1-mavzu: O'. Hoshimovning "Tushda kechgan umrlar" romanida fojiaviylik. „Tushda kechgan umrlar“
-mavzu: Abdulla Qodiriyning "O'tkan kungar" romani atrofida munozaralar
Download 66.09 Kb.
|
Hilola
6-mavzu: Abdulla Qodiriyning "O'tkan kungar" romani atrofida munozaralar.
Jahon adabiyotidagi shoh asarlarning dunyoga kelish tarixi shundan dalolat beradiki, ularning har biri, avvalo, davr, ijtimoiy vaziyat taqozosi, qolaversa, mualliflar tarjimai holi, oilaviy va ijodiy muhiti, hayotiy tajribalari, bilim darajasi, tafakkur tarzi, miqyosi, ma’naviy bisoti, maslak, aqida-e’tiqodi, orzu-intilishlari, eng muhimi, ijtimoiy ideallari hosilasidir. Zamonaviy jahon adabiyotshunosligida bu muammoni o‘rganish bobida boy tajriba to‘plangan. Bizda, xususan, yangi o‘zbek adabiyoti yetuk namunalarini shu jihatdan tadqiq etish borasida ba’zi ishlar qilingan bo‘lsa-da, ular ko‘ngildagidek emas. Hatto “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”dek beqiyos romanlarimizning ijodiy tarixi, sir-sinoati hali to‘laligicha ilmiy kashf etilgani yo‘q. Aziz kitobxon, ana shu “ochilmagan qo‘riq”qa qurbimiz yetgunga qadar bir nigoh tashlab ko‘raylik-chi, bu jabhada qanday jumboqlar, hikmatlar bor ekan… Boshdayoq dadil shuni aytish mumkin: Abdulla Qodiriy o‘tgan asrning 20-yillari sharoitida tarixiy mavzuda o‘zgacha emas, ayni “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”dek romanlar yozishga har jihatdan tayyor edi. Bilasiz, Abdulla Qodiriy dastlab eski usuldagi, so‘ng rus-tuzem maktabida, ma’lum muddat madrasada, keyinroq Moskvadagi adabiy-badiiy institutda ta’lim olgan, turkiy tillardan tashqari arab, fors, rus tillarini yaxshi bilgan bo‘lg‘usi adib diniy, tarixiy, adabiy asarlarni mustaqil o‘rgandi, vaqtli matbuotni muntazam kuzatib bordi. U oq-qorani tanib, ijtimoiy va ijodiy faoliyat doiralariga qadam qo‘yar ekan, davrning eng qaynoq, o‘ta murakkab, ziddiyatli jabhalari ichida turdi, asosan, matbuot maydonida qalam tebratdi. Dastlab o‘lkada kechayotgan milliy uyg‘onish, jadidchilik harakati ruhidagi asarlar ta’sirida yozilgan she’rlar, hikoyalardan boshlangan ijod ko‘lami tobora kengayib, uch asosiy yo‘nalish – davrning o‘tkir, dolzarb muammolariga aks-sado tarzida bitilgan publitsistik chiqishlar, “Kalvak maxzum”, “Toshpo‘lat tajang” singari hajviy asarlar va nihoyat, tarixiy mavzudagi romanlar ustida ish olib bordi. Adibning har uch yo‘nalishdagi ijodiy merosi shu paytga qadar qanchalar o‘rganilgan bo‘lmasin, hali bu buyuk bisotning ochilmagan qirralari, yechilmagan jumboqlari behisob. Birgina adib tarixiy romanlarining mavzu-mundarijasini belgilash masalasini olaylik. “O‘tkan kunlar”ga kirish tarzida bitilgan izohda shunday so‘zlar bor: “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar”. Xo‘sh, shu xayrli ishga qo‘l urgan adib nega millat tarixining son-sanoqsiz shonli sahifalari turib, asar uchun mavzuni “yaqin o‘tgan kunlardan”, keyingi “xon zamonlari”dan belgilaydi, nega bu davrni “tariximizning eng kirlik, qora kunlari” deb ataydi? Ma’lumki, “O‘tkan kunlar”ni yozish adib ko‘nglida Oktyabr to‘ntarishidan keyin tug‘ilgan, Oktyabrdan oldingi kayfiyati xususida u tarjimai holida shunday yozadi: “Nekalayning taxtdan yiqilib, hurriyat bo‘lg‘anig‘a xursandligim, albatta, dunyoga sig‘mas edi va sig‘masligi tabiiy edi. Ayniqsa, 1916-yil rabochiy olish masalasidan keyin umuman Turkiston ishchilarida uyg‘ong‘an istibdodga nafrat menda ham kuchlik edi”. Ko‘p safdoshlari qatori boshda uning Oktyabr to‘ntarishidan umidi katta edi, ammo umidlar birin-ketin sarob bo‘lib chiqa boshladi, ayniqsa, Qo‘qon muxtoriyatining ayanchli qismati mash’um istibdodning yangicha ko‘rinishidan ayon dalolat edi. O‘sha kezlarda chorizm istilosi istibdodiga olib kelgan omillar, ayni o‘sha bosqin arafasidagi “qora kunlar” saboqlari haqidagi tarixiy asarning ko‘ngilda tug‘ilishiga turtki bo‘lgani, yozuvchining qo‘liga qalam olishga undagani – bular ham hayotiy haqiqat, ham hayotiy ehtiyoj, ijtimoiy muhit, vijdon, imon taqozosidir. Ayni shu “O‘tkan kunlar”dek asarning dunyoga kelishida ijtimoiy faktorlar bilan barobar oilaviy muhit omili ham katta bo‘lgan. Shu paytga qadar ijtimoiy faktor xususida ozmi-ko‘pmi gapirilgan, yozilgan, ammo oilaviy omil negadir nazardan chetda qolib keladi. Sinchiklab razm tashlansa, “O‘tkan kunlar”da qalamga olingan makon, zamon, o‘sha makon va zamonda sodir bo‘lgan tarixiy voqealar, alohida tarixiy shaxslar ayni hayotdagidek aniq-ravshan, bor holicha berilgan, hatto “ijodiy fantaziya” mahsuli bo‘lgan “to‘qima” obraz – qahramonlarning ham hayotiy prototiplari mavjud. Shunisi ham borki, asar mutolaasi chog‘ida hayotda bor tarixiy shaxslar bilan “to‘qima” obrazlar orasidagi tafovutlarni sezmaysiz; ularning har ikkisiga ham yozuvchi birdek jon ato etgan, ular xuddi tirik, tanish insonlardek ko‘z oldingizda gavdalanadi. Download 66.09 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling