Xoncharvoq — Pastdarg’om tumanidagi qishloq. Xoncharvoq — «Xonning chorbog’i» degan ma’noni bildiradi. Qishloq hozir shu nom bilan ataladi.
Qoraguzar — Samarqand viloyatidagi dovon. Suvdan o’tiladigan joy — kechik, guzar deyiladi, tog’dan oshib o’tiladigan joy — dovon ham ba’zi joylarda guzar deb ataladi. Aniqrog’i tog’dan oshib o’tiladigan joy dovon deyiladi. Qorong’i joydan, tog’ darasidan o’tilgan joyni Qoraguzar deb ataganlar.
Talli Barzu — Samarqand yaqinidagi tepalik: «baland tepalik» (tall — arabcha «tepalik», bara — so’g’dcha «baland» yoki «Barzu tepaligi») demakdir. Barzu — Firdavsiyning «Shohnoma» dostoni qahramonlaridan biri — afsonaviy pahlavonning nabirasi (Barzu degan ism uzun bo’yli yoki martabali demakdir).
Tallak — Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi qishloq nomi. Tall — tepalik, do’nglik, ak — kichraytirish affiksi, kichik tepalik degan ma’noni bildiradi. Mazkur qishloq nomi shundan kelib chiqqan.
Taxdso’h — Samarqand viloyati Nurota tumanidagi tog’. Tahko’h taxt, ya’ni «baland», «yuksak» hamda ko’h — «tog’» so’zlaridan olingan bo’lib, baland tog’ degan ma’noni bildiradi.
Temirqopuq — Samarqand viloyati Nurota tumanidagi qishloq nomi. Temirqopuq qadimgi so’z bo’lib, «temir darboza» demakdir. Tor daradan o’tgan tog’ yo’li turkiycha Temirqopuq, tojikcha Darbandi ohanin, arabcha Bobili hadid deb atalgan va bu tillarning hammasida «Temir darvoza» degan ma’no yotadi. Surxondaryo viloyatidagi Bo’zg’olaxona (Koxlug) darasi, Jizzax yaqinidagi Ilono’tdi darasi ham ilgarilari Temirqopuq deb atalar edi. Demak, Temirqopuq juda qadimiy nomlardandir.
Tim — Samarqand viloyati Narpay tumanidagi qishloq. Tim juda qadimiy so’z bo’lib, usti yopiq bozor yoki rasta degan ma’noni anglatgan. Arablar kelmasdan oldin O’rta Osiyoda tim deganda har qanday bozor tushunilgan va bu so’zning «bozor» ma’nosi so’nggi vaqtlargacha saqlanib qolgan. Tim so’zi Tojikistondagi Mug’ tepaligidan topilgan qadimgi (VIII asr) sug’d yozuvlarida va arab tilida yozilgan manbalarda uchraydi. Sug’d tilida ham tim «do’kon», «savdo binosi» ma’nosini bildiradi.
Arab sayyohi Equtning (taxm. 1179—1229) yozishicha, Xurosonda tim karvonsaroy ma’nosini anglatgan. Fors lug’atlarida ham tim so’ziga «karvonsaroy» deb izoh berilgan. Mazkur qishloq nomi shundan olingan.
Toshqoq — Samarqand viloyati Narpay tumanidagi qishloq nomi. Tog’lardagi toshlar orasida yig’ilgan ko’lmak suv toshqoq deyiladi. Qishloq nomi ana shu so’zdan olingan.
Suluk — Samarqand viloyati Nurota tumanidagi qishloq nomi. Farg’ona viloyati Oxunboboev tumanida, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida suvda yashaydigan jonivor — zulukni shevalarda suluk deyishadi. Agar shunday bo’lganda, bu so’z qandaydir boshqa komponent bilan birga qo’shilgan bo’lar edi (Sulukli, Zulukli va hokazo). So’g’d, So’g’diyona o’lkasining dialektal shakli Sulik bo’lgan va mazkur toponimlar shaklida bizgacha etib kelgan bo’lishi mumkin, chunki bu toponimlar aslida So’g’d hududida qayd qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |