1-mavzu: O’zbekiston yagona vatan


Download 0.61 Mb.
bet22/90
Sana21.04.2023
Hajmi0.61 Mb.
#1368343
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   90
Bog'liq
Узбек тили

Muhammad Ali
Adabiyot hech qachon hech bir xalqning qornini to’ydirib, ust-boshini but qilmagan, qilolmaydi ham.Adabiyotsiz yashash mumkin – badiiy kitob o’qimasa ham odamning kuni o’taveradi. Ammo rostini aytganda, bunday kun ro’shnolik emas, zulmat bo’ladi. Ruh va ko’ngil zulmati! Aql va tafakkur zulmati! Boshqa nomlari ham bor buning: g’aflat, jaholat, avomlik va hokazo. Didni, saviya va idrokni adabiyotu san'at tarbiyalamasa, nima tarbiyalaydi? Ishoning: hech nima! Adabiyot – ko’ngil murabbiysi. Adabiyot zavq-shavqi faqat va faqat adabiyotga xos. Uning o’rnini bosadigan yoki to’ldiradigan boshqa bir narsa yo’qdur olamda.Adabiyot dunyosi – go’zallik, nafislik, latofat dunyosi.
Ibrohim Haqqul
Hozirgi paytda yozuvchi, ayniqsa, shoir o’z asarlarida ko’chabop tildan, olomon tilidan foydalanishi kerak, degan fikr keng tarqalgan. Bu da'vo demokratik tamoyilli va shoir uchun ancha foydali bo’lib ko’ringani bilan bemanilik, va san'atni, bu holda esa, adabiyotni tarixga bo’ysundurib berishga urinishdan boshqa narsa emas. Faqat, agar odamzod o’z taraqqiyotida to’xtashi lozim, deb qaror qilgan bo’lsak, adabiyot xalq tilida so’zlashi kerak, aks holda, xalq adabiyot tilida gaplashishi kerak.
Iosif Brodskiy
Buyuk kitobxonlar bo’lgandagina buyuk adabiyot paydo bo’ladi.
Boris Pasternak
Mutolaa qalbni yuksaltiradi
Volter
Bobokalonlarimiz kitob topishga qiynalar edilar: hozir esa biz kitob tanlashga qiynalamiz. Mutolaa uchun juda ziyrak bo’lmoq kerak.
Lebbon
Tsitseron kitob o’qishning foydasi haqida:
“Bu narsa yoshlarga ma'naviy oziq bersa, keksalarni xushnud etadi, baxtli onlar hadya etadi; qiyin damlarda ko’ngilga taskin beradi, yupatib orom bag’ishlaydi, uyda hordiq, safarda esa sodiq hamroh bo’ladi; tunlarni biz bilan birga kechiradi, ishimizda ham ko’makchi bo’lib, og’irimizni yengil qiladi…”
Tsitseron
Kitob o’qishni bilasizmi?
Sizga yaxshi ayonki, ba'zan tanish-bilishlarga orqavarotdan baho berganda “o’qimishli” “o’qimishli yigit”, “o’qimishli qiz”, “o’qimishli kishi” va hokazo sifatini qo’shib qo’yadilar.
Darhaqiqat, o’qimishlilik inson fe'l-atvorini baholashga ma'lum darajada mezon bo’lib xizmat qiladi. Shu o’rinda haqli savol tug’iladi: nega endi ma'lum darajada? Va unga o’zingiz javob izlay boshlaysiz. Ko’p o’tmay shubhangiz o’z tasdig’ini topganday bo’ladi. Ba'zi ahli, “donish”lar to’g’risida aytiladigan “sadqai o’qituvchi ketsin”, “xayf unga olimlik” kabi dashnomli iboralarni xotirlaysiz. Dilingizda e'tiroz uyg’onadi: o’qimishlilarning hammasini yaxshi odamlar deb bo’lmaydimi?
Siz adashyapsiz, chunki o’qigan odam bilan o’qimishli odamni bir-biriga tenglab bo’lmaydi.
To’g’ri, o’qimishlilikka o’qish orqali erishiladi. Ammo u yoki bu oliy o’quv yurtini tugatish, fan nomzodi yoki doktori bo’lish kishini tom ma'noda o’qimishli deyishga asos bermaydi.
Zukko o’quvchi ko’nglida savol tug’iladi. Nega shunday? Axir kitobni oftobga qiyos qilamiz, “bilimlar xazinasi” deymiz. Qatrada quyosh aks etgani kabi bilimlar xazinasidan bahramand bo’lgan kishini bilimdon deb bo’lmaydimi?
“Kitob kishilik jamiyati tomonidan yaratilgan eng buyuk ixtiro, bir avlodning o’zidan keyingi avlodlarga qoldiradigan bebaho madaniy merosi-ku” degan fikrni eslab qalbingiz junbushga keladi. “Ko’rdimki, eng yaxshi do’st kitob ekan” (Najmiddin Kubro), undan bahramand bo’lgan insonga dunyo jumboqlarini yechishga yo’l ochilmaydimi? Sizda “o’jar raqib”ingizni mot qilish istagi yanada kuchayadi.
Lekin siz “raqib”ingizni mot qilishga shoshilmang-da, kengroq mulohaza qilib ko’ring. O’qimishlilik nima?Unga qanday erishiladi?Javobingizning qisqa va aniq bo’lishi tabiiy: “Albatta, kitob o’qish orqali”.
Kitob-ku behisob.Ammo uni hamma o’qiyvermaydi.Qolaversa, o’qiganning hammasi o’qimishli emas.
Bundan ko’rinadiki, kitobxonlik komillikka erishish yo’lidagi muhim bosqichdir.
Kitobxonlik tor ma'noda kitob o’qishni bildirsa, keng ma'noda tanlab o’qish, his etish, anglash va fikr bildirish tushunchalarini o’z ichiga qamrab oladi. U badiiy adabiyotdan oziqlanadi, adabiy tanqid va pedagogika ko’magida yuksala boradi.
Agar sizdan birov: “Kitob haqida qanday maqollarni bilasiz?” deb so’rasa, bir emas, bir necha maqolni qalashtirib tashlashingiz mumkin. Ammo ularning mazmun-mohiyatini izohlash hammaning qo’lidan kelavermaydi.
Barchamiz maktab davrida darsliklardan foydalanganmiz.Biroq, darsliklarni sevib o’qiganimizda ham, baribir bizni hali kitobxon deb bo’lmaydi. Chunki darsliklarda barcha fikrlar qoidalashtirilib berilgani va hissiyotdan yiroqligi tufayli mustaqil xulosa chiqarishga qiynalasiz, ya'ni ta'sir bir tomonlama bo’lib, aks ta'sir talab etilmaydi.
Siz darsliklardan hayot va uning qonuniyatlari haqidagi bilimlar bilan tanishasiz, ularni aql kuchi bilan qabul qilasiz, xotirangizda qayd etasiz. Ammo bu bilim va xulosalar hissiyotingizga zarracha ta'sir ko’rsatmaydi.
Badiiy asar o’qiganda sizdagi bu “loqaydlik” faol munosabatga almashinadi.Qalbingiz cheksiz shodliklarga chulg’anadi – ruhlanasiz, g’azablanasiz, iztirob chekasiz. Chunki u qalb dardi tufayli yaralgan, dard esa suhbatdoshni befarq qoldirmaydi.
Qahramon ruhiyatini o’zlashtirish ijodkordan fidoyilik talab etadi.Yozuvchi o’z qahramonining quvonch-tashvishlari, dard-alamlarini shaxsiy kechinmalari kabi yurakdan his etsagina, chinakam san'at namunasini yaratadi. Buni Abdulla Qodiriyning “O’tgan kunlar” romani yaratilishi tarixi bilan bog’liq quyidagi xotirasidan ham bilsa bo’ladi:
“Bobom vafotidan so’ng edi.Shahar hovlida yashar edik. Bir kun uyimizda shunday voqea ro’y berdi,oyim odatimizcha, ertalabki choyni bibimning uyiga hozirladi-da, erta turib yozib o’tirgan dadamni choyga chaqirgani kirib ketdi. Biz dasturxon tevaragida uning chiqishini kutamiz... Bir vaqt oyim negadir indamay chiqdi-da, o’tirib bizga choy quyib bera boshladi.
- Abdullani chaqirdingizmi, Rahbar?– dadam chiqavermagach, oyimdan so’radi bibim.
- Yo’q.
- Nega?
- O’g’lingiz yig’lab o’tiribdilar, – dedi oyim.
Bibim bechora sakrab o’rnidan turib dadamning uyiga yo’l oldi.Kap-katta kishining yig’lashidan hayratga kelib men ham bibim ortidan ergashdim.Kirsak, darhaqiqat, u yum-yum yig’lar, kursiga tirsaklanib olib, to’xtovsiz yozar edi. Bibim dadamning bu holiga bir oz qarab turdi-da, bir narsani tushundi shekilli, indamay meni boshlab orqasiga qaytdi va o’tirib choyini icha boshladi...
Keyinchalik anglasam, o’shanda dadam o’z sevikli qahramoni Kumushning o’limi payti tasvirini yozayotgan ekan”.
Go’zallik tarbiyalaydi, degan gap bor. Unga qo’shimcha qilib aytish mumkinki, jaholat ham tarbiyalaydi.Agar siz “O’tgan kunlar” romanidagi Kumush bilan Otabek muhabbati tasviriga oid sahnalardan qay darajada zavqlansangiz, Kumushning o’limidan cheksiz iztirobga tushasiz.Har ikki holatda ham ruhingiz boyiydi.Shunga ko’ra, kitobxonlikni obrazli tarzda o’quvchining adib bilan jonli muloqoti deyish mumkin.
Yozuvchi – kitobxon muloqoti o’ziga xosdir.Bunda suhbatlashuvchi tomonlarning huquqlari bir xil emas.Kitobxon – ixtiyoriy, erkin suhbatdan u o’ziga suhbatdosh tanlash huquqiga ega.Ammo yozuvchi timsolidagi suhbatdosh bunday qilolmaydi.Kitobxon o’qiyotgan asari o’zini qanoatlantirmasa, muloqotni to’xtatib qo’ya qoladi.
