1. Masalaning nazariy aspektlari Lotinlashtirish harakatining qisqacha tarixi


Rossiya imperiyasidagi turkiy xalqlarda alfavitni


Download 365.5 Kb.
bet8/21
Sana03.12.2023
Hajmi365.5 Kb.
#1801499
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   21
Bog'liq
1447865310 62403

    Bu sahifa navigatsiya:
  • E.J.
2.2. Rossiya imperiyasidagi turkiy xalqlarda alfavitni
lotinlashtirish harakatlari. Ozarboyjon namunasi

Lotinlashtirish harakati o'zining yaqin 150 yillik tarixiga ega. Rossiya imperiyasidagi hukmron doiralar bu yerdagi musulmon xalqlarning yozuvini kirillashtirishning rejalarini va usullarini ishlab chiqayotganda, ushbu xalqlarning "ilg'or vakillari" ham arab alfavitiga alternativa izlay boshlagan edilar. Turkiya tashqarisidagi turkiy xalqlar orasida alfavitni isloh qilish va o'zgartirish masalasida eng oldin harakatga kechgan ozarbayjon ziyolilaridir. Xususan, Mirza Fatali Oxundov (1812-1878) arab yozuvining turkiy tillar tabiatiga mos kelmasligini birinchilardan bo'lib qayd etgan hamda arab yozuvini isloh qilish harakatlarini boshlab bergan edi. "Ming marta afsuski, deb yozgan edi u, musulmon xalqlarining boshliqlari alfavitni almashtirish qanday katta rol o'ynashini tushunmaydilar. Ular kunday ravshan masalaning mohiyatini anglamaydilar. Ular boshqa har qanday xildagi islohotlarni o'tkazishga, temir yo'llar, telegraf liniyalari o'tkazishga, paroxodlar va turli narsalarni qurishga rozidirlar, ammo barcha islohotlarning asosi bo'lgan (kursiv bizniki – E.J.) alfavitni isloh qilishni xohlamaydilar". O'sha davrdagi musulmon davlatlari boshliqlarining shu oddiygina haqiqatni "tushunmagani" M.F. Oxundovni amaliy harakatlarga kechishga majbur qiladi. U o'zi har taraflama ma'lumotli odam edi; turkcha, forscha, arabcha kabi Sharq tillarini, rus tilini yaxshi bilardi. Kavkazdagi Rus noibligida tarjimon bo'lib ishlar va kundalik faoliyatida kiril va arab alfavitini ko'p qo'llar, chog'ishtirar va arab yozuvining zamonaviy ta'lim va boshqaruv talablariga mos kelmasligini his qilar edi. Shu sababli u 1857 yilda o'zining arab alfavitini isloh qilish bo'yicha birinchi loyihasini ishlab chiqdi. Loyihada arab yozuvining ba'zi taraflari keskin tanqid qilingan hamda bu yozuvni turkiy tillarga mos keladigan qilib isloh qilish taklif etilgan edi2. Mazkur loyihani alohida kitob holida e'lon qilgach, 1863 yilda M.F. Oxundov dunyo musulmonlarining xalifasiga taqdim qilish uchun uni olib Istanbul safariga chiqadi. Rus elchixonasi orqali Usmonli davlati Bosh vazirining qo'ligacha yetib borgan loyiha uning ko'rsatmasiga ko'ra Turk ilmiy jamiyatida muhokama qilinadi. M.F. Oxundov turk olimlari oldida o'z loyihasining afzalliklarini isbotlab berishi kerak edi. Bu muhokama haqida muallifning o'zi quyidagicha yozadi: "…turklarning ilmiy kengashida mening kitobim ko'rib chiqildi va mening dalillarim ma'qullandi, ammo kitobning nashr qilinishiga ruxsat berilmadi.


Turk olimlari mening loyihamda harflarning o'zaro qo'shilib ketishini ko'rsatdilar. Loyiha bartaraf etmagan boshqa qiyinchiliklar ham bor. Men bularga e'tiroz bildirdim va bunday holda arab alfavitini uloqtirib tashlab yevropacha yozuv usullariga, aniqrog'i chapdan o'ngga, lotin alfavitidagi kabi nuqtalarsiz yozishga va unli harflar uchun harflar kirgizishga o'tganimiz ma'qul deb aytdim"1. Shunday qilib, 1863 yildayoq M.F. Oxundov arab yozuvini "Yevropa usulidagi yozuv"lardan biriga (lotin yozuvi haqida gap ketayotganini payqash qiyin emas – J.E.) almashtirish g'oyasi bilan chiqqan edi. Bu paytlarda Orta Osiyoda va Kavkazda jadidchilik harakati shakllanmagan edi, faqat Usmonli Davlatida mashrutiyat ("Hatti Humayuni Gulhane" farmoni) e'lon qilingan bo'lsa-da, hali g'arblashish harakatlari faol tus olmagandi.
Istanbuldagi muvaffaqiyatsizlik bu yozuv islohotchisining shaxdini qaytarmadi va u Tiflisga qaytgach, alifboni isloh qilish bo'yicha yangi loyiha yozdi hamda uni Tehronga jo'natdi. Eron o'sha paytlari o'z mustaqilligini saqlab qolgan sanoqli musulmon davlatlaridan edi. Ammo bu gal ham uni yana muvaffaqiyatsizlik kutib turardi. Agar Istanbulda uning loyihasi rasman qabul qilingan va loyiha bo'yicha munozara uyushtirilgan bo'lsa, Tehronda uning tashabbuslariga zarracha ahamiyat berilmadi.
Ta'kidlash lozimki, M.F.Oxundov o'z davrining barcha islohotchilari kabi juda katta iroda egasi edi va uning o'sha yillardagi qarashlarini quyidagi so'zlari yaqqol ifodalaydi: "Agar butun dunyo musulmon yozuvini yangisiga almashtirishga qarshi qurollansa va bu o'zgarishga qarshi tursa ham, men baribir alfavitni almashtirish bo'yicha va buning kerakligini isbotlashga yanada mahkamroq kirishaman. Alfavitni almashtirish voqelikka aylanadi". O'z g'oyasini haqiqatga aylantirish uchun M.F. Oxundov endi o'sha o'zi orzu qilgan alfavitni tuzishga bel bog'ladi va 19-asrning 70-yillarida Yevropa yozuv tizimiga asoslangan yangi alfavit loyihasini tuzdi va jamoatchilikka havola etdi. Bu alfavit 42 harfdan iborat bo'lib, undan nafaqat ozarboyjonlar, balki arab yozuvidan foydalanuvchi barcha xalqlar foydalanishi mumkin. Alfavitda undosh tovushlarni ifodalovchi 32 harf, unli tovushlarni ifodalovchi 10 ta harf mavjud bo'lgan. Bu alfavitni o'sha davrda birorta musulmon xalq tomonidan qabul qilinishi real bo'lmasa ham, ozari olimining bu tashabbusi arab yozuvini almashtirish bo'yicha qo'yilgan birinchi amaliy qadam edi. Uning yaratgan alfaviti kiril yozuviga asoslangan hamda lotin alfavitidan ham ba'zi harfiy belgilar olingan edi2.
M.F. Oxundovning ishlarini Eronlik jamoat arbobi va olim Mirza Melkumxon davom ettirdi. Ammo, Melkumxon M.F. Oxundov singari juda radikal g'oyalarni ilgari surmas va qat'iy choralar ko'rilishini yoqlamas edi. Uning tayyorlagan yangilangan yozuv loyihasida arab yozuvini zamonaviylashtirish maqsadlari yotardi. Melkumxon, agar yozuvda o'zgartirish qilinmasa, bu yozuvni qo'llaganlarning ishi orqaga ketishi hamda arab tilini olis kelajakda eski ossuriya va misr tillarining taqdiri kutib turganini ochiqcha yozadi. Melkumxon o'zining islohotchilik ruhidagi qarashlarini Londonda nashr etiladigan "Qonun" gazetasida maqolalarida tashviq etar hamda bu gazetani Eronda yashirincha tarqatar edi1. Ammo Melkumxonning harakatlari ham M.F. Oxundovning faoliyati kabi muvaffaqiyatli yakunlanmadi. Zamonining musulmon hukmdorlari va yiyolilar bu islohotchining tashabbusiga befarq qarashi uni juda gazablantirganini quyidagi so'zlardan bilib olish mumkin: "Men bu masalaga (yozuv islohoti – J.E.) 20 yil musulmon mamlakatlarida yashab o'zimni baxshida etdim, 20 yil taraqqiyotga yo'l izladim va har bir qadamda islom diniga e'tiqod etuvchi xalqlar o'z alfavitlarini zamonaviy yevropa texnikasiga moslay olsalargina taraqqiyot yo'lidan ilgari siljishlari mumkinligiga dalil topdim"2.
Ozarboyjonda va Eronda mahalliy ziyolilar orasida vujudga kelgan alfavit almashtirish g'oyalari Usmonli Davlatidagi g'arbparast kuchlarning xuddi shunday fikrlash tarzidan o'rnak olish tufayli vujudga kelganmi, yoki mahalliy sotsial zamindan o'sib chiqqanmi, buni dadil aytish qiyin. Ammo bu g'oya Rus hukumati tomonidan yaxshi kutib olingani ma'lum (agar M.F.Oxundovning Kavkaz noibligida ishlagan chor amaldori ekanligi hisoblansa, mazkur g'oya unga "yuqtirilgan" bo'lishi ham mumkin).
Ozarboyjonda arab yozuvini boshqa turli yozuv bilan almashtirish g'oyasini ilgari surganlar ichida rus ziyolilarining uchrashi ham kuzatiladi. Jumladan, ozarboyjon shoiri Mirza Shofi Bazihning o'sha paytdagi Tiflis gimnaziyasining tatar va fors tillari o'qituvchisi, keyinchalik mashhur shoir va Rossiyaning Erondagi elchisi bo'lgan I.I. Griboyedov (И.И.Грибоедов) bilan birgalikda tuzgan "Kitobi turki" darsligida ham yozuvni islohot qilish g'oyalari hamda amaliyoti mavjud edi1.
Keyinchalik ozarbayjonlik ziyolilar bildirgan bu g'oyalar 20-asr boshidagi mash'um inqiloblar davrida qulay zaminiga tushib, o'z mevasini berdi. Keyingi qismda shu xususda so'z yuritamiz.



Download 365.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling