To‘liq induksiyada birorta belgining ma’lum bir sinfga mansub har bir predmetga
xosligi aniqlanib, shu belgining berilgan sinf predmetlari uchun umumiy ekanligi haqida xulosa
chiqariladi.
To‘liq induksiya predmetlarning kichik sinfi haqida empirik materiallarni umumlashtirish
yo‘li bilan xulosaviy bilim olishning samarali vositasi bo‘lib, xulosasi aniq bo‘lishi bilan ajralib
turadi.Masalan, gruhda taxsil oluvchi talabalarning davomadini aniqlash to‘liq induksiyaga misol
bo‘ladi.
To‘liqsiz induksiyada birorta belgining bir mantiqiy sinfga tegishli predmetlarning bir
qismiga (bir nechtasiga) xosligini (yoki xos emasligi) aniqlash asosida shu belgining berilgan
sinfga mansub barcha predmetlarga xosligi (xos emasligi) haqida xulosa chiqariladi.
To‘liqsiz induksiyada fikrimiz, xuddi to‘liq induksiyadagidek, harakat qiladi. Lekin
unda, to‘liq induksiyadan farqli ravishda, xulosa kuzatish, tajriba davomida qayd etilmagan,
o‘rganilmagan predmetlarga ham tegishli bo‘ladi.
To‘liqsiz induksiya bo‘yicha xulosa chiqarishga xos xususiyatlardan biri asoslardan
xulosaning mantiqan kelib chiqishining kuchsiz bo‘lishidir.
Dastlabki empirik materiallarni kuzatish va tajriba natijalarini tanlab olish usuliga ko‘ra
to‘liqsiz induksiyaning ikki turi: sanash orqali (enumerativ induksiya) va istisno qilish orqali
to‘liqsiz induksiya (eliminativ induksiya) ajratilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |