Ko’lbuloq makoni. Bu makon Toshkent viloyat, Ohangaron tumanida hududida bo’lib, Chotqol tog’ining janubiy yonbag’rida, Qizil olma soyining chap sohilidagi Ko’lbuloq degan manzilda joylashgan.
Ko’lbuloq makoni fanga 1963 yildan beri ma’lum bo’lib, o’sha yildan beri u erda muttasil qazish ishlari olib borilmoqda.
Ko’lbuloq ochiq tarzdagi ko’p qatlamli makon bulib, undan 41 ta qatlam ochilgan, uning yuqori qatlamlari so’nggi tosh va muste davrlari bilan belgilanadi. Uning quyi qatlamlaridan esa ashel davriga mansub juda ko’p qo’pol tosh qurollar, xususan chaqmoqtosh va slanestli chaqmoqtoshdan yasalgan qurollar topildi. Nukleuslar, parrakchalar, qo’l chopqilari, sodda tosh qirg’ichlar ham topilgan bo’lib, ular ishlanish texnikasi jihatidan o’ziga xos xususiyatlarga egadir. Ayni vaqtda mazkur madaniy qatlamdan kul, ko’mir qoldiqlari va odam g’ajib tashlagan har xil yovvoyi hayvonlar suyaklari ham topilgan. Bu makon madaniy qatlamlaridan topilgan suyak va boshqa buyumlarning xususiyatiga qarab, ko’lbuloqliklar ovchilik va termachilik bilan shug’ullanganlar va shu asosda tirikchilik o’tkazganlar, degan xulosaga kelish mumkin.
Ko’lbuloq makoni faqat O’zbekistonda yoki hatto O’rta Osiyodagina emas, jahon miqyosida eng qadimgi tosh asri yodgorligining ajoyib namunasi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |