17-modda. Undiruvni ishtirokchining shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratish
Ishtirokchining o‘z qarzlari bo‘yicha undiruvni uning shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratishga ishtirokchining boshqa mol-mulki qarzlarini qoplash uchun yetishmagan taqdirda faqat sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Bunday ishtirokchining kreditorlari shirkat mol-mulkining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) qarzdorning ulushiga to‘g‘ri keladigan qismini, undiruvni ana shu mol-mulkka qaratish maqsadida, ajratishni talab qilishga haqlidirlar. Shirkat mol-mulkning ajratilishi lozim bo‘lgan qismi yoki uning qiymati kreditorlar tomonidan ajratish to‘g‘risidagi talabnoma taqdim etilgan paytdagi holatga ko‘ra tuzilgan balans bo‘yicha aniqlanadi.
Shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ishtirokchining ulushiga to‘g‘ri keladigan mol-mulkka undiruvni qaratish uning shirkatdagi ishtirokini tugatadi va ushbu Qonun 21-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.
18-modda. Shirkatda boshqaruv
Ishtirokchilarning umumiy yig‘ilishi shirkatning oliy boshqaruv organi hisoblanadi. Shirkat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
shirkat faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
shirkatni qayta tashkil etish va tugatish;
ta’sis shartnomasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;
shirkat foydasini (zararlarini) uning ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirish va kamaytirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
yillik hisobotlarni va yillik buxgalteriya balanslarini tasdiqlash;
shirkatning ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal qilish.
Shirkat faoliyatini boshqarish uning barcha ishtirokchilarining umumiy kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Shirkatning ta’sis shartnomasida qaror ishtirokchilarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadigan hollar nazarda tutilishi mumkin.
Shirkatning har bir ishtirokchisi, agar ta’sis shartnomasida ishtirokchilar ovozining sonini aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, bir ovozga ega bo‘ladi.
Shirkatning har bir ishtirokchisi, u shirkatning ishlarini yuritishga vakolatli yoki vakolatli emasligidan qat’i nazar, ishlarni yuritishga doir barcha hujjatlar bilan tanishishga haqlidir. Bunday huquqdan voz kechish yoki uni cheklab qo‘yish, shu jumladan shirkat ishtirokchilarining kelishuviga binoan cheklab qo‘yish haqiqiy emas.
Shirkatning joriy faoliyatini boshqarish maqsadida ta’sis shartnomasida shirkatning ijro etuvchi organini tuzish nazarda tutilishi mumkin. Ijro etuvchi organni tuzish va uning vakolatlari, uning a’zolariga haq to‘lash tartibi shirkatning ta’sis shartnomasi hamda boshqa hujjatlari bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |