Boyqut — Samarqand viloyati Narpay tumanida boyqut degan urug’ bor. Qishloq o’z nomini shu urug’ nomidan olgan.
Boldir — Samarqand viloyati Pastdarg’om tumanidagi qishloq, Surxondaryo viloyati Muzrabod tumanida ham shunday qishloq bor. Boldirdo’ng, tumshuq. Boldir degan etnonim ham bo’lsa kerak. Qishloq hozir ham shu nom bilan ataladi.
Bolg’ali — Samarqand viloyati Bulung’ur, Narpay, Oqdaryo, Pastdarg’om, Paxtakor, Xatirchi tumanlaridagi qishloqlarning nomi. Sirdaryo viloyati Zomin, Forish, G’allaorol tumanlarida ham shu nom bilan ataluvchi qishloqlar mavjud. Qo’ng’irot, qoraxitoy, yuz qabilalari tarkibidagi urug’lardan biri tamg’asi bolg’a shaklida bo’lganidan bolg’ali deb atalgan. Bolg’a, bolg’ali urug’i boshqird, qozoq va boshqa turkiy xalqlar tarkibida ham tilga olinadi.
Chelak — Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan qishloq. Toshkent viloyati Bekobod tumanida ham shunday qishloq bor. Chelak, to’g’risi, chelakli urug’i bo’lgan. Masalan, do’rman qabilasining bir shoxobchasi ko’kchelak deb atalgan. Payariq tumanida Oqchelak degan qishloq bor. Urgut nomlari ko’pincha juft-juft bo’lgan: oq mang’it, qora mang’it, oq qo’yli, qora qo’yli, oq nayman, qora nayman va hokazo. Demak chelak urug’i oq chelak, ko’k chelakka bo’lingan. Ko’rinib turibdiki, mazkur qishloqning nomi urug’ nomidan olingan. Hozir ham shu nom bilan yuritiladi.
Ulus — Samarqand viloyati Pastdarg’om tumanidagi qishloq. Ulus so’zining xalq, yurt ma’nolari ham bor: har ulus necha ela va har el necha uymog’a va har uymo haymoq (necha bo’ya) bo’y va urug’ga taqsim qilinur, deb ta’kidlanadi Muhammad an-Narshaxiy asarida. Bu so’zlarning ma’nosidan qat’i nazar, qanjig’ali va qo’shtamg’ali urug’larning bir qismi, dahasi ulus deb atalgan, qishloq shu nomdan olingan.
Xilboshi — Samarqand viloyati Xatirchi tumanidagi qishloq nomi. «Xil» so’zining bir necha ma’nosi bor: nav, tur, zot va hokazo. Bu so’z avlod, toifa, urug’, irsiyat ma’nolarida ham qo’llaniladi. Masalan, qabristonda bir ajdoddan tarqalgan kishilar dafn qilinadigan joy xilxona deyiladi. Tojik, fors, pushtu (afg’on) tillaridan xil so’zi xel shaklida talaffuz qilinadi. Xilboshi yoki Xeylboshi bo’lishi ham mumkin, chunki Nizomulmulkning «Siyosatnoma» asarida ham bu so’z Xeylboshi sifatida yozilgan bo’lib, avlodning boshi, urug’ boshlig’i demakdir. Qishloq nomi shu so’zdan kelib chiqqan.
Do'stlaringiz bilan baham: |