1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja
Download 192.46 Kb.
|
SMT
- Bu sahifa navigatsiya:
- 1-§. Fanning predmeti, maqsad va vazifalari, manba va asoslari.
1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja: 1-§. Fanning predmeti, maqsad va vazifalari, manba va asoslari. 2-§. Madaniyat va san’at tushunchasi talqinida tarixiylik. Madaniyat va san’atning umumiy xususiyatlari. 3-§. Madaniyat va san’atning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati.
O‘zbekiston jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini o‘rganish va targ‘ib etish, ta’lim–tarbiya sohasida undan keng foydalanish, yosh avlodni tarbiyalashda o‘ta muhim vazifadir. Zero, ma’naviyatning asosi bo‘lmish tarix, insonparvarlik qadriyatlariga sodiqlik, milliy g‘urur va iftixor, vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishda, tarixiy xotira esa milliy o‘zlikni anglashga, inson dunyoqarashini kengaytirishga va tarixiy ongni shakllantirishga ko‘mak beruvchi katta kuch hisoblanadi. Mustaqillik tufayli O‘zbekistonda tarix va madaniy merosga munosabat davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Istiqlol yillarida madaniy va ma’naviy merosni tiklash, madaniyat va san’at tarixini xolis yoritish muhim ahamiyat kasb etdi. Yevropada madaniyat deyilganda dastlab insonning tabiatga ko‘rsatadigan maqsadga muvofiq ta’siri, shuningdek, insonga ta’lim tarbiya berish tushunilgan (lot. cultur - yerni ishlash, parvarishlash; ruschadagi "kultura" so‘zi ham shundan olingan). Madaniyat faqat mavjud norma va urf-odatlarga rioya qilish qobiliyatini rivojlantirishni emas, balki ularga rioya qilish istagini rag‘batlantirishni ham o‘z ichiga olgan. Madaniyatga bunday ikki yoqlama yondashuv har qanday jamiyatga xos (masalan, qadimgi Xitoyda jen, Hindistonda dharma). Ellinlar “madaniyatsiz” varvarlardan o‘zlarining asosiy farqini “paydey”, ya’ni “tarbiyalanganlik”da deb bilganlar. Qadimgi Rimning so‘nggi davrlarida madaniyat tushunchasi ijtimoiy hayotning shahar turmush tarzini ifodalovchi mazmunlar bilan ham boyigan va o‘rta asrlarga kelib keng tarqalgan. Bu tushuncha keyinchalik kelib chiqqan sivilizatsiya tushunchasiga yaqin turadi. O‘zbekistonning madaniyati va san’ati tarixi fan sifatida Vatanimiz tarixida ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan boy madaniyatimizni o‘rganish va talaba yoshlarning tarixiy dunyoqarashini boyitish, mustaqil fikrni qaror toptirish, O‘zbekistonning madaniyati va san’ati tarixining inson va jamiyat tarixi bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatib berishdan iborat. Tarixiy-madaniy meros milliy o‘zlikni anglashga ko‘maklashadi, avlodlarga o‘tmish madaniyati va san’ati an’analari xususida xabar berib, xalqning dunyo tamaddunidagi o‘rnini ko‘rsatadi. “O‘zbekistonning madaniyati va san’ati tarixi” o‘quv fanini maqsadi O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixining asosiy bosqichlari, san’at tarixining ma’lum bir tarixiy hodisalari, jahon tarixida O‘zbekiston madaniyati va san’atining tutgan o‘rni o‘rganishdan iborat. Shuningdek, zamonaviy jarayonlarda O‘zbekiston madaniyati va san’atining jahon hamjamiyatida namoyon bo‘lishi, tarixiylik va holislik nuqtai nazaridan O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixi muammolarining ishlab chiqilishi jarayonlarini anglash ham lozim. O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixi fanining vazifalarini quyidagicha belgilash mumkin: – Madaniyat, san’at, xususan O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixining dolzarb muammolarini o‘rganish. Mavjud manbalar asosida xolislik va haqqoniylik mezonlariga tayanib tarixiy rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganish. – O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixining turli davrlaridagi tarixiy jarayonlarning o‘ziga xosligini qiyosiy tahlil qilish. – Zamon talablaridan kelib chiqib imkoniyat darajasida fandagi innovatsiyalarni doimiy ravishda jalb etish. – Tarixiy davrlardagi davrlardagi madaniyat va san’at taraqqiyotining turg‘unlik, inqiroz va taraqqiyot bosqichlari sabablarini ochib berish. – Fandagi ilmiy asoslangan yangi nazariyalarni tahlil va umumlashtirish uslubi asosida o‘quv jarayoniga joriy etish. – Milliy va umuminsoniy tarixiy, ilmiy–nazariy dunyoqarashni shakllantirish. – Milliy g‘urur va o‘zlikni anglash, vijdon va umuminsoniy barkamollikni tarbiyalash. – Milliy va tarixiy-madaniy merosni e’zozlash, asrab–avaylash ruhini singdirish. Fanni o‘rganishdagi muhim hisoblangan manbalarni umumiy tabiati, o‘tmishni o‘zida aks ettirishiga qarab quyidagi quyidagi turkumga bo‘lish mumkin: 1. Moddiy yoki arxeologik manbalar. Ma’lumki, eng qadimgi davr tarixining o‘ziga xos xususiyati, shundan iboratki, u yozma manbalar orqali yoritilmagan. Odamzodning uzoq o‘tmishidan darak beruvchi asosiy ma’lumotlar – moddiy (ashyoviy) manbalar bo‘lib, ularning barchasini odamlar yaratgan va ular inson hayoti hamda faoliyatida muhim o‘rin topgan. Moddiy manbalarning ko‘pi yer ostida arxeologik yodgorliklarning madaniy qatlamlarida saqlanadi va ular arxeologik qazuv ishlari orqali topib tekshiriladi. Moddiy ashyoviy manbalarga insonning turmush tarzi, moddiy madaniyati va ishlab chiqrish bilan bog‘langan topilmalar, ya’ni tosh, suyak, metalldan ishlangan mehnat hamda jang qurollari, qo‘lda va charxda yasalgan sopol idishlar, kulolchilik buyumlari – urchuq boshi, sopol chiroq hamda qadimiy zeb-ziynatlar, san’at buyumlari, tanga pullar va boshqa topilmalar kiradi. Moddiy manbalar yozuvsiz zamonlardagi tariximizni tiklash uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Ular arxeologik yodgorliklar – odamlar yashagan joylar, eng qadimgi g‘or-makonlari, qadimiy manzilgohlar, qishloq va shahar xarobalari, qoyatosh suratlari, hunarmandchilik ustaxonalari, istehkomlar, ibodatxonalar, qadimgi sug‘orish inshootlari, ishlab chiqarish uchun xomashyo qazib olingan konlar o‘rganilishi natijasida topiladi. 2. Yozma manbalar tarixiy manbalarning muhim va asosiy turi bo‘lib, ular insonning ijtimoiy faoliyati, o‘zaro munosabatlari natijasi o‘laroq yaratilgan va o‘sha zamonlarda yuz bergan ijtimoiy–siyosiy voqealarni o‘zida aks ettirgan manba sifatida O‘zbekiston tarixini o‘rganishda muhim o‘rin tutadi. Ularga epigrafik yodgorliklar, ya’ni, tosh, metall, suyak, yog‘och, charm va sopolga bitilgan yozuvlar, «Avesto», mixxat yozuvlar, qadimgi va o‘rta asrlar mualliflarining asarlari pergament va qog‘ozlardagi qo‘lyozmalar, o‘rta asrlar binolari va qabr toshlaridagi yozuvlar kiradi. 3. Etnografik manbalar. Etnografiya so‘zi yunon tilidan olingan bo‘lib, “etnos” – xalq, “grapxo” – yozaman, xalq haqidagi ma’lumotlar, xalqshunoslik degan ma’noni bildiradi. Xalqlarning kelib chiqishi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar, masalan, xalq, qabila va urug‘ nomlari, inson qo‘li, aql–zakovati bilan yaratilgan qurol va buyumlarning, naqsh va bezaklaring, kishilar ongida, shuningdek og‘zaki va yozma adabiyotda saqlanib qolgan ma’lumotlar (an’analar, urf–odatlar), kishilarning turmush tarzi etnografik manba hisoblanadi. 4. Lingvistik manbalar. Lotincha “lingua” – til so‘zidan olingan. Tilimizdagi, uning leksik tarkibida uzoq o‘tmishdan qolgan ijtimoiy–iqtisodiy, ma’muriy va huquqiy atamalar: chokar (ilk o‘rta asrlarda katta yer egasinining molu jonini qo‘riqlab, uni ichki va tashqi yovlardan muhofaza qilgan), kashovarz (qishloq jamoalarining oddiy mehnatkash a’zosi), kadivar (katta yer egalariga qaram bo‘lib qolgan qishloqning ziroatkor aholisi); vag‘nze (ibodatxona tasarrufudagi yerlar) va boshq.,; joy, xalq, qabila va urug‘ nomlari: do‘rmon, qo‘ng‘irot, mang‘it, jaloir, qatag‘on, minglar,chig‘atoy va boshqalar ko‘p uchraydi. Shu va shunga o‘xshash terminlar shubhasiz qimmatli tarixiy material bo‘lib, uzoq o‘tmishdagi ajdodlarimizning ijtimoiy–siyosiy hayotini o‘rganishda yordam beradi. Ularning kelib chiqishi va etimologiyasini lingvistika fani o‘rganadi. 5. Xalq og‘zaki adabiyoti. Og‘zaki adabiyot madaniyatning eng qadimgi sohalaridan bo‘lib, uning ildizi qadim zamonlarga borib taqaladi. Og‘zaki adabiyotning ayrim namunalari qadimgi yunon tarixchilari, shuningdek, Sharq olimlarining asarlari orqali bizgacha yetib kelgan. Kaykovus, Jamshid va Siyovush, To‘maris va Shiroq haqidagi qissalar shular jumlasidandir. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” kabi dostonlar, shuningdek, xalq ertaklari, marosim qo‘shiqlari, matal va topishmoqlarning o‘z davri ijtimoiy munosabatlari tarixini o‘rganishdagi o‘rni beqiyosdir. Yozma adabiyotdan avval paydo bo‘lgan bu xalq durdonalari turli ijtimoiy tabaqaga mansub kishilarning turmushi, ma’naviy qiyofasi, urf–odati, shu davrda hukm surgan ijtimoiy munosabatlar haqida qiziqarli ma’lumotlar beradi. Shuningdek, minglab yillar davomida yaratilgan ushbu tarixiy-madaniy merosni o‘rganishda yordamchi fanlarning ahamiyati beqiyosdir. Chunonchi, O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixini o‘rganishda tarix fanining paleografiya, epigrafika, numizmatika, geraldika, sfragistika, kabi yordamchi fanlari qo‘lga kiritgan yutuqlarga tayaniladi.
Download 192.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling