KENG TARQALGAN YURAK KASALLIKLARI
Revmatizm
Revmatizm — organizmning biriktiruvchi to’qimasini zararlaydigan va yurak poroklari rivojlanishiga olib keladigan yuqumli allergik kasallik. Bodomsimon bez, kariesli tishlardagi surunkali infeksiyalar katta ro’l o’ynaydi. Kasallik bo’g’imlarni qamrab oladi (bo’g’imlar yuzasidagi terining qizarishi, shishlar, harakatlar cheklangan va og’riqli), isitma, et uvushish, yurak o’ynashi bilan kechadi. Ushbu belgilar bilan bir vaqtda klapan porogi shakllanishi bilan yurakning shikastlanishi rivojlanadi.
Bemor parvarishi yurak shikastlanishi og’irligi va yurak yetishmovchiligi darajasiga bog’liq.
Miokard infarkti
Miokard infarkti — yurak arteriyalaridan birining teshigi keskin torayishi yoki yopilishi natijasida yurak muskulining kuchli shikastlanishi. Infarktdan oldin yurak shikastlanish belgilari – og’riq, nafas qisish, yurak o’ynashi kuzatiladi; infarkt to’liq, xotirjamlik muhitida ham rivojlanishi mumkin, ayniqsa yosh odamlarda. Asosiy belgi — nitroglitserin qabul qilinganda ham og’rig’i qolmaydigan davomli kuchli og’riq, xuruji (ba’zi vaqtlarda bir necha soatgacha). Miokard infarktiga shubha qilinganda shifokorlarning shoshilinch yordami zarur. Bunday kasallarni transportda olib ketish masalasini faqat shifokor hal qiladi.
Surunkali yurak yetishmovchiligi
Surunkali yurak yetishmovchiligi yurakka uzoq muddat ortiq darajadagi og’irlik tushishi natijasida rivojlanadi. Yurak yetishmovchiligi ko’pincha yurak ritmi buzilishi bilan qo’shilgan holda namoyon bo’ladi. Jigarning kattalashuvi, shishlar rivojlanishi, nafas qisishi, bo’shliqlar istisqosiga olib keluvchi venoz to’xtab qolish — surunkali yetishmovchilikning oqibatida paydo bo’ladi.
Surunkali yurak yetishmovchiligida parvarish qilish tamoyillari
1. Yurak yetishmovchiligi yaqqol namoyon bo’lgan davrda bemor yotish rejimiga muxtoj bo’ladi, bemorning orqasiga yostiq, yoki yostiq tagligi qo’ying.
2. Teri rangi, shishlar, nafas qisishi, puls, arterial bosimni har kuni nazorat qilib boring.
3. Suyuqlik qabul qilish va ovqatlanish rejimini tekshirib turing (suyuqlik, osh tuzi cheklanishi, kalsiyga boy bo’lgan sutli parhez tayinlanishi).
Mazkur kasallikda yurak qisqarishi va puls to’lqinlari sonini hisoblab turish zarur. Yurak qisqarishi va bilak arteriyasidagi puls to’lqinlari soni orasida farq o’zgarsa shifokorning shoshilinch maslahati zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |