10-Mavzu. TUPROQLARNING AHAMIYATI VA UNI MUHOFAZA QILISH
Reja:
1. Tuproqning tabiatdagi roli.
2. Tuproqning jamiyat hayotidagi ahamiyati.
3. Tuproqni muhofaza qilish.
Tayanch ibora va atamalar: Tabiatning komponenti, litosfera, biosfera, gidrosfera, suv eroziyasi, yuza eroziya, jarlik eroziyasi, geologik eroziya, tezlashgan eroziya, sug‘orish eroziyasi, deflyatsiya, yer osti suvlari.
Tuproq – tabiatning muhim komponenti sifatida biosferada ulkan vazifalarni bajaradi. Uning barcha ekologik vazifalari uning birgina unumdorligida yoki kо‘plab tirik organizmlar uchun hayot manbai ekanligida namoyon bо‘ladi. Bejizga akademik B.B.Polinov tuproq qoplamini: ,,hayot eng zich qobiq”, akademik M.S.Gilyarov esa: ,,tuproq sayyoramizdagi hayot genetik xilma-xilligining asosiy omborxonasi”, deb ta’kidlashmagan.
Tuproqda Yer sharidagi ma’lum о‘simlik va hayvon turlarining 92-93 % i hayot kechiradi. Quruqlikdagi organizmlarning biologik massasi Yer biomassasining 99,8 % ini tashkil etadi, vaholanki quruqlik Yer sharining 1/3 qismini tashkil etadi. Tuproq tabiiy – antropogen landshaftlarning asosidir. Tuproq tabiatda moddalarning aylanma harakatida ishtirok etib, biologik aylanma harakatda asosiy rolni о‘ynaydi. Barcha organizmlarning qoldiqlari tuproqda parchalanadi va yangi mineral-organik birikmalarga aylanadi. Biosferadagi barcha komponentlar о‘rtasidagi о‘zaro munosabatlar faqat tuproq orqali amalga oshadi. Shuning uchun bu komponentlar bir-birlari bilan uzviy bog‘langan, turg‘un, bir butun qobiq – biosferani mavjudligini ta’minlaydi.
Tuproq qoplamisiz Yerda umuman hayotni ham, balki biosferaning о‘zini ham tasavvur qilish qiyin.
Tuproq qoplami orqali yer pо‘sti – litosfera, atmosfera, gidrosfera va tuproqda yashovchi kо‘p sonli organizmlar о‘rtasida murakkab modda va energiya almashinuvi jarayoni rо‘y beradi.
Tuproqlarning litosferadagi ahamiyati. Litosferada xilma-xil chо‘kindi va yotqiziqlarning hosil bо‘lishi, energiyaning qayta taqsimlanishi ham tuproq bilan bog‘liq. Tuproq g‘ovak bо‘lganligi uchun yog‘in suvlarini ostki qatlamlarga о‘tkazadi, tuproq bо‘lmaganda yog‘in sularining hammasi oqib ketib, boshqa tabiiy jarayonlarning boshlanishiga yо‘l ochilar edi. Shu bilan litosferaning eroziya natijasida yuvilib ketishidan asraydi. Demak, aksariyat hollarda relyef holatining, ya’ni relyef shakllarining о‘zgarishi ham tuproq qoplami bilan bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |