Xorazm (12 million so‘m) viloyatlarida respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatilgan.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi eng quyi ko‘rsatkichlari Farg‘ona (8,7 million so‘m) hamda Namangan (9 million so‘m) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,1 million so‘m) qayd etilgan.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Navoiy viloyati (6 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (4 foiz), Samarqand (3,7 foiz) va Toshkent (3,4 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Shu bilan birga, aholi jon boshiga real daromadlarning pasayishi quyidagi viloyatlarda kuzatilgan: Sirdaryo — 2,4 foiz (2019 yilda o‘sish 7,1 foiz), Andijon — 2,2 foiz (+4,5 foiz), Farg‘ona — 1,7 foiz (+1 foiz) viloyatlarida va Toshkent shahrida — 1,2 foiz (+13,2 foiz).
Do'stlaringiz bilan baham: |