Hazorasp — shu nomli tuman markazi. Hazorasp so’zining ma’nosi quyidagicha: Hazor degani fors-tojik tilida «ming», asp degani “ot” ya’ni ming ot degan ma’noni bildiradi. Hazorasp Xorazmning janubiy chegara qal’asi bo’lib, unda ming otliq saqlangan. Dushman hujum qiladigan bo’lsa, Hazorasp qal’asi zarbani birinchi bo’lib o’ziga olgan. Xivadan madad kelgunga qadar dushman bilan kurashgan. Asta-sekinlik bilan qal’a ichida aholi ko’payib, qal’adan tashqarida o’rnasha boshlagan. Qal’adan bir necha kilometr beriroqda ham qishloq qurila boshlagan.
Yangibozor — aholining savdo-sotiq ishlari faqat qal’a bozorida bo’lgan, so’ngra u chekka qishloqlarning birida to’planib, savdo-sotiq ishlarini olib borganlar. Qal’a bozori bilan bu bozorni bir-biridan farq qilish uchun qishloq bozoriga «Yangi bozor» deb nom qo’yishgan. Shu-shu bo’lib qishloqning nomi Yangibozor bo’lib qolgan.
Qo’shko’pir — tumani Xorazm viloyatining yirik tumanlaridan biri. Hozirgi kunda tumanda 9 ta qishloq bo’lib, bu qishloqlar nomlarining kelib chiqishi juda qiziq. Quyida biz bu haqda fikr yuritamiz:
Kenagas — bu qishloq mahalliy xalq orasida Kanayas deb yuritiladi, chunki hududdan Kanayas arig’i oqib o’tadi. Qishloqning markaziy qismiga Karaman qal’asi deyishadi. Karaman — Xorazmda o’suvchi ulkan daraxt. Qariyalarning so’zlariga qaraganda, bu erda Xiva xonligi davrida mudofaa vazifasini bajaruvchi kichik, o’ziga xos qal’acha bo’lgan. Kenagas degan qabila ham bo’lgan.
Xadra — Qo’shKo’pir tumanidagi ikkinchi qishloqning nomi. Xadra so’zining ma’nosi qal’a yoki shaharning cheti demakdir. Xadra qishlog’i Xiva qal’asining shimol tomonida joylashgani uchun ham Xadra nomini olgan bo’lishi mumkin.
O’zbekyop — shu tumandagi uchinchi qishloq bo’lib, uning ma’nosini shunday tushuntirish mumkin. O’zbek — shu qishloqda yashovchi xalqning millati. «yop» so’zi xorazmcha bo’lib, ariq yoki kanal ma’nosini bildiradi. Bu qishloq qo’shni Turkmaniston yerlariga yaqin bo’lgani uchun ular bu ariqni o’zbekning yopi, ya’ni arig’i deyishgan. O’zbekyop qishlog’ining markazi Qorovul deb ataladi. Bu so’zni mahalliy sheva tili ma’nosida qora va ovul deb tushunish mumkin, u bora-bora Qoravul bo’lib qolgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |