1-ma’ruza: Kirish bolalar adabiyoti fan sifatida, uning maqsadi va vazifalari. Reja
-ma’ruza. Abdulla Avloniy va Hamza ijodi
Download 0.73 Mb.
|
Bolalar adabiyoti MA'RUZA MATNI (2)
5-ma’ruza. Abdulla Avloniy va Hamza ijodi.
Reja XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi tarixiy-adabiy muhit. Milliy ta’lim-tarbiya va bolalar adabiyoti. A.Avloniy va Hamza ijodida ma’rifatparvarlik hamda ma’naviy-axloqiy tarbiya talqini. XIX asr oxirida rus bosqini tufayli Turkistonda yuzaga kelgan tarixiy vaziyat ilg‘or fikrli ziyolilar oldiga milliy mustaqillikka erishish uchun nima qilmoq kerak, qaysi yo‘ldan bormoq lozim degan savollarni ko‘ndalang qo‘ydi. Jamiyatdagi ilg‘or kuchlarning qarashlari natijasi o‘laroq shakllanayotgan milliy uyg‘onish mafkura tarzida ma’rifatparvarlikni keng miqyosda targ‘ib etib maydonga chiqdi. Tarixga jadidchilik nomi bilan kirgan bu harakat namoyandalari o‘z g‘oyalarining hayotdan mustahkam o‘rin olishi, oqibat natijada milliy mustaqillikka erishish mumkinligi uchun kurashga bel bog‘ladilar. Bu davr Turkistonning ijtimoiy taraqqiyotida yangi bosqichni tashkil etadi. Mustaqillikka erishish uchun kurashish lozimligi haqida xulosaga kelinishining yana bir sababi tarixiy sharoit edi. Chindan ham xalq g‘alayonlarning ayovsiz qonga botirilishi ma’lum ma’noda ogohlikka ham da’vat bo‘ldi. – Hayotga tiyrak ko‘z bilan qarashga undadi. Ikkinchi tomondan, «jamiyat taraqqiyotida ma’lum bir sistemaning tabiiy ravishda yangi sifat o‘zgarishiga uchrashi o‘ziga xos ma’rifatchilikni taqozo etadi».1 «Qizg‘in ruhli yoshlarimiz millatga xizmat etib, aning madaniy darajasini o‘tirsalar, ul vaqtda biz sinfiy ixtiloflar to‘g‘risida so‘ylashurmiz, fikr yuritishurmiz. Madaniyati yo‘q bir millatning sanoati bo‘la olmas. Madomiki, ul yo‘q ekan, hali sinfiy nizolarga erta. Bizning bugungi vazifamiz hozircha madaniy o‘suvlar va shunga yo‘llar hozirlovdangina iborat». F.Amirxon tarixga jadidchilik nomi bilan kirgan harakat darg‘asi Ismoil Gaspirinskiy to‘g‘risida yozgan «Ulug‘ millatchi to‘g‘risida kichik bir xotira» nomli maqolasida jadidlarning kurash dasturi xususida aynan shunday deb qayd etgan edi. Darhaqiqat, milliy-ozodlik harakatlarining ayovsiz qonga botirilishi jadidlarning kurash taktikasiga muhim o‘zgarishlar kiritdi. Xalqni ilm-ma’rifatli qilish orqali jipslashtirish lozim edi. Xalq siyosiy ongining zaifligi bir tomondan ilm-ma’rifatga, boshqa jihatdan ma’naviyatga daxldor edi. 1892 yilgi «vabo qo‘zg‘oloni»dan o‘ziga xos xulosa chiqargan missioner N.Ostroumov yozadi: «Ko‘p jihatdan ayb o‘zimizda albatta. Ularning (sartlarning) fe’l-atvorini va qonun-qoidalarini o‘rganganimiz yo‘q va haliyam o‘rganmayapmiz». Chor hukumati bunday o‘rganishni turli vositalar bilan amalga oshira boshladi. Rus-tuzem maktablari shu maqsadga kiritildi. Unga qarshi usuli jadid maktablari tashkil topa boshladi. Bu maktablar uchun M.Abdurashidxonovning «Adibi avval», Saidrasul Saidazizovning «Ustodi avval», A.Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq», «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», S.Ayniyning «Tahzib us-sibyon», «Qiz bola yoki Xolida», Hamzaning «Engil adabiyot», «O‘qish kitobi», «Qiroat kitobi», Behbudiyning «Kitobat ul atfol» kabi darsliklari yaratildi. Jadidchilik g‘oyalari talqinida maorif bilan birga matbuot ham muhim rol o‘ynadi. «Taraqqiyot», «Xurshid», «Shuhrat», «Osiyo», «Samarqand», «Sadoyi Turkiston», «Sadoyi Farg‘ona» gazetalari, «Oyina», «Al-isloh» jurnallari chop qilina boshladi. Bundan tashqari, jadidchilik qarashlari xayriya jamiyatlari faoliyatida o‘z aksini topa boshladi. Ayniqsa, «Turon», «Tarbiyat ul-aftol», «Sho‘roi islom» jamiyatlari xayrli ishlari bilan milliy-ozodlik harakatlarida ijobiy faoliyat ko‘rsatdi. Laziz Azizzoda M.Behbudiy haqidagi maqolasida «Turkistonning uyg‘onish davrini uch qismga – maorif, matbuot va jamiyatga bo‘lib, shu davrda katta rol o‘ynog‘onlarni tekshirmoq» fikrini ilgari surganida shu millatlarni nazarda tutadi. Ijtimoiy turmushdagi islohotchilik adabiyot va san’atni ham chetlab o‘tmadi. An’anaviy yo‘sindagi adabiyot yangicha yo‘nalishlar, yangicha janrdagi asarlar hisobiga boyidi, romanchilik, publitsistika, adabiy tanqid, ma’rifiy she’riyat, dramaturgiya maydonga keldi. Bu haqida «Maorif va o‘qitg‘uchi» jurnali 1928 yil 3-sonida quyidagilarni yozgan edi: «Jadidlar o‘z mafkuralarini tarqatish, o‘z ideyalari yo‘lida tashviqot olib borish uchun adabiyot yaratdilar». 2 Chunonchi, o‘sha davr darsliklari tarkibida yaratilgan bolalar adabiyoti namunalari yosh avlodni bilim olishning afzalliklari, Vatan erki uchun kurashning muqaddasligi, iymon, axloq, e’tiqod, rostgo‘ylik, sadoqat, erk ruhida tarbiyalashga qaratilishi bilan alohida e’tiborga loyiq. A.Avloniyning «Maktab», «Nima, kimniki», «Millatga xitob», Hamzaning «Kitob», «Maktab» asarlari shular jumlasidandir. A.Avloniyning «Millatga xitob» she’ri da’vatkorlik ruhi bilan alohida ajralib turadi. Ko‘zlaring och, ey millat! Ko‘p zamon g‘ofil yotding. Umring o‘tdi yotmakda Qayg‘uga toza botding. Ketdi shonu sharafing, Mozor toshidek qotding. Ey! «Tokaygacha g‘aflat ichida yotamiz!» Keling, yoshlar, jaholatni otamiz! Bizga bu kun ilma kirishmak kerak! Bizga bu kun ilma tirishmak kerak! 1916 yilda Toshkentga kelgan sharqnunos A.Samaylovich yozadi: «Turkistondagi yangi adabiyotning markazi Samarqandda bo‘lsa kerak. Yosh adiblarning bosh ilhomchisi sifatida esa na tojik va na turk, asli Xo‘ja Muftiy Mahmud Behbudiyni e’tirof etish kerak bo‘ladi». Mahmudxo‘ja Behbudiydan tashqari bolalar adabiyoti jabhasida Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Tavallo, Sadriddin Ayniy, Hamzalar qizg‘in faoliyat olib borishdi. Jumladan, M.Abdurashidxonov «Har kim ekkanin o‘rar» she’riy hikoyasi insonning ijtimoiy kamolotini ma’naviy tarbiya bilan bog‘lab ko‘rsatadi. Kelinning maslahatiga ko‘ra otalarini qarib, munkillab qolgan chog‘ida cho‘lu biyobonga olib borib tashlashga jazm qilgan asar qahramonlari kitobxon ko‘z o‘ngida og‘ir sinovdan o‘tadi. Ota-onaning farzandlar, farzandlarning ota-onalar oldidagi burchi, insonning inson oldidagi mas’uliyati benihoya yuksakligini anglatishga xizmat qiladi. Adabiyotlar: Qosimov B., Yusupov Sh., Dolimov.U, Rizaev Sh., Ahmedov S. Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti. – T.: Ma’naviyat, 2004. Aliev A. Ma’naviyat, qadriyat va badiiyat. – T.: Akademiya, 2000. A.Avloniy. O‘son, millat. – T.: Sharq, 1993. Dolimov U. Turkistonda jadid maktablari. – T.: Universitet. 2006. Barakaev R. O‘zbek bolalar adabiyoti va A.Avloniy ijodi. – T.: Fan, 2004. O‘zbek bolalar adabiyoti antologiyasi. 1-jild. T.: O‘qituvchi, 2006. Rizaev Sh. Jadid dramasi. – T.: Sharq, 1997. Download 0.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling