«Aylanma yo‘l» bilan qo‘yiladigan talablar o‘quvchilarda shakllangan motivlar, maqsadlar, e’tiqodlarga tayanadi. Talablarning bu tarzdagi ko‘rinishlari ta’sirchanligi bilan o‘zbek xalqi tarbiya tizimida qadimdan ma’lum. Ota-onalarimiz yosh avlodni uning nozik his-tuyg‘ularini, o‘ziga xosligini, sharoit masalasining qanchalik muhimligini hisobga olgan holda, bolaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘yiladigan talablarga qaraganda, maslahat berish, holatni tahlil etish yo‘li bilan unga baho berish zaruriyatini uqtirish orqali u yoki bu topshiriqni bajarilishga yo‘naltirganlar. Odatda, bunday hollarda tarbiyachi, ota-ona bajarilishi zarur bo‘lgan pedagogik vazifani boladan yashirish, ya’ni o‘zining qat’iy talablarini birinchi o‘ringa qo‘ymaslik, balki masalani shaxsdagi turli imkoniyatlarga tayanib ilgari surish va uni bajarish qanchalik ahamiyatliligini izohlash yo‘li bilan maqsadga erishishga harakat qilinadi. Albatta, pedagoglar qo‘yiladigan talablarning me’yoriy jihatlarini to‘g‘ri hisobga olishlari kerak.
III. Jamoatchilik fikri
Har qanday pedagog o‘zi qo‘yayotgan talablarning ijtimoiy xarakterini ocha borib, jamoa manfaatlaridan kelib chiqishga erishmog‘i lozim. Jamoatchilik fikri jamoa talablarining ifodasi hisoblanadi. Jamoatchilik fikri o‘zida jamoa bahosi, fikr-mulohazasi, irodasini birlashtirib, faol va ta’sirchan kuch sifatida namoyon bo‘ladi va u pedagog qo‘lida tarbiya metodi vazifasini o‘taydi.
Maktab jamoasi ijtimoiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yar ekan, uning asosida o‘quvchilarda ong, xulq va faoliyatning kerakli jihatlari shakllanishiga e’tiborni qaratadi. Jamoa o‘zining rivojlanishida g‘oyaviy intellektual-emotsional-irodaviy va tashkiliy birlikka erishib, o‘z-o‘zini boshqarishga qodir bo‘ladi va bunda jamoatchilik fikri eng muhim hisoblanadi. Bunday jamoa fikri sub’ektiv hisoblanib, pedagogning yaqin tayanchi va ishonchli hamkori bo‘lib qoladi.
O‘qituvchi tarbiyalanuvchilar o‘rtasida sog‘lom jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun ularni sinf va maktabdagi barcha voqea va hodisalarni jamoa bo‘lib prinsipial tarzda muhokama etishga jalb qiladi. Agar sinfdagi ko‘pchilik o‘quvchilar jamoa faoliyatida faol ishtirok etsa, muvaffaqiyatlarni birgalikda baham ko‘rsa, mavjud kamchiliklarga tanqidiy munosabatda bo‘lsa, uni ko‘pchilik bo‘lib bartaraf etishga kirishsa, bu holat ushbu jamoada etuk ijtimoiy fikr yuzaga kelganini ko‘rsatadi. Buning aksi esa jamoada o‘zibo‘larchilik, ozchilik manfaatini himoya qilish, kechirimlilik, betaraflik kabi salbiy qarashlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Amaldagi jamoatchilik fikri, uning ijtimoiy-ma’naviy-g‘oyaviy yo‘naltirilganligi ko‘p jihatdan yoshlar ittifoqining, ularda bir maqsad sari ko‘pchilik bo‘lib harakat qilish kabi sifatlarning yuzaga kelishiga sharoit yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |