Dunyo avtomobil parki ham juda katta sur‟atlar bilan ortib bordi. Masalan,
1960 yilda dunyo bo„yicha 120 mln. dona avtomobil bo„lgan bo„lsa, 1990 yilda
uning soni 420 mln.ga yetgan. Hozir dunyoda 600 mln.dan ortiq avtomobil bor.
Yana bir tomoni shundaki, sanoatning va texnik vositalarning rivojlanishi,
nafaqat atrof-muhitga ifloslovchi moddalar chiqishining ortishi bilan, balki, ishlab
chiqarishga ko„plab kimyoviy moddalar jalb qilinishi bilan ham xarakterlanadi.
Qishloq xo„jaligida hosildorlikni oshirish, zararkunandalarga qarshi
kurashish maqsadida ishlatiladigan kimyoviy moddalar tuproqning, sug„orish
natijasida chiqqan oqava suvlar tufayli suv havzalarining holatiga salbiy ta‟sir
qilib, undagi jonivorlarning kasallanishiga, qirilib ketishiga olib keladi.
O„simliklarni zararkunandalardan himoyalash maqsadida ishlatiladigan pestitsidlar
odamlarga ham katta xavf solmoqda. Har yili dunyo bo„yicha pestitsidlardan
zaharlanib 10 ming odam, qushlar, hashoratlar, o„rmonlar qirilib ketayotganligi
aniqlangan. Ular oziq-ovqatlarga, ichimlik suvlarga tushadi. Barcha pestitsidlar
odamga va tirik mavjudotlarga nasliy (mutagen) salbiy ta‟sir qilishi ma‟lum.
Do'stlaringiz bilan baham: