Ibratning ta’sirchanlik mexanizmida eng kami uchta bosqichni ajratib ko‘rsatish mumkin.
Birinchi bosqichda, konkret faoliyatni qabul qilib olish natijasida, o‘quvchida shunday bo‘lishga harakat yuzaga keladi. Lekin taqlid uchun ibrat bilan keyingi faoliyat o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lmasligi mumkin.
Bunday aloqa, bog‘liqlik ikkinchi bosqichda yuzaga kelishi mumkin.
Uchinchi bosqichda taqlidchilik va mustaqil faoliyatning birlashuvi yuzaga keladi hamda bunga hayotiy va maxsus tashkil etilgan tarbiyaviy holat faol ta’sir etishi mumkin.
Taqlid uchun ma’qul bo‘lgan ibratlar maktabda ham, uyda va ko‘cha-ko‘yda ham bo‘lishi mumkin. Aka-opalar, ota-ona, qarindosh-urug‘lar, keksa avlod, o‘rtoq-do‘stlar, turli badiiy asar qahramonlari, boshqa odamlar ibrat bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, o‘tmish avlodlar jasorati, ularning o‘chmas obrazlari, xalqimizning turli sohalardagi asl mehnatkash farzandlari ham ibrat bo‘la oladi.
Shunday qilib, taqlidchilik va uning asosidagi ibrat tarbiya jarayonida qo‘llanishida o‘zining haqiqiy o‘rnini topa olishi zarur.
FAOLIYATNI TASHKIL ETISH VA IJTIMOIY XULQNI SHAKLLANTIRISH METODLARI
I. Faoliyatga rahbarlikni belgilovchi umumiy qonuniyatlar
Inson mehnat, bilish va muomalaning sub’ekti sifatida haqiqatning ilmiy o‘zlashtirilishini ta’minlaydigan faoliyat jarayonida shakllanadi. Mehnat, bilim, muomala shaxsning rivojlanishi va shakllanishi uchun qurilish materiali bo‘lib xizmat qiladigan iroda va quvvatni faollashtiradi, qiziqish, his-tuyg‘uni uyg‘otadi, yangi ehtiyojlarni yuzaga keltiradi. Faoliyat sog‘lom turmush tarzining asosiy sifatida o‘quvchilarda ijtimoiy munosabatlar va ijtimoiy xulq tajribalarini boyitishda muhim manba hisoblanadi.
Har qanday faoliyat operatsiya va harakatdan tashkil topadi. Operatsiya yaxlit, bir butun faoliyatni tashkil etishga yordam beruvchi kichik jarayonlar, qisqa muddatli holatlardir. Harakatlar - jarayonlar bo‘lib, ularning motivlari o‘sha faoliyatda mavjud va harakatlar faoliyat tarkibiga kiradi. Tarbiya jarayonida tarbiyachining o‘rni shundan iboratki, pedagogik operatsiyalarni boshqarishdan harakatlarni boshqarishga o‘tadi, keyinchalik o‘quvchilarning faoliyatini boshqarish tomon boradi.
Pedagogika nazariyasida qator umumiy qonuniyatlar aniqlanganki, bular o‘quvchilar faoliyatiga pedagogik rahbarlik metodini va ijtimoiy xulq tajribalarini shakllantirishni belgilab beradi.
1. Ijtimoiy faoliyatlar ma’lum tarbiyaviy imkoniyatlarga ega. Lekin bitta ko‘rinishdagi faoliyat qolganlarning o‘rnini bosa olmaydi. SHuning uchun tarbiyada faoliyatning kompleks ko‘rinishlaridan foydalanish maqsadga muvofiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |