Undov belgisi
Undov belgisi o‘zbek tiliga rus tilidan o‘tgan. Mutaxassislarning fikricha u lotincha lo – undov so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, unga nuqta (.) ning qo‘shilishidan hosil bo`lgan.
Undov belgisi quyidagi o‘rinlarda qo‘llanadi:
1. Kuchli his-hayajon bilan aytilgan gaplar oxirida qo‘yiladi.
Chindan ham poyonsiz cho‘lda hayot tantana qildi! (Sh.P.)
2. Buyurish, yalinish, istak, xohish va shu kabi ma’nolarni ifodalovchi gaplarning oxirida ham ishlatiladi.
Qahramonim, arslonim, mehribonim, bo‘l omon! (H.O.)
3. Bo‘laklarga ajralmaydigan gaplar emotsionallikka ega bo‘lganda, ulardan so‘ng undov belgisi qo‘yiladi.
Siz chakana mehnat qilmadingiz. Qoyil!
Nogoh katta darvoza tomondan tanish ovoz yangradi: - Ermat aka!
4. Gap boshida kelib, his-hayajon bilan aytilgan undalmalardan so‘ng undov belgisi qo‘yiladi.
Onajonlarim! Nechuk shamol uchirdi? (A.Q)
5. Ha, yo‘q, xo‘p, uzr, mayli, xayr, salom kabi so‘z gaplar hayajon bilan aytilsa, ulardan so‘ng qo‘yiladi.
- Balli-balli! – dedi Rahim va Sharifga qarab im qoqdi.
-Yo‘q! Borolmayman, - dedi qayrilib. (A.Qodiriy)
6. Aytilishi lozim bo‘lgan fikr o‘ta kuchli his-hayajon bilan aytilsa, ketma-ket uchta belgi qo‘yiladi.
- Chiqar buni jallod!!! Jallodlar harakatlandilar.
-Xanjarimiz qonsirag‘on! (A.Qodiriy)
7. His-hayajon bilan aytilgan so‘roq, shuningdek, ritorik so‘roq gaplardan so‘ng qo‘yiladi.
Kimdir seni kutsa, kimnidir sen ham sog‘insang, qanday baxt bu! (O‘.Hoshimov)
Vergul
Vergul tinish belgisi sifatida G‘arbiy Yevropada XV asrdan boshlab ishlatila boshlangan. O‘zbekcha matnlarda XX asr boshlaridan boshlab uchraydi.
Vergul quyidagi o‘rinlarda qo‘llanadi:
1. Bog‘lovchisiz, sanash ohangi bilan uyushgan bo‘laklar o‘zaro vergul bilan ajratiladi.
Kelajak yorqin va eng go‘zaldir. Uni sevingiz, unga intilingiz, uning uchun ishlangiz, uni yaqinlashtiringiz. (Chernishevskiy)
2. Undalmalar vergul bilan ajratiladi.
Xotirjam bo‘ling, otaxon, maqsadingizga yetasiz. (H.G‘.)
3. Kirish so‘z va kirish birikmalardan so‘ng vergul qo‘yiladi.
Ilmsiz, ma’rifatsiz yangi turmush qurib bo‘lmaydi, albatta. (H.G‘.)
Do'stlaringiz bilan baham: |