II. Jismoniy tarbiyaning vazifalari va mazmuni
Jamiyatimizda o‘sayotgan yosh avlod jismoniy sog‘lom, har tomonlama rivojlangan bo‘lishi uchun mehnatga va Vatan himoyasiga tayyorlik sifatlariga ega bo‘lishi uchun jismoniy tarbiyaga doimo katta e’tibor berib kelinmoqda. Jismoniy tarbiya barkamol avlod rivojlanishining va uni tarbiyalashning muhim vositasi hisoblanadi.
Jismoniy tarbiyaning maqsadi jamiyatimizga har tomonlama jismoniy rivojlangan, Vatan mudofaasi uchun doim tayyor turgan shaxsni voyaga etkazishdan iborat. Ushbu maqsad tabiatning tabiiy kuchi, gigienik omillar va maxsus tashkil etilgan jismoniy mashqlar tizimi orqali amalga oshiriladi. Jismoniy tarbiya tarbiya tizimidagi boshqa komponentlar bilan, axloqiy, aqliy, estetik, mehnat tarbiyalari bilan uzviy olib boriladi.
Jismoniy tarbiya tarbiyaning umumiy maqsadlaridan kelib chiqib, ko‘p qirrali va murakkab vazifalarni ilgari suradi:
1.O‘quvchilar sog‘lig‘ini mustahkamlash va organizmini
chiniqtirib borish ularning to‘g‘ri jismoniy rivojlanishiga va ish qobiliyatini oshirishga yordam beradi.
2.Harakat ko‘nikma va malakalarini shakllantirish va
takomillashtirish bilan birga ular bilan bog‘liq bilimlarni etkazish.
3.Asosiy harakat sifatlarini rivojlantirish. Jismoniy qobiliyatlarning ro‘yobga chiqishi bilan bog‘liq ko‘plab amaliy harakatlarni amalga oshirish. Jismoniy qobiliyatlar: kuch, tezlik, chidamlilik, chaqqonlik.
4.Jismoniy mashqlarni sistemali bajarishga odatlantirish va doimiy qiziqishni shakllantirish.
5.Gigienik ko‘nikmalarni tarbiyalash, jismoniy mashqlar va chiniqish sohasidagi bilimlarni etkazish.
6.Tashkilotchilik ko‘nikmalarini shakllantirish, ijtimoiy faol jismoniy madaniyat faollarini tayyorlash.
Jismoniy tarbiya vositalari: jismoniy mashqlar, gimnastika, turli harakatli o‘yinlar, turizm, sport, tabiatning sog‘lomlashtiruvchi kuchi, maxsus gigienik sharoitlarni yaratish.
Jismoniy tarbiya shakllari: jismoniy madaniyat darslari, to‘g‘ri tashkil etilgan kundalik rejim, darsgacha jismoniy mashqlar, gimnastika, fizkultura minutlari, katta tanaffuslarda o‘yinlar, turli sport musobaqalari, attraksionlar, sinfdan va maktabdan tashqari jismoniy tarbiya ishlari, ommaviy musobaqalar, sport bayramlari, turli me’yorlarni bajarish va boshqalar.
Jismoniy tarbiyani amalga oshirishda yozgi sog‘lomlashtirish lagerlarida olib boriladigan turli musobaqalar, seksiyalar, turnirlar, sport o‘yinlari, alpinizm, poxodlar ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |