II. Iqtisodiy tarbiyaning tarbiya tizimidagi o‘rni va vazifalari
Iqtisodiy tarbiya bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida yoshlarni barkamol qilib tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, xo‘jalik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqarishda, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar doirasida muhim o‘rin egallaydi. Ta’limning barcha bosqichlarida ta’lim oluvchilarning huquqiy, iqtisodiy, ekologik va sanitariya-gigienik ta’lim hamda tarbiyasini takomillashtirish mamlakatimizda uzluksiz ta’limni isloh qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Bu yo‘nalish kadrlar tayyorlashning keyingi bosqichlarida mazmun va sifat jihatidan ahamiyat kasb etib va boyib borishi zarur. Shunga ko‘ra, ta’lim muassasalari bolalar va yoshlarning iqtisodiy tafakkurini quyidagi vazifalardan kelib chiqqan holda rivojlantirishi kerak:
1. Hozirgi sharoitning ob’ektiv iqtisodiy qonuniyatlari to‘g‘risidagi bilimlarni, davlat va nodavlat ishlab chiqarishining harakat mexanizmini belgilab beruvchi qonuniyatlarni o‘zlashtirish.
2. Iqtisodiy nazariyani, yangi-yangi ishlab chiqarish liniyalarini tezkor rivojlantirish, amaliy hal etishning yo‘l va usullarini yaxshi biladigan shaxsni shakllantirish.
3. O‘zining o‘quv-ishlab chiqarish faoliyatida yuksak natijalarga erisha oladigan, o‘z sohasining haqiqiy xo‘jayini bo‘la oladigan, kelajak uchun to‘la kuch va quvvat bilan ishlaydigan, tadbirkor va ish yurita olish qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash.
4. Ishlab chiqarish ning iqtisodiy faoliyatida zarur bo‘lgan, yangi ilg‘or texnologiyalarni tez o‘zlashtirishga yordam bera oladigan dastlabki bilim, ko‘nikmalarni egallash.
5. Iqtisodiy munosabatlarda, faoliyatda, munozara va muhokamalarda puxta har tomonlama tayyorgarlikka ega bo‘lish hamda engib chiqish qobiliyatini namoyon etishga o‘rgatish.
Iqtisodiy tarbiyani barcha fanlarni o‘qitish orqali amalga oshirish imkoniyati mavjud. SHuningdek, hozirda turli ko‘rinishdagi ta’lim muassasalari o‘quv rejalariga iqtisodiy tarbiya va iqtisodiy ta’lim bo‘yicha juda ko‘plab fanlarning o‘qitishni yo‘lga qo‘yilishi bolalar va yoshlarda ushbu masalani atroflicha hal etishga to‘la imkoniyat beradi.
Shuningdek, darsdan tashqari vaqtlarda turli ko‘rinishlardagi tanlovlar, turli grant-sovrinlar uchun o‘tkaziladigan musobaqalarda, olimpiadalarda hamda boshqa tadbirlarda turli loyiha va ma’ruzalar bilan ishtirok etish va boshqalar ham iqtisodiy tarbiyani amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
Iqtisodiy tarbiyani amalga oshirish shakllari o‘z mazmuniga ko‘ra suhbat, ma’ruza, seminarlar, ishlab chiqarishga ekskursiya, amaliy muloqotlar, uchrashuvlar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Bolalarni turli variantlardagi hisob-kitoblarni o‘zlari mustaqil echishga jalb etish ham mumkin.
Masalan, biron eshik, rom, asbob-uskuna, kichikroq kompleksni tayyorlash uchun ketadigan sarf-xarajatlarni mustaqil hisoblashni topshirish: biron-bir iqtisodiy ko‘rsatkichni - vaqt me’yorini, ishlab chiqarish me’yorini, ishlab chiqarish mehnati, sarf-xarajat va boshqalarni hisoblash. Oddiy oziq-ovqat, emak-ichmak kalkulyasiyasini ishlab chiqish, kam sarf qilgan holda yuqori samaradorlikka erishish yo‘llarini o‘rgatish.
Do'stlaringiz bilan baham: |