1-Ma’ruza. Geosiyosat fanining ob’ekti, predmeti va vazifalari
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi
Download 0.89 Mb.
|
geosiyosat
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mintaqaviy tashkilot bo‘lib u sobiq SSSRning ayrim respublikalari tomonidan tuzilgan edi. Uni ta’sis etuvchi hujjatlar 1991-yil 8-dekabrda Minskda Belorussiya, Rossiya va Ukraina tomonidan imzolangan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini tuzish to‘g‘risidagi bitim, 1991-yil 21-dekabrda (Boltiqbo‘yi Respublikalari va Gruziyadan tashqari) 11 ta sobiq ittifoq respublikalari tomonidan Olmaotada imzolangan Bitimga Bayon va 1991-yil 21-dekabrda imzolangan Olmaota Deklaratsiyalari hisoblanadi. 1993-yil 22-yanvarda Minskda bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat boshliqlari Kengashida (Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston nomidan) Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Nizomi qabul qilindi. Hamdo‘stlikning maqsadlari quyidagilardan iborat:
Siyosiy, iqtisodiy, ekologik, insonparvarlik, madaniy va boshqa sohalarda hamkorlikni amalga oshirish; Umumiy iqtisodiy makonni yaratish; Umuminsoniy tamoyillar, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining me’yorlari asosida insonning asosiy huquq hamda erkinliklarini ta’minlash; A’zo davlatlarning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash hamda qurolsizlanishga yo‘naltirilgan hamkorliklarini amalga oshirish; A’zo davlatlarning hamdo‘stlik hududida erkin yurishlari va muloqotlarini ta’minlash; Huquqiy munosabatlarning boshqa sohalarida o‘zaro yordam va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish; Har qanday nizo va tortishuvlarni tinch yo‘llar bilan hal etish; O‘zbekistonning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi ishtirokini belgilovchi geosiyosiy va geostrategik holatlar: MDHga a’zo mustaqil respublikalar ilgari ham hududiy, ham siyosiy, ham tashkiliy jihatdan bir butun yagona davlatning tarkibiy qismlari edi. Ko‘p yillar mobaynida ular o‘rtasida tarkib topgan munosabatlar va aloqalarning keskin uzilishi respublikaning o‘zidagina emas, shu bilan birga, xalqaro maydonda ham vaziyatning chigallashishiga olib kelgan bo‘lar edi. Respublika iqtisodiyoti yagona transport va energetika tizimiga ega bo‘lgan sobi` umumittifoq iqtisodiy makon doirasida shakllandi va rivojlandi. U boshqa mintaqalar bilan xo‘jalik aloqalarining chambarchas tuguni orqali bog‘langan bo‘lib, ular yuzasidan o‘zaro hisob-kitoblar rubl makonida amalga oshirilmoqda. Bu munosabatlarni jahon xo‘jalik aloqalari bilan bog‘lamay, uzib qo‘yish (shunday aloqalarni o‘rnatish uchun uzoq vaqt talab etiladi) ishlab chiqarish hajmlarining pasayib ketishiga, iqtisodiy ahvolning yomonlashuviga, ijtimoiy muammolarning keskinlashuviga olib kelishi mumkin va hozirdayoq shu holatga olib kelmoqda. 3. Barcha mustaqil respublikalarda, xususan, O‘zbekistonda ham sobiq Ittifoq ko‘lamida yaqin qarindosh-urug‘chilik aloqalariga ega bo‘lgan ko‘p millatli aholi yashaydi. Hamdo‘stlik doirasida chegaralarning ochiqligini, aholining bir joydan ikkinchi joyga borishi va axborot uzatish erkinligini saqlab qolish respublikada fuqarolar hamda millatlararo totuvlikni ta’minlash sharti, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun ularning o‘zaro aloqalar va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi manfaatlariga monand mintaqaviy xavfsizlik tizimini tashkil etish extiyoji mavjud. Shu ma’noda kollektiv, avvalo, mavjud bo‘lish va amal qilish tajribasiga MDH doirasida kollektiv xavfsizlik tizimi masalasi kun tartibiga chiqadi. O‘zbekiston MDH doirasida o‘zining hayotiy muhim manfaatlariga ega. Shu ma’noda hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlik asosida nafaqat hududiy yaqinlik va iqtisodiy bog‘liqlik, balki xalqlar o‘rtasida uzoq tarixiy davr davomida shakllangan hamdo‘stlik madaniy va ma’naviy aloqalar ham yotadi. Aslida, uzoq davr (70 yil) davomida xalqlarning umumiy yashashi natijasida o‘ziga xos milliylik ustun turuvchi xalq madaniyati - Yevrosiyocha sivilizatsiya qaror topgan. Jug‘rofiy va geosiyosiy yaqinlik, tarixiy taqdirlarning umumiyligi, do‘stona va madaniy aloqalar, chegaralar bo‘ylab erkin ko‘chib yurish odati - bularning barchasi MDH davlatlarini birlashtirish va integratsiyani kuchaytirish uchun ob’ektiv sabab bo‘lib xizmat qiladi. Bunday sharoitda bir-biridan uzoqlashish, hatto chegaralarni yopish, fuqarolarning yurishini cheklash, yaxlit gumanitar, madaniy va axborot makonining buzilishi hamdo‘stlikka a’zo har bir davlat uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Zero O‘zbekiston MDH doirasida ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishni doim o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qarab keladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, O‘zbekistonning MDH doirasida boshqa suveren davlatlar bilan milliy xavfsizlikni va mamlakat hududiy yaxlitligini ta’minlash masalalaridagi muvofiqlashtirish ishlari ilmiy-texnikaviy yutuklar, texnik tarakkiyot, telekommunikatsiya, kosmik aloka vositalari, zaruriy xom-ashyo va tayyor mahsulotlarni sotib olish, shuningdek, jahon bozoriga chiqish uchun transport kommunikatsiyalaridan foydalanish kabilar. O‘zbekiston MDH davlatlari bilan ham ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalar, hamda ikki tomonlama munosabatlar asosida olib boradi. Bularning barchasi O‘zbekistonning istiqbolda kollektiv mintaqaviy xavfsizlik tizimini yaratish borasidagi milliy manfaatlariga mos keladi. Tabiiyki, bunday tizimni yaratish yo‘lida katta muammolar turibdi. Integratsiya uchun markazlashtirish kuchiga nisbatan nomarkazlashtirish tendensiyasi qarshi turadi. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, MDH doirasida kollektiv xavfsizlik tizimi uzoq davom etuvchi jarayonni talab etadi, zero o‘n yildan ortiq o‘tgan davr ichida hamdustlik davlatlari o‘rtasida ham ob’ektiv, ham sub’ektiv aloqalar yuzaga qalqib chiqqan. Hozir biz o‘rganayotgan Markaziy Osiyo, Yevrosiyo materigining katta hudud, mineral xom-ashyo, demografik, iqtisodiy salohiyatga ega o‘ziga xos geostrategik mintaqalaridan biridir. U o‘z ichiga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston Respublikalarini qamrab olgan. Mazkur mintaqa 4 mln.km.kv.ga, 60 mln.kishidan ortiq demografik salohiyatga ega. Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan ham ulkan zahiralarga ega ekani ma’lum. Mintaqaning iqtisodiy salohiyati uning geosiyosiy ahamiyatini belgilovchi eng muhim omillardan hisoblanadi. Shu tufayli mintaqa iqtisodiy salohiyatining geosiyosiy ta’sir doirasiga tortilishi mumkin bo‘lgan jihatlariga nazar tashlash joiz. Ma’lumki, “manfaatlar to‘qnashuvi” ancha yillar mobaynida Afg‘oniston hududida ro‘y berib keldi. Endilikda so‘z bu to‘qnashuv sahnasining Kaspiy atrofi yoki mintaqaning boshqa hududlariga ko‘chish ehtimoli haqida bormoqda. Markaziy Osiyoda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatni AQShning taniqli tadqiqotchilaridan biri – Z.Bzejinskiy “Buyuk shaxmat taxtasi” asarida o‘ziga xos tarzda talqin qiladi. Uning yozishicha, 1993-2005 yillar oralig‘ida dunyoda dunyoda energetika zaxiralariga bo‘lgan ehtiyoj 50 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda. Shu nuqtai nazardan yangi-yangi energetika zaxiralarini izlab topishga bo‘lgan ehtiyoj yetakchi davlatlarni ushbu zaxiralarga boy hududlar tomon, xususan Markaziy Osiyo tomon chorlashi aniq. Tabiiy zaxiralarga boy va ayni paytda millatlararo munosabatlar, tarixiy hududalar masalalari jihatdan notinch bo‘lgan mintaqada millatlararo, hududiy negizda turli nizolarni keltirib chiqarishga urinishlar bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, mintaqa ulkan xom-ashyo zaxirasiga ega. Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonda aniqlangan neft zaxiralari yer yuzidagi butun zaxiralarning taxminan 2,7 foizini, gaz zaxiralari esa 7 foizini tashkil etar ekan. Turkmanistonda gazning ulkan zaxiralari aniqlangan. O‘zbekistonda 1 trln. AQSh dollari miqdorida neft va gaz zaxiralari mavjudligi aniqlangan. O‘zbekiston oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinda turgan davlat hisoblanadi, ishlab chiqarish bo‘yicha esa 7-o‘rinni egallaydi. Shuningdek, O‘zbekistonda boshqa nodir metallarning yirik zaxiralari mavjud. Yer qa’ridagi temir rudasi zaxiralarining 8 foizi Qozog‘iston hududiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston va Tojikistonda yirik uran rudasi konlari mavjud. Masalan, O‘zbekiston uran qazib chiqarish bo‘yicha yer yuzida 7-o‘rinda turadi. Paxta ham Markaziy Osiyoning katta boyligi hisoblanadi. Masalan, mintaqa bo‘yicha 1995-yilda terib olingan 5,9 mln. tonna paxta butun MDH hududida terilgan paxtaning 96 foizini tashkil etadi. O‘zbekiston paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni, uni eksport qilish bo‘yicha esa 2-o‘rinni egallaydi. Ana shunday ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lishiga qaramasdan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining jug‘rofiy jihatdan noqulay shart-sharoiti, aniqrog‘i, energetik zaxiralarning iste’mol bozoridan uzoqda joylashgani hamda ushbu bozorga chiqish yo‘llarining murakkab geosiyosiy xarakteri tufayli mavjud geostrategik salohiyatdan foydalanish imkoniyatlari cheklangan. Markaziy Osiyodagi davlatlarning birortasi ham ochiq dengizga chiqish yo‘llariga ega emas. Boshqacha aytganda, hozirgacha Markaziy Osiyoga asosan havo yo‘llari orqaligina bemalol kirish mumkin. Mintaqaning Xitoy, Hindiston, Eron va Rossiya o‘rtasida joylashgani yetakchi davlatlarning ushbu hudud markaziga yo‘nalish uchun o‘ziga xos murakkabliklar tug‘diradi. Chunki tabiiy zaxiralardan foydalanish, neft va gaz quvurlarini biror bir yo‘nalish orqali ochiq dengiz portlariga olib chiqish uchun bir nechta davlat hududidan o‘tish va buning uchun yetakchi transmilliy kompaniyalari bilan shartnoma tuzgan holda amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, bunday loyihalar yetakchi davlatlar manfaatlarining to‘qnashuviga olib kelmagan taqdirdagina kutilgan samara berishi mumkin. Ma’lumki, dunyodagi eng yirik neft va gaz zaxiralari Kaspiy dengizi tubi va atrofida, ayniqsa, Tengiz va Qorachig‘anoq konlarida joylashgan. Shu bois dunyodagi yetakchi davlatlar bir necha yillardan buyon Kaspiy dengizi ostidagi neft zaxiralarini o‘zlashtirish uchun keskin kurash olib borayotgani mintaqa atrofida turli “siyosiy o‘yin”lar uyishtirayotgani bu hududdagi vaziyatni izdan chiqarmoqda. Avval boshda Kaspiyning xalqaro mavqei muammosi paydo bo‘lgan bo‘lsa, keyinroq uning “dengiz” yoki “ko‘l” ekanligini qaytadan belgilab olish masalasi ko‘tarildi. Undan keyin Kaspiy neft zaxiralaridan o‘zaro foydalanish bo‘yicha Qozog‘iston, Rossiya, Eron, Ozarbayjon va Turkmaniston o‘rtasida vujudga kelgan keskin vaziyat haligacha o‘z yechimini topgani yo‘q. 2002-yil may oyida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan va muvaffaqiyatsiz yakun topgan Kaspiy bo‘yidagi to‘rt davlat raxbarlarining uchrashuvini misol tariqasida keltirish mumkin. Ma’lumki, Eron prezidenti tadbirlar tugamasidanoq Ozarbayjonni tark etgan, Rossiya prezidenti esa jurnalistlarga bergan intervyusida boshqa ishtirokchilarni “zaif muzokarachi”lar (“slabыe peregovorщiki”), deya ta’riflagan edi. Turkmaniston o‘zining betaraf pozitsiyasini ro‘kach qilib, mintaqa atrofida kechayotgan asosiy geosiyosiy jarayonlardan chetda turishni afzal ko‘rmoqda. Qirg‘iziston va Tojikiston ham bir necha yillardan buyon mintaqa atrofida kechayotgan geosiyosiy jarayonlar sinovidan o‘tib kelmoqda. Tabiiyki, mintaqadagi davlatlarning iqtisodiy imkoniyatlari va siyosiy rivojlanishi yetakchi davlatlar tomonidan doimiy kuzatuvi va diqqat markazida qolib kelmoqda. O‘zbekistongina o‘z tashqi siyosiy faoliyatini mamlakat milliy manfaatlarini inobatga olgan qat’iyat bilan amalga oshirib kelmoqda. Uning ulkan iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlarga ega bo‘lgan davlat ekanligini anglab yetgan yetakchi mamlakatlar o‘z iqtisodiy manfaatlarini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida yirik kompaniyalarining vakolatxonalarini ochmoqda. Shu o‘rinda Markaziy Osiyoda azaldan mavjud bo‘lgan va hozirgi davrda qayta tiklanayotgan Buyuk Ipak yo‘lining iqtisodiy ahamiyatini ta’kidlab o‘tish zarur. Birgina O‘sh-Andijon-Nukus-Qo‘ng‘irot avtoyo‘lining barpo etilishi Buyuk Ipak yo‘li asosiy bo‘g‘inining ishga tushganini anglatadi va O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlarining yanada kengayishiga xizmat qiladi. Geosiyosat nuqtai nazaridan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazini egallagan hamda muhim strategik mavqega ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy salohiyati hamda demografik imkoniyatlari jihatidan mintaqadagi boshqa davlatlardan ajralib turadi. Jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining 40 foizi O‘zbekistonda istiqomat qiladi. Qo‘shni Respublikalarning O‘zbekistonga chegaradosh bo‘lgan barcha ma’muriy hududlarida o‘zbeklar mahalliy elatlar bilan birgalikda yashab keladi. O‘zbek xalqiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik, urf-odatlarni e’zozlash, an’analarga amal qilish, bakamti yashayotgan elatalar o‘rtasida uning yetakchiligini ta’minlaydi. Bu hol O‘zbekistonning mintaqada nafaqat jug‘rofiy, balki etno-madaniy nuqtai nazaridan ham o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tayotganini namoyon etadi. Xulosa qilib aytganda, mintaqaning geosiyosiy mavqei quyidagi omillar bilan belgilanadi: Markaziy Osiyoning geosiyosiy mavqei, avvalo, uning iqtisodiy imkoniyatlari bilan belgilanadi. Bu borada eng manfaatli hamkorlar bilan ish olib borish muhimligini ta’kidlab, mintaqada yetakchi davlatlar manfaatlarining shiddat bilan shakllanib borayotganligini inobatga olish zarur. Shu bilan birga, iqtisodiy manfaatlarini amalga oshira olmagan tashqi kuchlar diniy, millatlararo munosabatlar, hududiy muammolar, suv taqsimotiga oid masalalar kabi omillarga tayanib, mintaqadagi barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, millatlararo munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash mintaqaviy xavfsizlikning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, mintaqada suv taqsimoti masalalarida hukumatlararo komissiya ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, respublikalar o‘rtasida chegaralash ishlarini oxiriga yetkazish mintaqadagi kommunikatsion tizimning takomillashtirilishi uning iqtisodiy va siyosiy ahamiyatini oshishiga olib keluvchi omil hisoblanadi. Bundan tashqari, mintaqada, jumladan O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarning mavzulariga e’tibor qaratish va ularning mintaqa ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta’siri to‘g‘risida amaliy tadqiqotlar olib borish hamda tegishli xulosalar chiqarish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda manfaatlarning tengligi asosida, barcha, ayniqsa rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro foydali hamkorlik o‘rnatish mintaqa mamlakatlarining dunyo iqtisodiy tizimiga tadrijiy hamda qonuniy tarzda integrallashuvi hamda, Markaziy Osiyo geosiyosiy ahamiyatining yanada kuchayishiga olib kelishi shubxasizdir. Download 0.89 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling