65-modda. Sudyaga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik
Davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalarni hurmat qilishi va ularning mustaqilligi prinsipiga rioya etishi shart.
Sudyaga hurmatsizlik qilish, xuddi shuningdek uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlar qilish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
66-modda. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi
Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muayyan ishni har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilish yoki g‘ayriqonuniy sud hujjati chiqarilishiga erishish maqsadida sudyalarga qanday bo‘lmasin ta’sir ko‘rsatish qonunga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasi.
Sudyadan ko‘rilgan yoki ish yuritishidagi ishlar mohiyati bo‘yicha biron-bir tushuntirishlar berishni talab qilish, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari, kimga bo‘lmasin, tanishib chiqish uchun ishlarni taqdim etish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari o‘z xabarlarida muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan o‘zicha hal qilib qo‘yishga yoki sudga qanday shaklda bo‘lmasin ta’sir ko‘rsatishga haqli emas.
10-bob. Sudyalarni saylash va tayinlash
67-modda. Sudyalik lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar
O‘ttiz besh yoshga to‘lgan, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishi mumkin.
Quyidagilar sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishi mumkin emas:
jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs;
ilgari sudlangan yoki o‘ziga nisbatan jinoyat ishi reabilitatsiya qilmaydigan asoslar bo‘yicha tugatilgan shaxs;
chet davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi yashash guvohnomasiga yoxud boshqa hujjatga ega bo‘lgan shaxs;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb e’tirof etilgan shaxs;
psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxs;
sudyaning vakolatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan boshqa kasallikka chalingan shaxs.
Do'stlaringiz bilan baham: |