Klaster
2-mavzu. Til va yozuv masalalari.
Reja:
1.Yozuv haqida umumiy ma’lumot.
2.O‘zbek yozuvlari tarixidan.
3.Harf va alifbo.
Tayanch so‘z va iboralar: yozuv, yozuv turlari, talaffuz va imlo, og‘zaki nutq, piktografik yozuv, logografik yozuv, harf-tovush yozuvi, kirill yozuvi, lotin yozuvi.
Yozuv – muayyan bir tilda qabul etilgan va kishilar oʻrtasidagi muloqotga xizmat qiladigan yozma belgilar yoki tasvirlar tizimi. U kishilik jamiyati madaniy taraqqiyotining tom maʼnodagi ibtidosi, bashariyatning uzoq va murakkab tadrijiy takomili jarayonidagi omillarning eng asosiylaridan biri. Yozuv tildan ancha keyin paydo boʻlgan (tovush tili 400 – 500 ming yillar ilgari yuzaga kelgan, yozuvning paydo boʻlganiga esa 4-5 ming yillar boʻlgan). Ogʻzaki til (nutq)ning zamon (vaqt) va makon (masofa) nuqtayi nazaridan cheklanganligi va uni bartaraf etish zaruriyati yozuvning paydo boʻlishiga olib kelgan.
Yozuvning paydo boʻlishi va taraqqiyoti jamiyat rivoji, shuningdek, muayyan masofadagi kishilarning oʻzaro aloqa qilish ehtiyoji, siyosiy, huquqiy, diniy va estetik xarakterdagi axborotlarni qayd etish, saralash zaruriyati bilan bevosita bogʻliq.
Inson nutqi ikki xil ko‘rinishga ega bo‘ladi: og‘zaki va yozma. Yozma nutq og‘zaki nutqni maxsus belgilar tizimi yordamida ifodalash demakdir. Og‘zaki nutqda tovushlardan, yozma nutqda esa harflardan foydalanamiz. Yozma nutq yozuvning kelib chiqishi va uning tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Tarixchilarning aniqlashicha, yozuv dastlab Messopatamiyada paydo bo‘lgan va bu yozuv tarixga mixxat yozuvi nomi bilan kirib kelgan. Hozirda dunyoda 220 ga yaqin yozuv turi bor deb taxmin qilinadi.
Har bir tildagi harflar o‘z alifbo tartibiga ega bo‘ladi. Alifbo so‘zi ham dastlabki ikki harf nomidan olingan. Alifbo harflarni xotirada yaxshi saqlash, kutubxonalarda kitoblar katalogini tuzish, lug‘at va ro‘yxatlar tuzish uchun qo‘l keladi.
Boshqa xalqlar qatori o‘zbek xalqi ham o‘tmishda bir qancha yozuv turlaridan foydalangan. Avesto, o‘rxun-enasoy, sug‘d, xorazm, uyg‘ur, arab yozuvlari shular jumlasidandir. Bu yozuvlarda xalqimizning tarixi, urf-odatlari, madaniyati va san’atiga aloqador bo‘lgan qimmatli ma’lumotlar saqlanib qolgan.
1930-yildan to 1940-yilga qadar xalqimiz lotin yozuvidan foydalandi. 1940-yilning may oyidan boshlab esa rus grafikasi(kirillitsa)ga asoslangan o‘zbek yozuvi amalda tatbiq etildi.
Mustaqillik barcha sohalarda bo‘lgani singari yozuv borasida ham milliy davlatchilik siyosatini yurgizish imkoniyatlarini yaratdi. 1993-yilning 2-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Yozuvlardan juda keng tarqalgani lotin yozuvi bo‘lib, jahon xalqlarining 30% dan ziyodi shu yozuvni qo‘llaydilar. 1995-yilning 6-may kuni O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonuni e’lon qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |