Tabiiy ofatlar, avariya va halokat oqibatlarini bartaraf etishda qutqaruv va boshqa shoshilinch ishlarni tashkil etish va o`tkazish. Favqulodda holatlar muammosi juda keng ko`lamli bo`lib, quyida uning hayot faoliyat xavfsizligi fani bilan bog’liq bo`lgan tomonlariga to`xtalib o`tamiz. Tabiiy ofatlar, sanoat avariyalari va transport halokatlari, urush holatida dushman tomonidan turli xil qiruvchi qurollarni ishlatilishi favqulodda holatlarni keltirib chiqaradi. Favqulodda holatlar - kutilmaganda, qo`qqisdan sodir bo`luvchi, aholining hayot faoliyatiga katta salbiy ta`sir etuvchi, amalda o`rnatilgan jarayonlar turg’unligini buzilishiga, iqtisodga, ijtimoiy sohaga va tabiiy muhitga ta`sir etuvchi holat va hodisalardir. Har qanday favqulodda holatlar o`zining fizik mohiyatiga ega bo`lib, ular bir-biridan favqulodda holatlarga olib keluvchi sabablari, turi, harakatlanuvchi kuchi, rivojlanish xarakteri, insonga va u faoliyat ko`rsatuvchi muhitga ta`sir etish xarakteri bilan farq qiladi. SHunga mos holda, favqulodda holatlar o`zining bir necha belgilari asosida tasniflanishi, sistemalashtirilishi mumkin. Ular genezis xarakteriga (favqulodda holatlarni hosil bo`lish sabablariga ko`ra), rivojlanish sur`atiga, xavfni (tarqalish tezligi) va favqulodda holatlar oqibatlari og’irligini hisobga olgan holda, zarar keltiruvchi omillarini tarqalish masshtabiga ko`ra tasniflanadi. Favqulodda holatlar yuzaga kelish sabablariga ko`ra tabiiy ofatlar, texnogen halokatlar, antropogen va ekologik halokatlar va ijtimoiy - siyosiy mojarolar ko`rinishida bo`lishi mumkin. Tabiiy ofatlar - xavfli tabiiy hodisalar va jarayonlar bo`lib, ular favqulodda yuz berib, insonlarning kundalik hayot tarzini buzilishiga, qurbonlar sodir bo`lishiga, moddiy boyliklarni yo`qotilishiga olib keladi. Ularga er qimirlashlar, suv bosimlar, vulqonlar, tsunami (okeanda suv osti zilzilasi yoxud vulqonlarning otilishidan hosil bo`ladigan ulkan to`lkinlar), sel oqimlari, bo`ronlar, o`rmon va torf yong’inlari, qor bosishlari, tosh ko`chishlari, qurg’oqchilik, uzoq muddatli yog’ingarchilik, qattiq sovuq, epidemiya, o`rmon va qishloq xo`jaligi zararkunandalarining ommaviy tarqalishi kabilar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |