26-modda. Moliyaviy hisobotni e’lon qilish. Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning yillik moliyaviy hisoboti manfaatdor banklar, birjalar, investorlar, kreditorlar, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shaxslar uchun ochiqdir.
Aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek sug‘urta tashkilotlari, banklar, jamoat fondlari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tashkilotlar har yilgi moliyaviy hisobotni aksiyadorlarning yoki buxgalteriya hisobi sub’yekti boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin auditorlik xulosasi bilan birga e’lon qilishi shart.
Ushbu modda o‘ziga nisbatan qonun hujjatlarining boshqa talablari belgilangan buxgalteriya hisobi sub’yektlarining moliyaviy hisobotiga tatbiq etilmaydi.
27-modda. Tugatish chog‘idagi moliyaviy hisobot. Xo‘jalik yurituvchi sub’yektni tugatish chog‘ida yakuniy moliyaviy hisobot tuziladi.
Tugatish bo‘yicha operasiyalarni hisobga olish, tugatish balansini va hisobotni tuzish, aktivlar qiymatini aniqlash yuzasidan javobgarlik tugatish komissiyasining (tugatuvchining) zimmasiga yuklatiladi.
Umidsiz qarzlar va zararlar tugatish balansiga kiritilmaydi.
Tugatish balansida majburiyatlar uni tuzish sanasida hisoblangan foizlari bilan aks ettiriladi.
28-modda. Buxgalteriya axborotining maxfiyligi. Buxgalteriya hisobini yuritishda maxfiylikka rioya qilinadi. Buxgalteriya hisobi registrlarining mazmuni bilan tanishishga buxgalteriya hisobi sub’yekti rahbarining ruxsatiga ko‘ra yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Buxgalteriya hisobi registrlari bilan tanishishga ruxsat olgan shaxslar maxfiylikni saqlashi shart. Maxfiylikni buzganlik qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
29-modda. Buxgalteriya hujjatlarini saqlash. Boshlang‘ich hisob hujjatlari, buxgalteriya hisobi registrlari, moliyaviy hisobot va boshqa hisobotlar, shuningdek buxgalteriya hisobini tashkil etish hamda yuritish bilan bog‘liq boshqa hujjatlar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida, biroq hisobot yilidan keyin kamida besh yil buxgalteriya hisobi sub’yekti tomonidan saqlanadi.
Buxgalteriya hujjatlarini olib qo‘yish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
30-modda. Buxgalterlarning jamoat birlashmalari. Buxgalterlar umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalterlarning jamoat birlashmalarini tuzish huquqiga ega.
31-modda. Nizolarni hal etish. Buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobotni tuzish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
32-modda. Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik. Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi qonunining qoidalarini buxgalteriya hisobining yagona uslubiy tamoyilari asosida rivojlantirilgan buxgalteriya hisobi milliy standartlari qo‘llaniladi. Buxgalteriya hisobi milliy standartlari qonunga zid bo‘lmasligi va uning uslubiy taminotinirivojlantirishi lozim. Hozirgacha 24 ta BHMS ishlab chiqilgan va amaliyotda qo‘lanilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |