Antonimlarning turlari
Lingvistik adabiyotlarda antonimlarning turlari haqida har xil qarashlar bor. Ularga asoslangan holda birinchi galda antonimlarning quyidagi turlarini ajratib ko‘rsatish lozim.
1. Lug’aviy antonimiya: og’ir-yengil, keng-tor, uzun-qisqa va shu kabilar
2. Grammatik antonimiya: uyli-uysiz, boobro‘-obro‘siz, noo’rin-o’rinli kabi.
Lug’aviy antonimiyada asos holatida til birliklarining qaramaqarshi ma’nolarni ifodalashi hisobga olinadi. Grammatik antonimiya esa morfemalar bilan yasash asosida ro‘y beradi.
Lug’aviy antonimiyani uchga bo‘lib o‘rganish mumkii.
a) leksik antonimiya; kech-erta, oq-qora, ingichka-yo‘g’on;
b) frazeologik antonimiya: yerga ursa, ko‘kka sakraydi — qo‘y og’zidan cho‘p olmagan, oq ko‘ngil - ichi qora kabi;
v) leksik — frazeologik antonimlar: xursand — ichini it tatalaydi, xafa— og’zi qulog’ida.
Nutqimizda lug’aviy antonimlardan foydalanish fikrimizni ta’sirli ifodalashda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa , badiiy adabiyotda zid ma’noli so’zlarni qo’llab, tazod san’ati hosil qilinadi.
Mashq. 1. Quyida berilgan so’zlarni 2 guruhga ajratib ko’chiring.
1. Sinonimlar. 2. Antonimlar.
Baland-past, uzun-qisqa, osh-ovqat, botir-qo’rqmas, chehra-oraz, issiq-sovuq, kambag’al-bechora, ishchan-mehnatsevar, falak-osmon, so’zladi-gapirdi, xafa-xursand, xom-pishiq, xat-xabar, keksa-qari, kiyim-libos, urush-tinchlik, semiz-ozg’in, muloyim-badjahl, shirin-totli, shirin-achchiq, bosh-kalla, asta-sekin, keng-tor…
2.Berilgan maqollarni ko’chiring. Antonimlarning ostiga chizing.
1. Birlashgan daryo bo’lur, tarqalgan irmoq bo’lur.
2. Bolali uy-bozor, bolasiz uy-mozor.
3. Bor maqtansa topilur, yo’q maqtansa chopilur.
4. Do’st achitib gapirar, dushman -kuldirib.
5. Yomonning yaxshisi bo’lguncha, yaxshining yomoni bo’l.
6. Yo’g’on cho’ziladi, ingichka uziladi.
7. Kam gapirsang, ko’p eshitasan.
8. Oyoq kiyiming tor bo’lsa, dunyoning kengligidan ne foyda.
9. Erni er qilgan ham xotin, qaro yer qilgan ham xotin.
10. Qo’y bir terining ichida necha ozib, necha semiradi.
11. Holvani hokim yer, kaltakni yetim yer.
12. Aytar so’zni ayt, aytmas so’zdan qayt.
Do'stlaringiz bilan baham: |