Kitobxon haq.Abdulla Qahhor aytganiday “O’qishli kitob go’zallikdir, lekin go’zallikda ham go’zallik bor. Qorong’i kechada otilgan mushak ham go’zal, quyoshga qarab xandon tashlab turgan gul ham go’zal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang olov va olqish izlar go’zalligi ko’zni qamashtirsa ham puch go’zallik, shuning uchun bebahodir. Gulning go’zalligi esa to’q go’zallik, chunki uning bag’rida hayot bor, shuning uchun abadiy go’zallikdir.G’uncha guldan ham go’zalroq, chunki uning bag’rida ikki hayot – o’z hayoti va yana gul hayoti bor”.
Adabiy suhbatlar
Atoqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinovning “Hurriyat” gazetasi muxbiriga bergan intervyusidan parcha.
Ozod aka! Bolalik chog’laringizda kitob olamiga kirib kelishingiz qanday kechgan?
–5-6 yoshlarimda cho’milishni yaxshi ko’rar edim-u, suzishni bilmas edim.Bir kuni bolalar qiyqirishib cho’milib yurgan anhorni ko’rdim-u, yugura kelib o’zimni suvga otdim.Anhor chuqur ekan.Tabiiyki, cho’ka boshladim.Katta bolalar bir amallab qirg’oqqa olib chiqib qo’yishgan.Mening kitoblar olamiga kirib kelishim ham shunga o’xshash tarzda sodir bo’lgan hali o’qishni o’rganib-o’rganmas, o’zimni kitoblar ummoniga otganman.Bu ummon ham chuqur ekan, lekin buni qarangki, bu ummonda cho’kmay hanuz suzib yuribman.
Kitob mutolaasi madaniyatini kimdir o’rgatganmi yoki u stixiyali tarzda shakllanganmi?
Mutolaa madaniyatini hech kim o’rgatgan emas. Agar bu madaniyat bo’lsa, unga yillar davomida tajriba orttirib, o’zim erishganman.Albatta, keyinroq maktab, o’qituvchilar, do’stlarim, kutubxonalar yordamga kelgan.Lekin dastlab mutolaa jarayoni mutlaqo tizginsiz kechgan – bir necha yil mobaynida nushxo’rt chiqarmay, qo’limga tushgan kitobning hammasini hatm qilganman. Ularning orasida olam sirlaridan, tabiatdagi buyumlar va hodisalardan hikoya qiladigan ilmiy-ommabop asarlar ham ko’p edi.
Mutolaaga bo’lgan qiziqish qayerdan tug’iladi o’zi? Nega ayrimlar bolalikdan kitob “jinnisi” bo’lib ulg’aysa, ayrimlarning kitob varaqlashga toqati yetmaydi?
Ochig’ini aytsam, mutolaaga qiziqish qayerdan tug’ilishini hozirga qadar bilmayman. Axir, o’zingiz o’ylang – menga hech kim kitob o’qigin, bu – foyda degan gapni aytgan emas, hech kim uch so’m sarflab bitta kitob olib bergan emas. Buvim g’irt savodsiz, o’qimagan ayol edi.Ayam savodli bo’lsa-da, kitob o’qishga vaqti ham, xafsalasi ham yo’q edi. Uyimizda biron dona kitob bo’lmagan. Faqat mening yelib-yugurishim bilan uch-to’rt yilda kichikroq bir kutubxona maydonga keldi.Hozir bo’lsa, uyimda rosmana bir kutubxona bor. Unda kerakli kitoblarning hammasi topiladi desam mubolag’a bo’lmas.Agar men o’qishga kirishgan chog’larimda qo’l ostimda shunday kutubxona bo’lganda bormi, bilmadim, nima bo’lardikin.Biroq afsuslar bo’lsinki, bolalarim har qancha qiyin qistovimga qaramasdan bu kitoblardan men istagandek foydalanishmadi.Nevaralarim ham. Yo’q, ular mutlaqo o’qigani yo’q desam uncha to’g’ri bo’lmas, o’qishadi, lekin ularning o’qishi to’ygan qo’zining o’t-o’lan chimdishiga o’xshab ketadi – o’n marta tevarakka alanglab, bir chimdib qo’yadi. Yaqinda bir nevaram “Shaytanat”ni olib ketdi-da, o’n kunlardan keyin kelib, rosa maqtandi: “Buvajon, xotirjam bo’lavering, kitobning bir yarim betini o’qidim!”
Shunaqa gaplardan keyin o’ylanib qolaman – nahotki mutolaaga qiziqish tug’ma xislat bo’lsa.Ajdodlarimdan qay biri ilmli, kitobga tashna bo’lgan-u, uning genlari fazoda yura-yura, oxiri kelib menda qo’nim topdimikin. Bunday deyishimning yana bir boisi shundaki, gap faqat nevaralarimda emas. Hozirgi yoshlar o’rtasida yalpi ravishda kitobdan yuz o’girish, imkoni boricha kam o’qish kasali paydo bo’lgan.Nega?Ehtimol, bunga biz – kattalar aybdordirmiz. Ehtimol, har xil dastur talablarga amal qilib, bolalarning avji o’qiydigan paytida ularga bo’lar-bo’lmas kitoblarni tiqishtirib yotgandirmiz va bu qilig’imiz bilan biz o’zimiz ulardagi havasni tag-tomiri bilan yo’q qilayotgandirmiz. Ehtimol, biz – kattalar eng yaxshi niyatlar bilan qurollangan holda, ustimizga dono murabbiy libosini tashlab olib, kitob o’qishdek bir ishni zerikarli bir mashg’ulotga, kishini diqqinafas qilishdan boshqa narsaga yaramaydigan majburiyatga aylantirib qo’ygandirmiz?
Birorta asarga nisbatan munosabatingiz vaqt o’tishi bilan o’zgarganmi? (Ya'ni, avval ma'qul ko’rib, keyin yoqmay qolganmi va aksincha).
Albatta.Ko’p hollarda shunday bo’ladiki, birinchi o’qiganingizda asardan juda ko’p informatsiya olasiz-u, xursand bo’lasiz.Ko’zingizga bu asar juda zo’rday ko’rinadi. Vaqt o’tgach, bu informatsiyaning dolzarbligi o’tadi, ko’p yangi gaplar paydo bo’ladi va o’sha kitob ancha g’arib bo’lib qolgandek tuyuladi. Ammo yoshlar mutolaasi bilan katta yoshdagi odamlar mutolaasi o’rtasidagi asosiy farq nimada deb so’rasangiz, men shunday deb javob berardim: yoshlarning kitobga munosabatida emotsional xislatlar ustun turadi, kattalar esa ko’proq kitobdagi intellektual jihatlarga qiziqadi, undan o’zining ijtimoiy-falsafiy, ma'rifiy va ma'naviy ehtiyojlarini qondirishni o’ylaydi. Yoshlar kitobdan zavq-shavq qidirsa, kattalar umrlari davomida yig’ilib qolgan savollarga javob izlaydi, yoki o’zlari topgan javoblarni kitobdagi javoblarga taqqoslaydi.
Badiiy adabiyotda ommabop va xos (murakkab) asarlar mavjud. Shunga munosabatingiz.Nazarimda, bizda nafaqat keng kitobxonlar ommasi, balki hatto mutaxassis adabiyotshunoslar orasida ham murakkab adabiyotga e'tiborsizlik borga o’xshaydi.
Besh qo’l baravar emas.Xuddi shuningdek, kitobxonlar har xil.Ularning didlari ham, tabiatlari ham, tajribalari ham, aql-zakovatlari ham har xil.Ha, ha, shu paytga qadar insoniyat tarixida hali hech kim aqlining kamligidan shikoyat qilgan bo’lmasa-da, odamlar bu jihatdan ham farqlanadi. Bundan tashqari, mutolaadan ko’zlangan maqsadlar ham har xil bo’ladi.
Shunday bo’lgandan keyin, kitoblar ham ommabop va xos asarlar tarzida farqlansa ne ajab. Bu mutlaqo qonuniy hodisa. Yana bir holga e'tibor bering: dunyo rivojlana borgan sari, odamlar o’rtasida bozor munosabatlari takomillasha borgani sari kitob nafaqat san'at asari, balki oldi-sotdi buyumiga ham aylanib bormoqda. Sir emaski, kitob ishlab chiqarib, kitob sotib, millioner milliarder bo’lib ketgan odamlar bor. Kitob biznesidan tirikchilik qiladigan odamlar ham son mingta bo’lsa kerak. O’z-o’zidan ayonki, ularning kitobga qarashi va kitobga munosabati mening yoki sizning qarashlaringizdan, munosabatingizdan farq qiladi. Yozuvchi o’z kitobini yaratayotganda, to’g’rirog’i, yozayotganda bo’lajak xaridorlarning didini va ehtiyojlarini hisobga olmay iloji yo’q. Faqat o’ziga to’q, badavlat adiblargina ko’ngillarning mayliga qarab, istagan tarzda yozishlari mumkin.
O’z davrida “O’tkan kunlar” keng omma tomonidan o’ta tashnalik bilan talashib-tortishib o’qilgan.Bizning zamonga kelib bunday e'tibor “Shaytanat”ga nasib etdi. Yana qaysi asarlar shunga o’xshash “yulduzli onlar”ni boshdan kechirdi?
“O’tgan kunlar”ning omma tomonidan talashib-tortishib o’qilgani to’g’ri. Uning yoniga yana “Kecha va kunduz”, “Sarob”, “Navoiy” kabi asarlarni qo’shmoq mumkin. G’afur G’ulomning “Shum bola”si ham Mark Tvenning asarlari bilan bemalol bellashadi, hatto “Shum bola”dagi tog’ shalolasidek tabiiy quyilib keluvchi tizginsiz yumor uni noyob asarlar darajasiga ko’taradi. Bularning talashib-tortishib o’qilganiga sabab, albatta, birinchi navbatda, ularning yuksak badiiy sifatlari.Qolaversa, XX asrning talotumlarida ko’z ochib, uyg’onib, yo’l qidirib kelayotgan ommaning chanqoqligi ham bo’lgan.
Keyin Abdulla Oripov va Erkin Vohidovning ayrim she'rlari “talashib-tortishib” o’qildi, negaki, ular totalitar zulmat ichida dimiqib ketgan odamlarning yurak torlarida aks sado berdi.
Endi qaysi asar “Shaytanat” kabi e'tibor qozonarkin – buni aytib berish qiyin.Shu kunlarda “Daydi qizning daftari” degan roman qo’lma-qo’l bo’lib yuribdi.Biroq bu asarning badiiy fazilatlaridan ko’ra, kitobxonni daydi qizning tungi sarguzashtlari ko’proq qiziqtiradi, shekilli.
Chiroyli muqovalar yoxud kitobsevar oila mulki
Inson qadim-qadimdan ilmga intilib yashaydi.Bu yo’lda esa kitob uning doimiy hamrohi.O’tmishda o’zini ziyoli, martabali sanalgan kishilar albatta ma'naviy mulk – xos kutubxonaga ega bo’lganlar. Kitoblarning adadi va ma'naviy salmog’i sohiblarining ma'rifatparvarlik darajasini aks ettirgan.
Bugun kitoblar, kutubxonalarga munosabat o’zgargan.Bunga birinchi navbatda kundalik hayotimizning kompyuter, internet tarmog’i bilan bog’liqligi sababdir.Javonlarni to’ldirib turuvchi kitoblar endi ixchamgina lazer lappakchasiga ham sig’adi. Ammo, tan olish kerak, kitob, bu – kitob...
Nima uchun zamonaviy dizaynerlar uy jihozlashda hanuz kitoblarga murojaat etadilar? Chunki kitoblar nafaqat ma'lumot manbai, balki xonadon ko’rki hamdir. Kitob javonlarining rangi, shakli va turli balandlikda joylashishi xonaning umumiy ko’rinishiga alohida ta'sir ko’rsatadi. Did bilan o’rnatilgan kitob javonlari jihozlar orasida ajralib turadi.Ammo xonadon ko’rki – o’z yo’liga.Ziyoli kishilar avvalo ma'rifat, taraqqiyot sari intilganliklari bois kitob yig’ib, xonaki kutubxona tashkil etadilar.Zero bu bebaho meros kelgusida naslning davomchisi bo’lmish avlodlarga xayrli maqsadlar bilan uzatiladi.
Kitoblar asosan, organik modda (pergament, qog’oz, charm,yelim va mato)dan tayyorlangani bois vaqt o’tishi bilan eskiradi. Bu jarayonni to’xtatish mushkul, ammo yaxshi parvarish kitoblarning uzoqroq saqlanishiga yordam beradi.
Kitobga salbiy ta'sir ko’rsatuvchi uch omil mavjud. Bular: quyosh nuri, namlik va chang. Havo harorati 22°S dan oshsa, kimyoviy o’zgarishlar ta'siri faollashib, kitobning eskirishi tezlashadi.Yuqori haroratga qo’shilgan yuqori namlik (65-70 foiz) bakteriyalarning ko’payishiga olib keladi.Natijada kitob varaqlari mog’or zamburug’lari bilan qoplanadi. Namlikning kamligi (35–40 foiz) yelim va charm kabi materiallarning qurib ketishi, varaqlarning sochilib ketishiga sabab bo’lishi mumkin. Shuni inobatga olgan holda, kitoblar 20-22°S haroratda, 40–55 foiz namlik sharoitida saqlanishi tavsiya etiladi.Qolaversa, xonaning toza saqlanishi kitoblarning “umrboqiyligi” garovidir.Havoda doimiy mikroorganizmlar mavjud bo’lgani uchun, kutubxonani changdan tozalash muhim jarayonlardan biridir.Bunda changyutgich xizmatidan foydalangan ma'qul.
Kitoblarning “kushandasi” bo’lgan omillardan biri quyosh dedik. Quyosh nurlarining ko’z ilg’amas yashil, havorang, siyohrang va ultra-siyohrang spektrlari qog’oz strukturasiga singib, kitob varaqlarining sarg’ayishi, bo’yoqlarning xira tortishiga olib keladi. Shuning uchun kitob javonlarini imkon qadar quyosh nuri to’g’ridan-to’g’ri ta'sir qilmaydigan joylarda o’rnatish tavsiya etiladi. Aytmoqchi, plastik yoki shishadan yasalgan eshiklar javonlarni quyosh nurining salbiy spektrlaridan muhofaza qiladi.
Kitob javonlarining tokchalari plastik, shisha, temir, yog’och materiallaridan tayyorlangan bo’lib, tekis bo’lishi zarur. Kitoblar vertikal holda, bir-biri bilan uncha jipslashmagan holda turishi tavsiya etiladi. Bu, ayniqsa, muqovasi qalin yoki yupqa formatdagi charm va kartondan yasalgan kitoblarga tegishli. Negaki, yon tomonlama “tayanch”siz turgan kitob qisqa muddat ichida egilib qoladi.Buning ustiga, jips turgan kitobni olayotganingizda yonidagisiga shikast yetishi mumkin.Ayniqsa, kitobga qulf solingan yoki boshqa bezaklar bilan bezatilgan bo’lsa.Tokchalarda kitoblarning orasi juda keng bo’lishi ham ularning orasida chang tez yig’ilishiga olib keladi. Shoyi, baxmal, charm yoki boshqa qimmatbaho jildga o’ralgan kitoblar maxsus qutilarda saqlangani ma'qul.
Kitoblarni tokchalardan olishda ham muayyan qoidalarga rioya qilish lozim.Bunda ikki tarafdagi kitoblarni bir oz surib, kerakli kitobni asta tortib olish darkor. Yana bir maslahat: kitob jildining varaqlari qavilgan joyidan tortmang.
Yuqoridagi shartlarga rioya qilish kitoblarni yaxshi holatda saqlash imkonini beradi. Yodingizda bo’lsin, siz barpo etgan va avaylab-asragan kutubxona farzandlaringiz, farzandlaringizning farzandlari uchun ham noyob mulkdir. Zero, bizni ezgu fazilatlarga o’rgatuvchi kitoblar hali ko’p zamonlar asl kitobxonlarning abadiy dardkashi va sirdoshi bo’lib qolaveradi...
Adabiyot va mutolaa yilida o’tkazilishi mumkin bo’lgan tadbirlarning metodikasi “Boqiy mo’'jiza” nomli viktorina
Ushbu viktorinada boshlovchi, 8 kishidan iborat 2 ta jamoa ishtirok etadi.5 kishilik hakamlar hay'ati javoblarni baholaydilar. To’g’ri topilgan javoblarga 5 ball qo’yiladi.
O’yinda 6 ta mavzu bo’lib har mavzuda 4 tadan savol o’ynaladi.Boshlovchi mavzularda qanday savollar o’ynalishi haqida tushuncha berib o’tadi.Javobni topish uchun 2 daqiqa vaqt beriladi.O’yin davomida har ikkala jamoaga 2 marotaba tomoshabinlardan yordam olish imkoniyati beriladi.Viktorinada musiqali tanaffus e'lon qilish tavsiya etiladi.
Qaysi jamoa o’yinni birinchi bo’lib boshlashi qur'a tashlash yo’li bilan aniqlanadi.
O’yinni boshlab bergan jamoa berilgan 5 mavzudan birini tanlaydi hamda mavzu ichidan istagan bitta raqamni tanlaydi.Boshlovchi savolni o’qiydi. Agar berilgan javob noto’g’ri bo’lsa, javob berish huquqi ikkinchi jamoaga beriladi.
6-mavzu 4 ga 4 deb nomlanadi. Bu barcha mavzular tugagach o’ynaladi. Birinchi jamoa ishtirokchilaridan biri ikkinchi jamoaning xohlagan ishtirokchisiga kartochkaga yozilgan adabiyot mavzusidagi savolni uzatadi. O’ylash uchun 30 soniya vaqt beriladi.Ikkinchi jamoaning ishtirokchisi ham shu tarzda birinchi jamoaning xohlagan ishtirokchisiga savol uzatadi.Har bir jamoa bir-biriga to’rtadan savol uzatadi. Bir ishtirokchiga ikki marta savol uzatilmaydi.
Agarda o’yin oxirida jamoalar teng ball to’plasalar, qo’shimcha savol berish yo’li bilan g’olib jamoa aniqlanadi.
Viktorina savollari
1. Adabiyot nadir?
1. Badiiy adabiyotning ilmiy adabiyotdan farqi nimada?
(Adabiyot olam hodisalari haqida bilim va ma'lumot beradi. Bu jihatdan u fanga, fanning turli tarmoqlari – falsafa, tabiatshunoslik, kimyo, fizika, tarix va boshqalarga o’xshaydi, ammo ular hayot hodisalarini aks ettirish usuliga ko’ra o’zaro farqlanadi. Zero, fan ilmiy umumlashmalarga tayansa, adabiyot badiiy obrazlarga suyanadi.
Fan – jamiyatning muayyan qismi shug’ullanadigan soha. Masalan, kimyo fani bilan hamma shug’ullanmaydi, buning uchun muayyan qiziqish, malaka va tajriba, jiddiy ilmiy tayyorgarlik kerak. Badiiy adabiyot esa kishilarning yoshi va jinsi, kasbi va lavozimiga bog’liq emas. Uni hamma o’qishi mumkin.
2. “Adabiyotshunoslik” atamasining ma'nosini aytib bering.
(“Adabiyotshunoslik” atamasi etimologik jihatdan “adabiyot” atamasiga fors-tojikcha – “shinos” (yaxshi bilish, tayin etish) fe'li va o’zbekcha – “lik” suffiksining qo’shilishidan hosil bo’lgan. “Shinos” fe'li o’zbek tili talaffuzi taqozosiga ko’ra “shunos” shakliga kirib qolgan).
3. Adabiyot atamasi o’zbek adabiyotida qachondan qo’llanila boshlagan?
(O’tmishda “adabiyot” tushunchasi bo’lsa-da, uni ifodalovchi atama yo’q edi. Bu atama o’rnida turli so’z va iboralar ishlatilgan. Chunonchi, she'riy asarlar “nazm”, “manzuma”, “abyot”, “she'r” deb va prozaik asarlar “nasr” (tizilmagan, tarqoq so’z) deb yuritilgan. O’tmishda she'riy to’plamlar uchun maxsus atamalar (“bayoz”, “devon” kabi) ishlatilgan-u, ammo she'riy va nasriy asarlar uchun maxsus atama (adabiyot) bo’lmagan yoki bo’lsa ham, odat tusiga kirmagan. Adabiyot atamasi XX asr boshlarida qo’llanila boshlangan).
4. Literatura nima degani
(“Literatura” (frans. literature – yozma adabiyot) atamasi jahon fanida XVIII-XIX asrlarda paydo bo’lgan.Bu atamani Rossiyada birinchi bo’lib ilmiy asoslagan tanqidchi V.G.Belinskiydir. Rossiyada XIX asr o’rtalarigacha “literatura” o’rnida “poeziya” atamasi ishlatilgan. Maxsus va tor ma'nodagi “adabiyot” atamasi o’zbek tilida XX asr boshlarida qo’llanila boshlangan).
2. To’qima desang o’qima
1. Realistik obraz...
(Realistik obraz – hayot haqiqatiga monand obrazlar bo’lib, ular jonli odamlarga xos bo’lgan xususiyatlarni o’zida mujassamlashtiradi. O’zbek mumtoz adabiyotida yaratilgan obrazlarning aksariyati romantik obrazlar bo’lsa, XX asr o’zbek adabiyotining asosiy qahramonlari realistik obrazlardir. “O’tgan kunlar” romanidagi Otabek, Kumush; “Ulug’bek xazinasi”da Mirzo Ulug’bek, Temur Samarqandiy, Qalandar Qarnoqiy va boshqa obrazlar realistik obrazlardir).
2. Simvolik obrazlar...
(Simvolik obrazlar – predmetlar, o’simliklar, narsalar, jonivorlar, ranglar orqali ijtimoiy hodisalarni umumlashtirish demakdir. Chunonchi, kabutar – tinchlik ramzi, gul va bulbul – ma'shuqa va oshiq ramzi, qizil rang – ozodlik ramzi va hokazo.
Simvolik obrazlarning yana bir guruhi allegorik obrazlar deb yuritiladi. Allegorik obrazlar shu bilan xarakterlanadiki, bunda qush, hayvon, hasharot kabilar insonlarga xos bo’lgan xususiyatga ega qilib ko’rsatiladi.Chunonchi, masallarning qahramonlari, asosan allegorik obrazlar bo’ladi).
3. Xayoliy - fantastik obrazlar...
(Xayoliy - fantastik obrazlar – haddan tashqari bo’rttirilgan, ilohiylashtirilgan, mo'jizaviy xarakterga ega bo’lgan obrazlar.Bunday obrazlar xalq og’zaki ijodida ko’p uchraydi.“Alpomish” dostonidagi Jin, “Ming bir kecha”dagi Dev, xalq ertaklaridagi Jin, Ajina, Dev kabi obrazlar shular jumlasiga kiradi).
4 . Romantik obrazlar...
(Romantik obrazlar – hayotda aynan bo’lmagan, ammo bo’lishi orzu qilingan – mo'jizaviy kuch-quvvat egasi bo’lgan, ko’tarinki ruh bilan yaratilgan obrazlar.Masalan, Alisher Navoiyning “Xamsa”sida yaratilgan qator obrazlar – Farhod, Shirin, Mohinbonu, Shopur va boshqalar ana shunday mo'jizakor romantik obrazlardir).
3. A dan – Ya gacha
1. Konflikt...
(Konflikt (lot. conflictus - ixtilof, to’qnashuv) – badiiy asarda ishtirok etuvchi shaxslar o’rtasidagi yuzma-yuz kurash yoki qahramonning o’z atrofini qurshab olgan muhiti, o’z-o’zi bilan ruhiy to’qnashuvi, olishuvi. Konflikt – syujetni harakatga keltiruvchi asosiy kuch. Agar syujetni avtomobil deb faraz qilsak, konflikt uning dvigatelidir; syujet – tashqi ko’rinishi bo’lsa, konflikt uning ichki oqimidir).
2. Kulminatsiya...
(Kulminatsiya (lot. culmen – cho’qqi) – asardagi voqealar rivojining yuksak cho’qqisi.Kulminatsiyada asardagi konflikt – kurash g’oyatda keskin tus oladi, qahramon xarakteri yorqin ochiladi.Masalan, Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Xusrav bilan Farhodning munozarasi asar syujetining kulminatsion nuqtasini tashkil etadi).
3. Epilog...
(Epilog (yun. epi- so’ng, logos- so’z, so’nggi so’z) – badiiy asar oxirida qahramonlarning keyingi taqdirini so’zlab beruvchi xotima. I.S.Turgenevning “Otalar va bolalar” romani, Abdulla Qahhorning “Sinchalak” povesti va boshqa asarlarda epilog berilgan).
4. Prolog...
(Prolog (yun. pro - old, avval; logos- so’z, so’z oldi, avvalgi so’z) – adabiy asardagi muqaddimaning bir turi bo’lib, bunday muqaddima kitobxonni muallif niyati, asarda tasvirlanadigan voqealardan avvalgi voqealarning qisqacha mazmuni bilan, pyesalarda esa qatnashuvchilar bilan tanishtiradi).
4. So’zdan so’z chiqar
1. Monolog...
(Monolog (yunon. monos-logos – bir so’z) – asar qahramonining suhbatdoshiga, o’ziga, ba'zan kitobxon-tomoshabinlarga qarata aytgan gap-so’zi, nutqi.Monolog qahramonining ruhiy kechinmalarini, fikr-mulohazalarini ifodalaydi, obrazning mohiyatini ochadi.
Monolog deganda birgina ishtirokchisi bo’lgan asarlar ham tushuniladi).
2. Dialog...
(Dialog (lot. dialogos – ikki shaxs orasidagi so’z) – badiiy asarda ikki personaj orasida bo’lgan bahs-munozara, savol-javob, suhbat, adabiy asarlarda, xususan, sahna asarlarida dialog qahramonlar xarakterini ochuvchi asosiy vositalardan biridir. Odamlarning o’zaro bahsi, suhbati tarzida yozilgan badiiy asarlar ham dialog deb yuritiladi).
3. Polilog...
(Polilog (yunon. poly – ko’p, logos- so’z) - asarda uch va undan ortiq personajlarning bahs-munozaralari, tortishuvi, savol-javobi. Adabiy asar tilida monolog va dialoglar qanchalik katta rol o’ynasa, polilog ham g’oyatda ahamiyatlidir).
4. Ichki monolog...
(Ichki monolog – qahramonning o’z-o’zi bilan ichdan (ruhan) gaplashib, fikrlashi, his-tuyg’ularining ichki ifodasi.Ichki monologda qahramon o’zining sirli, yashirin fikrlarigacha aytadi.Odatda, ichki monologlarda qahramon hayotining eng keskin momentlari ifodalanadi).
5. Yuz shevadir men yozgan ash'or
1. Qasida...
(Qasida – mashhur tarixiy shaxslar va buyuk voqealarni madh etuvchi tantanavor uslubdagi lirik janr. Odatda qasida kirish bilan boshlanadi, keyin tasvir ob'yektiga o’tiladi, oxirida duo hamda matlabining bayoni beriladi. O’tmishda podsholar va hukmdorlar, ulug’ tarixiy shaxslar, buyuk tarixiy voqealar, tabiat manzaralari, may, ishq-muhabbat, shoirning o’zi yashagan muhitdan shikoyat yoki o’z fazilatlari haqida qasidalar yaratilgan).
2. Marsiya...
(Marsiya – qalbga juda yaqin bo’lgan mashhur kishining vafotiga bag’ishlanib, uning sifatlari bayon qilingan va o’limiga afsus bildiruvchi g’am-alam va hasratli lirik she'r).
3. G’azal...
(g’azal – ishq-muhabbat haqida bahs yurituvchi lirik she'r. G’azal sharq xalqlari lirikasida keng tarqalgan janr bo’lib, u o’z taraqqiyotining dastlabki davrlarida faqat ishq-muhabbat mavzularida yaratilgan.Ammo keyingi davrlarda g’azalning mavzu doirasi kengayib borgan.Shu tariqa, g’azal tematikasi insonning sof intim tuyg’ulari bilan birga ijtimoiy hayot muammolarini ham qamrab oladigan bo’lgan).
4. Qit'a...
(Qit'a (arab. – parcha) – qadimiy lirik janr. Qit'a shunday bir lirik janrki, u ixcham bo’ladi, unda fikr lo’nda va konkret bayon qilinadi, murakkab usullar qochiriq-kinoyalar deyarli uchramaydi, tasvir ob'yekti bevosita ko’rsatiladi, baholanadi; voqea-hodislar asliga monand ifodalandi.
Zarur eslatmalar:
Kitobdan o’z hajmidan kichik bo’lmagan qattiq va tekis joyda (masalan, stol ustida) foydalanish kerak;
kitob saqlanadigan quti stol ustida ehtiyotkorlik bilan ochilishi, qutiga boshqa buyumlar solinmasligi zarur;
hamma kitoblar ham 180°S da ochilavermaydi. Bu kenglikda ochilmaydigan kitoblarni lavhga qo’yib o’qish tavsiya etiladi. Aks holda kitob jildining o’rta qismiga shikast yetishi mumkin;
kitob varaqlaganda, barmoqlarni namlamang. Sahifani yuqori burchagidan ohista tutib yuqoridan pastga, o’ngdan chapga tomon “silab” oching;
kitobga ilova qilingan illyustratsiya (bezak)li maxsus sahifalar mutolaadan so’ng buklangan joyidan asl holicha taxlanishi lozim;
zulfli kitoblar o’qib bo’lingandan so’ng, albatta qulflanishi kerak;
mutolaa vaqtida kitob varaqlari orasiga maxsus xatcho’plardan bo’lak narsalar solinmasligi kerak;
mutolaa paytida ba'zan o’qishdan to’xtab, to’q yoki yashil rangdagi jismga qarang yoki ko’zni yumib dam oldiring;
ba'zida chuqur nafas olish va qovoqlarni sovuq suv bilan yuvish tavsiya etiladi;
stol lampasini o’qilayotgan matndan bir metrdan kam bo’lmagan masofaga joylashtirish kerak;
stol lampasi va boshqa yorug’lik manbalarini stolni chap tomoniga joylashtiring;
mutolaa paytidagi ishchanlikka fiziologik omillar ta'sir etadi. Shuning uchun mutolaaga kirishishdan avval, mutolaa payti va tanaffuslarda jismoniy mashqlar bajarish, choy, qahva ichish, shokolad, asal iste'mol qilish maqsadga muvofiqdir (albatta bular suiste'mol qilinmasa);
ko’z bilan kitob orasidagi masofa 35–40 sm. ni tashkil etishi lozim (normal ko’rish qobiliyatida);
lampa o’ta yorug’ bo’lmasligi va uning nuri ko’zga emas, balki kitobga tushib turishi kerak.

Download 0.61 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling