1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja
-§. Antik davri shaharsozligi va me’morchiligi
Download 192.46 Kb.
|
SMT
3-§. Antik davri shaharsozligi va me’morchiligi
Yaqin va O‘rta Sharqning turli davlatlari, jumladan O‘rta Osiyo hududlarida katta xronologik davr yunon - makedon sulolalari siyosiy hukmronligi davri sifatida izohlanib fanda bu davr - ellinizm davri deb ataladi. Ellinizm - (Bolqon yarim orolidagi Ellada-Yunoniston nomi bilan bog‘liq) bu aniq tarixiy mavjudlik bo‘lib, iqtisodiy hayotda, ijtimoiy va siyosiy tuzumda, mafkura va madaniyatda ellin (yunon) hamda Sharq an’analarining o‘zaro uyg‘unlashuvi ifodasidir. Qadimgi (antik) davrda ellin dunyosi Yunonistondan Hind daryosi vodiysigacha bo‘lgan ulkan hududni qamrab olgan edi. Tadqiqotchilar, ellinlashuv darajasiga qarab bu hududni uchta mintaqaga bo‘ladilar. 1. Ellada; 2. Kichik Osiyo, Suriya va Misr; 3. Frot daryosining Sharqidagi viloyatlar. Bu hududlar tarixiy adabiyotlarda «ellinlashgan Sharq» tushunchasida aks etgan bo‘lib, uning tarkibiga Mesopotamiya, Eron, O‘rta Osiyoning janubiy viloyatlari, Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonning Aleksandr bosib olgan hududlari kirgan. Makedoniyalik Aleksandr yurishlari natijasida keng miqyosda boshlangan ellinizm - yunonlar madaniyatining kirib kelishi Baqtriya, Parfiya va Sug‘diyona shaharlari, hunarmandchiligi va badiiy-amaliy san’atiga katta ta’sir ko‘rsatdi. yozma manbalar Aleksandr nomi bilan bog‘liq uchta shahar: Aleksandriya Oksiana (Oks bo‘yidagi Aleksandriya), Aleksandriya Marg‘iyona (Marg‘iyona Aleksandriyasi), Aleksandriya Esxata (Chekkadagi Aleksandriya) haqida ma’lumotlar beradi. Ulardan tashqari ”katoykiyalar” deb nomlangan yunon harbiy istehkomlari manzilgohlari ham mavjud edi. Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida O‘rta Osiyoning janubiy hududlaridan ellinizm madaniyati bilan bog‘liq bo‘lgan turar-joylar, moddiy-ma’naviy madaniyat buyumlari, tanga pullarning topilishi bu hududlardagi mahalliy madaniyatga ellin an’analari (shaharsozlik, haykaltaroshlik, badiiy-amaliy san’at, alifbo va boshq.) ta’sir etganidan dalolat beradi. Shu bilan birgalikda bu topilmalar mahalliy madaniyatdagi rivojlanish qadimgi (antik) davr Sharq va G‘arb madaniyatining o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida o‘ziga xos madaniyat darajasiga ko‘tarilishining ham guvohidir. Strabonning ma’lumotlariga ko‘ra, Aleksandr Baqtriya va Sug‘diyonada 8 ta shaharga, Yustinning yozilishicha, 12 ta shaharga asos solgan. Ammo, mazkur ma’lumotlar arxeologik tadqiqotlar ma’lumotlari bilan tasdiqlanmagan va ko‘pgina ilmiy munozaralarga sabab bo‘lganki, bu alohida mavzu hisoblanadi. Biz O‘rta Osiyo hududlarida Aleksandr Makedonskiy uchta: Oks Aleksandriyasi, Aleksandriya Esxata (Uzoqdagi Aleksandriya) va Marg‘iyonadagi Aleksandriya shaharlariga asos solganligi haqida ma’lum ma’lumotlarga egamiz. Oks Aleksandriyasi geografik joylashishi haqida ilmiy adabiyotlarda turli fikrlar mavjud. Ularga ko‘ra bu shahar Termiz o‘rnida (V.Tarn) yoki Afg‘onistonning shimoli-sharqida Oyxonim shahar xarobalari joyida (P.Bernar) va Termizdan 30 km shimoli-g‘arbida Kampirtepa o‘rnida bunyod etilgan (E.V.Rtveladze). Kampirtepadagi tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Oks (Amudaryo) bo‘yidagi Aleksandriya harbiy - strategik sharoitni hisobga olib bunyod etilgan. Ushbu shahar Amudaryodan muhim kechuvda Baqtra shahriga olib boruvchi tranzit yo‘lda joylashgan. Shahar bir tomondan, zabt etilgan hududlardagi yunon-makedonlar hokimiyatining tayanch nuqtasi bo‘lib, ikkinchidan, Darband darasidagi Uzundara, Boysundan janubda joylashgan Qo‘rg‘onzol, Sherobod vohasidagi Jondavlat kabi istehkomlaridek tog‘li vohalar orqali shimoli-sharqdan kirib keluvchi ko‘chmanchilar bosqinidan himoya qiluvchi qal’a sifatida barpo etilgan. Boshqa taxminlarga ko‘ra, Oyxonim o‘rnida shaharga asos solinishi uchun ikkita daryoning qo‘shilish (Amudaryo va Ko‘kcha) qo‘lay joy tanlangan. Bu joyda baland tabiiy tepalikning mavjudligi ham muhim bo‘lib, uning ustiga shahar qal’asi - akropolini qurish imkoniyati bor edi. Shuningdek, shaharning qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlab turuvchi juda katta serhosil tekislikka tutashib ketganligi ham iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlar edi. Umuman olganda, ko‘hna shahar tuzilishi va saroy me’morchiligi yunon uslublarini eslatsada, aslida uning tuzilishida Qadimgi Sharq an’analari ustunlik qiladi. Qadimgi Farg‘ona va Ustrushona chegaralarida, Sirdaryo bo‘yida, hozirgi Xo‘jand hududlarida mil. avv. VI-V asrlarda manzilgoh paydo bo‘ladi. Bu yerdan himoya devorlari va shahar qurilishining qoldiqlari ochib o‘rganilgan. Keyinchalik bu shahar Aleksandr tomonidan bosib olinadi va uning o‘rniga Uzoqdagi Aleksandriya bunyod etiladi. Shaharning qal’asi antik davr an’analari asosida paxsadan qad ko‘targan va alohida devor bilan o‘rab olingan. Shaharning pastki qatlamlarida qurilish izlari yaxshi saqlanmagan. Mil. avv. IV-III asrlar qatlamlarida turar-joylar, xo‘jalik xonalari, harbiylar boshpanalari ochib o‘rganilgan. Bu shahar Aleksandrning Sirdaryo bo‘ylaridagi harbiy tayanch nuqtasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq qurilish materiallari va uslublari hamda me’morchilikda mahalliy binokorlik an’analari aks etilgan. Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Ahamoniylar davridayoq Marg‘iyona shahri mavjud edi. Bu davrda Marv vohasidagi Erkqal’a kabi maydoni 20 gektardan iborat shahar bo‘lgan. Uning tevaragida Govurqal’a hududlari shu davrda o‘zlashtiriladi. O‘rta Osiyo janubida urbanizatsiya jarayonlarining rivojlanishi boy o‘tmish va shaharsozlik an’analariga ega bo‘lganligini biz bilamiz. Shu bois Aleksandr yurishlariga qadar ham bu hududlarda yuksak shaharsozlik madaniyati rivojlanganligini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. O‘z davrida Salavkiy hukmdorlari keng istilochilik siyosatini amalga oshirish maqsadida shaharsozlik bilan ham faol Shug‘ullanganlar. Ular keyinchalik «Salavkiya» deb nomlangan shahar markazlariga asos solganlar. Bunyod etilgan manzilgoh sulola vakillaridan birining nomi bilan nomlangan hollarda unga polis - shahar huquqi berilgan. Pliniy Marg‘iyonaning markaziy shahri haqida shunday ma’lumot beradi: «Unda Aleksandr Aleksandriyaga asos soldi, ammo varvarlar bu shaharni vayron qildilar. Salavkning o‘g‘li Antiox bu shaharni xuddi shu joyda qayta tikladi. ... U shaharga o‘z nomini berishni lozim topdi». Bunday xabar Strabon asarida ham uchraydi. yozma manbalar ma’lumotlarini arxeologik tadqiqotlar ham tasdiqlaydi. Salavkiylar davrida O‘rta Osiyo shaharlarining holati va ichki tuzilishi haqida ma’lumotlar yetarli emas. Aftidan, Sharqda yunon harbiy istehkomlari - katoykiyalar ham qurilgan. Ko‘chirib keltirilgan yunonlar Salavkiylar hokimiyatining asosiy harbiy tayanchini tashkil etgan. Tadqiqotchilarning fikricha, Salavkiylar o‘z shaharsozlik faoliyatini Sharqda ham, G‘arbda ham amalga oshirganlar degan qarashlar ham mavjud. Biroq Sug‘d va Shimoliy Baqtriyada yangi shaharlar barpo etilganligi to‘g‘risida yozma manbalarda ma’lumotlar mavjud emas. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, Salavkiylardan avval vujudga kelgan eski shaharlar - Baqtra, Maroqanda, Naxshapa (Qarshi) yirik iqtisodiy - madaniy markazlariga aylangan. Download 192.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling