85-modda. Sudyalarning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ularga beriladigan kafolatlar
Vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinadi.
Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
86-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning sudyalarga nisbatan amal qilishi
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik sudyalarga nisbatan ushbu Qonunda tartibga solinmagan munosabatlarga oid qismida tatbiq etiladi.
87-modda. Sudyalarning pensiya ta’minoti
Sudyalarning pensiya ta’minoti qonunchilikda belgilanadi.
14-bob. Yakunlovchi qoidalar
88-modda. Sud apparati
Sud apparati sudning odil sudlovni amalga oshirish, sud amaliyotini umumlashtirish, sud statistikasini tahlil qilish, shuningdek sudning boshqa vazifalarini bajarishga doir ishlarini ta’minlaydi.
Sud apparati xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi tomonidan belgilanadigan tartibda attestatsiyadan o‘tadi.
Sud apparati xodimlariga mansab darajalarini belgilash va berish tartibi ushbu Qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
89-modda. Sudlarning tuzilishi va shtatlari
O‘zbekiston Respublikasi sudlarining tuzilmasi va shtat birligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Sudlarning shtatlar jadvali O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti (bundan buyon matnda Departament deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi zarur bo‘lgan hollarda sudlarning shtatlar jadvaliga shtat birligi va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |