1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja
Download 192.46 Kb.
|
SMT
- Bu sahifa navigatsiya:
- 13-maruza
2-§. Xorazm Ma’mun akademiyasi
Ilmiy markaz tuzish, fan taraqqiyotiga xizmat qilish, uning samaralaridan foydalanishga intilish an’anasi X asr oxiri XI asrning boshlarida Xorazmda hukmronlik qilgan Ma’muniylar (995-1017) sulolasi davrida ham davom ettirildi va yanada yuqori pog‘onaga ko‘rsatildi. 995 yil Gurganj amiri Ma’mun ibn Muhammad ibn Iroq Afrig‘iylar sulolasiga barham berdi. U Kat shahrini bosib oladi va poytaxtni Gurganjga ko‘chirib, o‘zini xorazmshoh deb e’lon qiladi. Uning vorisi Ali ibn Ma’muning taklifi bilan 1004-1005 yillarda Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Sahl Masihiy, al-Ho‘jandiy, kimyogar olim Abdu Malik as-Solibiy kabi o‘z davrining o‘nlab buyuk olimlari Gurganj shahriga to‘planadilar. Shu tariqa 1004 yildan boshlab Gurganjda «Dor-ul-hikma va maorif» (ba’zi manbalarda «Majlisi ulamo») nomini olgan ilmiy muassasa to‘la shakllandi. Bu erda ilmning barcha sohalarida tadqiqot va izlanishlar olib borilib, ko‘plab manbalar to‘plangan, tarjimonlik ishlari bajarilgan, hind, yunon, arab olimlarining ishlari o‘rganilgan. XVIII-XX asr tarixchi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar bu dargoh o‘z davrining Akademiyasi bo‘lganligini isbotladi. Keyinchalik unga shartli ravishda “Xorazm Ma’mun Akademiyasi” deb nom berildi. Xorazm Ma’mun Akademiyasi jahon ilmiy tafakkuri, madaniy va ma’naviy taraqqiyotining benazir hodisasi sifatida tarixda chuqur iz qoldirgan. Dunyo sivilizatsiyasi tarixida bunday an’analar qadimiy ildizlarga egadir. Aflotun Akademiyasi “bog‘ suhbatlari” - olimlarning turli mavzular bo‘yicha bahs-munozaralari shaklida amal qilgan bo‘lsa, keyingi davrlardagi ilmiy markazlar olimlarning doimiy ish olib boruvchi uyushmalariga aylangan. Aynan mazkur akademiyalarda ilm-fan va ta’lim sohalari uyg‘unligi namoyon bo‘ldi. Ushbu tarixiy an’analar islom davrida yangi sifat darajasiga etdi. Bag‘dodda Ma’mun ibn Xorun ar-Rashid davrida tashkil topgan «Bayt ul-hikma» Sharqning eng buyuk allomalarini shu jumladan, o‘rta osiyolik olimlarni o‘z atrofiga to‘plagan edi. «Bayt ul-hikma» o‘z davri fan tarakkiyotini yuksak darajaga etkazibgina qolmay, mumtoz yunon-rim antik davri fanining yoyilishiga ham xizmat qildi. X asr oxiri - XI asr boshlariga kelib Arab xalifaligi siyosiy hokimiyatida tanazzuliy holatlar kuzatilgan bir vaziyatda an’anaviy davlatchilik zanjiri uzoq asrlar davomida uzilmay kelgan Xorazm bir muncha barqaror rivojlanish pallasida edi. Xususan, Afrig‘iylardan hokimiyatni olgan Ma’muniylar davri bor yo‘g‘i 22 yilni tashkil etsa-da, ijtimoiy-siyosiy, madaniy sohalarda o‘ziga xos jo‘shqin davr bo‘ldi. Ayni shu qisqa davrning 1004-1017 yillari orasida shakllanib, tez sur’atlar bilan rivojlangan «Bayt ul-hikma» - «Majlisi ulamo» Sharqona «akademiyachilik»da misli ko‘rilmagan ilmiy salohiyatni ishga soldi. Bu hodisa ajdodlarimiz ilmiy dunyoqarash an’analarining kuchli ildizlaridan dalolat edi. Asrlar osha to‘plangan ilmiy tajribalar, Bag‘dod «Bayt ul-hikma»si an’analari tarix taqozosi bilan Xorazm tuprog‘ida yanada yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. Xorazm Ma’mun Akademiyasi umumbashariy ahamiyatga ega ulkan ilmiy meros qoldirishga erishdi. Xiva shahrining 2500 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tantanalarida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov Xorazmdagi Ma’mun Akademiyasini qayta tiklash tashabbusi bilan chiqdi va 1997 yil 11 noyabrda imzo chekkan farmoniga binoan Xiva shahrida Ma’mun Akademiyasi qayta tashkil qilindi. Bu voqea o‘zbek xalqi madaniy va ma’naviy hayotida muhim o‘rin egalladi. O‘zbekistonning taklifi va tashabbusi bilan YUNESKO tomonidan Ma’mun Akademiyasining 1000 yilligini xalqaro miqyosda nishonlashda ishtirok etish haqida qabul qilingan qaror hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shunga muvofiq qarori asosida 2006 yil 2 noyabr kuni Xiva shahrida yubiley tantalari va halqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. X asr olimlari, sayyohlar Xorazm zamini boyliklarini, madaniy ekinlar turlarini, xalq turmush tarzini ifodalovchi ko‘pgina ma’lumotlar qoldirganlar. Ular bu o‘lkaning uzumzor, bog‘-rog‘lari ko‘pligini, boy shahar-qishloqlardan tarkib topganini, xalqi bilimli, madaniyatli ekanligi to‘g‘risida yozganlar. Masalan, Xorazm Ma’mun akademiyasi allomalaridan Abu Mansur as-Saolibiy u erdan qo‘ylar, mo‘yna, ajoyib yoylar, tuzlangan baliqlar olib ketilishini bayon qilgan. Xorazmda dehqonchilik yuqori darajada rivojlangan bo‘lib, o‘sha davrda o‘lkada etishtirilgan poliz mahsulotlari, ayniqsa qovun butun dunyoga mashhur edi. O‘lkada hunarmandchilik ham yaxshi taraqqiy etgan bo‘lib, Buxoro, Samarqand, Gurganj hunarmandlari o‘z ustaxonalarini Orolbo‘yi, Volgabo‘yidan tortib, to Xitoygacha bo‘lgan hududda tashkil qilganlar. Ular sifati o‘sha davr uchun ancha yuqori bo‘lgan urush anjomlari, xo‘jalik buyumlarini ishlab chiqarganlar. Bu paytda Amudaryo quyi oqimida joylashgan Gurganj shahri butun Markaziy Osiyodagi yirik iqtisodiy, syyosiy markazlardan biriga aylandi. Xuroson, Movarounnahr, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar karvonlari ushbu shaharda to‘xtab, Ustyurt orqali Volga bo‘yiga, Qora dengiz atrofiga, Yevropa tomon yo‘l olardilar. Xorazm hukmdorlari Ma’mun ibn Muhammad (995-997), Ali ibn Ma’mun (997-1009) lar davlat mustaqilligini yanada mustahkamlab, uning harbiy qudratini oshirdilar. Endi unga qo‘shni bo‘lgan, Xurosonda yaqinda tashkil topgan G‘azna podsholigi, Arab xalifaligi, Kiev Rusi ham uni tan olar edi. Xorazm boshqa davlatlar siyosatida ham faol ishtirok etadigan bo‘ldi. Hatto Kiev knyazi Vladimir Xorazmga o‘z vakillarini yuborganligi haqida ham ma’lumotlar bor. Ma’muniylar mamlakat hududini ham ancha kengaytirishga muvaffaq bo‘ldilar: endi Xorazm Sirdaryo, Kaspiy (Hazar) dengizi, Volgabo‘yi oraliqlarini o‘z ichiga olgan edi. Chet davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy aloqalarning o‘sishi, mamlakat mustaqilligining mustahkamlanishi o‘lkada ilm-fan, madaniyatning yuksalishiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. Xorazmliklar uzoq o‘lkalarga borib savdo qilishlari natijasida o‘zga xalqlar madaniy hayoti bilan tanishish imkoniga ega bo‘lganlar. Xorazmda osoyishtalik va tinchlik qo‘shni mamlakatlar olimlari, shoiru san’atkorlarini o‘ziga tortar edi. 997 yil boshida xorazmshoh Ma’mun ibn Muhammad vafot etib, taxtga Abu-l-Hasan ibn Ma’mun o‘tirgach, Beruniy Xorazmga qaytib keladi. Lekin Gurganjga kelmay, eski poytaxt Katga keladi. Yangi xorazmshoh bu payt yaqin qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi aloqalar o‘rnatib, Gurganjga olimlar va adiblarni to‘play boshlagan edi. Xorazmshoh Ali ibn Ma’mun bilimdonligi va ilmga bo‘lgan qiziqishi bilan mashhur bo‘lgan. U hukmronlik qilgan davrda Gurganj Sharqning eng yirik ilm-fan va madaniyat markazlaridan biriga aylandi. Ali ibn Ma’mun saroyidagi olimu-ulamolarga ijodiy faoliyat uchun ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Beruniy 998-yil oxirida ba’zi sabablarga ko‘ra Kaspiyning janubi-Sharqidagi Gurgon shahriga Qobus ibn Vushmagir Ziyoriy (978-1012) saroyiga boradi, ibn Sino bilan falsafiy yozishmada bo‘ladi. Alloma Gurgonda to 1004 yilga qadar muqim turadi. Bu yillar u chuqur ilmiy izlanishlar, astronomik kuzatishlar olib boradi va ancha ilgari Xorazmda boshlagan yirik ilmiy asari «O‘tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar» («Osor al-boqiya an al-qurun al-holiya») ni yozib tugatadi. Bu orada Gurganjda xorazmshoh Ali ibn Ma’mun saroyida olim va adiblarning katta guruhi to‘plangan edi. 1005 yili u yerga Buxorodan Abu Ali ibn Sino keladi. O‘z tarjimai holida Abu Ali ibn Sino quyidagilarni yozgan edi: «...keyin zarurat yuzasidan Buxoroni tark etib, Gurganj tomonga ko‘chishimga to‘g‘ri keldi. U yerda ilmni sevuvchi Abu-l-Hasan as-Sahriy vazir edi, erning amiri huzuriga kirdik. Amir Ali ibn Ma’mun edi. Men uchun, menga o‘xshaganlarga beriladigan miqdorda oylik tayin qilishdi». Beruniyning Gurganjga kelishi bilan xorazmshoh saroyida to‘plangan olimlar davrasi to‘ladi. 1004 yilni shartli ravishda Xorazmdagi Ma’muniylar ilmiy to‘garagining yoki hozirgi ibora bilan aytganda Ma’mun akademiyasining to‘la shakllangan davri deyish mumkin. Ma’mun akademiyasida to‘plangan olimlar ro‘yxati bizgacha etib kelmagan va ularning tarkibi haqida biz faqat taxminlar qilishimiz mumkin. Lekin Abu Mansur as-Saolibiyning guvohligicha, Gurganjda to‘plangan faqat arabiynavis adiblarning o‘zi 200 ga yaqin bo‘lgan ekan. Xorazmshoh Abu-l-Abbos Ma’mun saroyidagi ilmiy to‘garakning akademiya deyilishi masalasiga kelsak, bunga o‘rta asr mualliflaridan Abu-l-Hasan Bayhaqiy (1105-1169) va Nizomiy Aruziy Samarqandiy (1090-1180) guvohlik berganlar. Xususan, Nizomiy Aruziy Samarqandiy o‘zining «Chahor maqola» nomli asarida bu haqida quyidagicha xabar beradi: «Xorazmshoh Abu-l-Abbos Ma’munning bir vaziri bor edi, oti Abu Husayn Ahmad Muhammad as-Suhayli edi, falsafiy tafakkur, olijanob qalbga ega va ma’rifatparvar edi. Xorazmshohning o‘zi ham falsafaga mayli ko‘p va zukkolarga muruvvatli edi. Ana shular tufayli saroyda ko‘plab faylasuflar va ulamolar to‘plandi. Jumladan, Abu Ali ibn Sino, Abu Sahd Masihiy, Abu-l-Xayr Hammor, Abu Rayhon Beruniy va Abu Nasr ibn Iroq... Ularning hammasi shu xizmatda hayotiy ehtiyojlarining hammasi bilan to‘liq ta’minlangan edi, o‘zaro do‘st edilar, suhbatlar va yozishmalar bilan orom olardilar». Bayhaqiy ham shu so‘zlarni deyarli takrorlaydi. Gurganj shahri ham aynan shu davrda gullab yashnagan. Uni Oq qal’aning olti metr balandlikdagi mustahkam devorlari o‘rab turgan. yangi qurilgan chiroyli binolar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgan. Muqaddasiy «Gurganj kun sayin kengayib borayapti, Xo‘jaj darvozasi oldida al-Ma’mun tomonidan kurilgan saroy qad ko‘targan. Bu saroy darvozalariga teng keladigani butun Xurosonda yo‘q. Uning oldiga al-Ma’munning o‘g‘li Ali saroy qurdirgan. Saroy oldida Buxorodagidek maydon bor», - deb yozadi. Ali ibn Ma’mun Gurganjda masjidlar, madrasalar, shifoxonalar qurdirgan. Shahar ko‘chalarida tozalik yuqori darajada bo‘lgan. Zero, o‘sha davrlarda bunga jiddiy e’tibor bilan qaralgan. Yo‘llarga silliqlangan toshlarning yotqizilishi, shahar hayotining a’lo darajada tashkil qilinganligi, IX-XII asr shaharlarining alohida tartibli bo‘lganligidan darak beradi. X asr oxiri -XI asr boshlarida Gurganj notinchliklardan holi bo‘lib, u erda ilm fidoiylari uchun etarli sharoit mavjud edi. Shaharda o‘z vaqtida Abdushukur Balxiy, Abulqosim Firdavsiy, Abu Nasr Forobiy kabi IX-X acrlarning ulug‘ allomalari ijod qilganlar. Ma’rifatparvarligi, ilm ahliga e’tibori bilan mashhur bo‘lgan Ma’mun ibn Ma’mun ham o‘z saroyidagi olimlarga izzat - hurmat ko‘rsatib, ularning ijodiy yutuqlariga katta qiziqish bilan qaragan. Xorazmshoh Ma’mun ibn Ma’mun akademiyasi («Majlisi ulamo»)da Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Saxl Masihiy, Abu Nasr ibn Iroq, Abu Said ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Mujavayx, Abu Mansur as-Saolibiy, Ahmad Muhammad as-Sahriy, Zaynuddin Jurjoniy, Abulkarim Zirg‘aliy, Abu Abdulloh al-Vazir, Abul Hasan Ma’mun, Abu Muhammad Xorazmiy, Abduavval ibn Abdusamadiy, Abu Azoq ibn Baxnom, al-Kosiy, Abu Abdulloh Iloqiy, Abu Abdulla an-Naysaburiy al-Xorazmiy, al-Hamdakiy, Ahmad Mas’uriy, Abu Muhammad Rakkoshiy, Abu Abdulloh Xorazmiy, Abubakr Muhammad Xorazmiy, Ahmad ibn Muhammad as-Suxayl al-Xorazmiy va boshqa olimlar matematika, astronomiya, astrologiya, ruhiyot, mantiq, tibbiyot, falsafa, tarix, tilshunoslik, ta’lim-tarbiya, kimyo, adabiyot, musiqa, geografiya, geodeziya, topografiya, mexanika singari turli fan sohalari bilan shug‘ullanib, bu ilmlarning kelajakdagi taraqqiyotiga zamin hozirladilar. 13-ma'ruzaDownload 192.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling