1-Ma’ruza. Geosiyosat fanining ob’ekti, predmeti va vazifalari
Tashqi kuchlarning Markaziy Osiyodagi manfaatlari
Download 0.89 Mb.
|
geosiyosat
Tashqi kuchlarning Markaziy Osiyodagi manfaatlari
Markaziy Osiyo Yevrosiyoning bir nechta katta davlatlariga geografik jihatdan yaqin joylashganligi uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Shu bois, «Katta O‘yin» nazariyasiga binoan, Markaziy Osiyo tashqi kuchlar uchun talash ob’ekti bo‘lib, ko‘p marta bo‘lingan, qo‘shib olingan, xalqaro siyosat maydonidan g‘oyib bo‘lgan va yana vujudga kelgan. «Katta O‘yin» atamasini ilk bor Artur Konnoli tomonidan Britaniya va Rossiya imperiyasining Markaziy Osiyoda gegemonlik uchun strategik raqobatiga nisbatan qo‘llagan edi. Dunyo siyosiy sahniga, geosiyosiy munosabatlariga Markaziy Osiyo mintaqasi - Yevroosiyoning markaziy qismlaridagi hudud ham kirib keldi. Nemis siyosatshunosi Uve Xalbaxning ta’kidlashicha, “G‘arb uchun Rossiya, Pokiston yoki Eronning O‘rta Osiyo mintaqasidagi ekspansiyasi emas, balki bugungi kunda u yerdagi siyosiy va harbiy bo‘shliq bevosita xavf tug‘dirishi mumkin. Mintaqada tartibning yo‘qligi bu xatarni shunday kuchaytirdiki, pirovardida AQSh yoki NATO u yerda xavfsizlikni ta’minlash uchun sobiq Yugoslaviyadagiga o‘xshash juda qimmat, uzoq muddatli va mashaqqatli vazifa domiga tortilishi mumkin. Tan olish kerakki, mintaqada kuchli va barqaror O‘zbekistonning yetakchi roli bo‘lmas ekan, G‘arbning bu yerdagi manfaatlarini ta’minlab bo‘lmaydi”. Hozirgi paytda Markaziy Osiyo mintaqasi geosiyosiy, geoiqtisodiy jarayon markaziga aylandi. Buni biz so‘nggi vaqtlarda kechayotgan voqeiliklar misolida ko‘rib turibmiz. Ayniqsa mintaqada yirik energetika zahiralari topilayotgani eng asosiysi mintaqa yirik geosiyosiy kuch markazlarining kesishgan manfaatlari nuqtasida joylashganligi (G‘arb davlatlari, Rossiya, AQSh, Xitoy, Xindiston, Pokiston, Eron, Turkiya) so‘nggi paytlarda geosiyosiy kurashni turli shakllarda keskinlashuviga sabab bo‘lmoqda. Shu o‘rinda bir fikrni ta’kidlab o‘tmoq kerak. AQShlik ekspertlarning fikricha, Markaziy Osiyo ustidan nazorat o‘rnatish ushbu mintaqaga tutash bo‘lgan zonalar, chunonchi, Kasbiy havzasi, Janubiy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq, Rossiya va Xitoyga bevosita ta’sir o‘tkazish, kerak bo‘lsa ular ustidan nazorat o‘rnatish imkoniyatini yaratadi. Yuqoridagi tamoyillarga tayangan holda tadqiqotchilar Markaziy Osiyo mintaqasida “Katta o‘yin” qaytadan avj olishini ta’kidlab o‘tadilar. Ular bu kabi fikrlarni bildirar ekanlar, qator davlatlarning geosiyosiy jihatdan maqsadlari Yevrosiyo qit’asining markaziy qismi hisoblanmish Markaziy Osiyoni o‘z ta’sir doiralariga kiritish bo‘lsa, geoiqtisodiy yo‘nalishda esa mintaqada mavjud resurslar va transport aloqalari ustidan nazorat o‘rnatishga intilishlarini aytib o‘tadilar. Mintaqaviy xavfsizlik tizimini yaratish keyingi o‘n yillikdagi eng muhim mavzulardan biri bo‘lib qoldi. Ushbu mavzu nafaqat nazariy, balki ko‘proq amaliy ahamiyatga ega ekanligi xalqaro munosabatlarda uning dolzarbligini yanada kuchaytiradi. Chunki sho‘ro tizimi hamda Varshava shartnomasining parchalanishi oqibatida Yevroosiyo qit’asida ko‘plab yangi davlatlarning paydo bo‘lishi, yer yuzidagi eng ulkan qit’ada kuchlarning strategik muvozanatining qaytadan taqsimlanishini taqozo etdi. Rossiya ulkan hududini saqlab qolgan bo‘lsada, qudratli saltanatdan mintaqaviy darajadagi davlatga aylandi va bugungi kunda o‘zining ilgarigi qudratini tiklashga urinmoqda. Markaziy Osiyoga chegaradosh bo‘lgan Xitoyning nafaqat harbiy balki iqtisodiy qudrati ham keskin kuchayib ketdi. AQShning Yevroosiyo qit’asi atrofidagi ta’sir doirasi yildan-yilga kengayib bordi. Nafaqat qit’ada, balki butun yer yuzida strategik muvozanatning qaytadan o‘rnatilishi bir necha yillarga hatto bir necha o‘n yilliklarga cho‘zilishi mumkin. Bu jarayonda Kavkaz yoki Markaziy Osiyo kabi mintaqalar u yoki bu kuch yoki kuchlar birligining gravitatsion maydoni doirasiga tortilib borishi tabiiy. Markaziy Osiyo mintaqasi ham turli kuchlar bilan jadal geosiyosiy ta’sirlashuvga kiradi va o‘z o‘zidan u yoki bu qudrat atrofida yagona geografik va siyosiy birlik shaklida yoki alohida alohida holda birlashadi. Aks holda Markaziy Osiyo respublikalari o‘zaro birlashgan holda alohida siyosiy va iqtisodiy qudrat barpo etishlari kerak bo‘ladi. Buning uchun esa avvalo mintaqaviy xavsizlik tizimini barpo etish talab etiladi. Markaziy Osiyoning geosiyosiy ahamiyati va uning xavfsizligi to‘g‘risida ham dastavval ismlari qayd etilgan xorijlik mutaxassislar va geosiyosatchilar atroflicha fikr bildirishgan. Chunki Markaziy Osiyo qit’adagi eng yirik kuchlar, jumladan Rossiya, Xitoy, Hindiston va Eronning o‘rtasida joylashganligi tufayli uning turli manfaatlar tugunida ekanligini birdiradi. Mintaqaviy xavfsizlik to‘g‘risidagi har qanday tadqiqot aynan geosiyosiy nuqtai-nazardan qo‘lga olinishi, mintaqaning turli geosiyosiy kuchlar hamda markazlar o‘rtasida joylashganligidan kelib chiqilishi kerak bo‘ladi. Buning uchun esa avvalo geosiyosiy fanning tub mohiyatini anglash hamda mintaqaviy xavfsizlik tizimini shu fanga tegishli qoidalar asosida qurish maqsadga muvofiqdir. Download 0.89 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling