Tarkibida timol bo‘lgan efir moyi saqlovchi dorivor o‘simliklar
Timol rangsiz, o‘ziga xos xushbo‘y hidli, yirik va tiniq kristall bo‘lib, spirtda va efirda yaxshi, suvda yomon eriydi. Ishqor eritmalari bilan suvda yaxshi eriydigan fenolyat tipidagi birikma - timolyat hosil qiladi. Timol efir moyidan quyidagi usul bilan ajratib olinadi: efir moyiga 5 % li natriy ishqori eritmasidan qo‘shib chayqatiladi. Bunda timol fenolyat tipidagi timolyat birikmasini hosil qiladi va erib suv qavatiga o‘tadi. Aralashma tinitilgandan keyin suv qatlam moy qavatidan ajratib olinib, kislota bilan ishlansa, timol ajraladi, so‘ngra uni qayta kristallab, tozalanadi.
Ishlatilishi.Timol tibbiyotda og‘iz shilliq qavatini dezinfeksiyaqilish va tish og‘rig‘ini qoldirish uchun hamda terining zamburug‘li kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Bulardan tashqari, gijja haydash xususiyatiga ham ega. Asosan ankilostoma va qilbosh gijjalarni haydashda jelatin kapsulasida qo‘llaniladi. Timol preparati iste’mol qilingandan so‘ng bemorga tuzli surgilar beriladi.
AJGON MEVASI VA MOYI – FRUCTUS ET OLEUM AJOWANI
O‘simlikning nomi.Ajgon (Zirai karmoni) - Trachyspermum ammi (L.) Sprague. (Sarum ajowan Benth. et Hook.); selderdoshlar - Apiaceae (soyabonguldoshlar - Umbelliferae) oilasiga kiradi.
Bir yillik, bo‘yi 40-60 sm ga etadigan o‘t o‘simlik. Poyasi tik o‘suvchi, asos qismidan shoxlangan, ko‘p qirrali. Bargi oddiy, ikki yoki uch marta ajralgan (barg bo‘lagi chiziqsimon) bo‘lib, qini bilan poyada ketma-ket o‘rnashgan. Gullari mayda, oq yoki och binafsha rangli, murakkab soyabonga to‘plangan. Murakkab soyabon o‘ramasi va oddiy soyabon o‘ramachalari chiziqsimon bargchalardan tashkil topgan. Gullarida kosacha va tojbarglari hamda otaligi 5 tadan, onalik tuguni ikki xonali, pastga joylashgan. Mevasi – qo‘shaloq pista.
Iyun-iyul oylarida gullaydi, mevasi avgust – sentyabrda pishadi. Geografik tarqalishi.Vatani Hindiston.Qozog‘iston,Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalarida o‘stiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |