Petrushka (petroselinum hortense hoffm.) - soyabongullilar yoki seldereysimonlar oilasiga mansub, ikki yillik o’simlik bo’lib, bargi yoki ildizmevasi iste’mol qilinadi.
Ildizli petrushka navlarining ildizi yo’g’onlashib, konussimon ildizmeva hosil qiladi. Bargli petrushkaning ildizi yo’g’onlashmaydi, ovqatga faqat bargi ishlatiladi. Bargida 240 mg % gacha s vitamin bo’ladi.
Urug’idan ekilgan petrushka birinchi yili uchtalik patsimon tupbarg, chetlari tishli barg hamda ildizmeva hosil qiladi. Petrushka ekilgach, 120-150 kunda pishadi. Ildizmevalari yerda qishlaydi yoki kovlanib, omborxonalarda saqlanib, bahorda qayta dalaga o’tqaziladi. Tuproqqa o’tqazilgan ildizmevalar gulpoya, gul, meva va urug’lar hosil qiladi.
Gul to’plami – soyabon. Gullari ikki jinsli, mayda, beshta sariq gultojbargli. O’simlik chetdan hasharotlar yordamida changlanadi. Mevasi qo’sh urug’dan iborat. Urug’i oval, mayda, qirrali, kulrang-yashil, 1000 tasi 1,2-1,8 gramm, unuvchanligi 1-klass urug’laridan 70 % dan ziyod bo’lib, 3-4 yil saqlanadi. Petrushkaning quyidagi saxarnaya, bordokovskaya, listovaya obыknovennaya navlari ko’p tarqalgan (77-rasm).
77–rasm. Petrushka navlari: 1-saxarnaya;
2-bordokovskaya; 3-listovaya obыknovennaya
Ildizli petrushkaning saxarnaya navi – tezpishar, hosildorligi yuqori (160-200 s/ga), ildizmevasi uzunchoq – konussimon, uchi o’tkir, kulrang oq, vazni 150 gramm. Uzoq saqlanmaydi.
Bordokovskaya navi – kechpishar, uzun-silindrsimon, oq rangda bo’lib, yaxshi saqlanadi.
Bargli petrushkaning listovaya obыknovennyaya navi tezpishar, yuqori hosilli bo’lib, juda ko’p (50 ta va undan ortiq) yirik bargli tupbarg hamda yeb bo’lmaydigan shoxlangan, yog’ochsimon ildizmeva hosil qiladi. Bundan tashqari 2002 davlat reyestriga kiritilgan o’zbekiston sabzavot poliz ekinlari va kartoshkachilik institutida yaratilgan nilufar navi ekiladi. Barglari o’rta yiriklikda, silliq, to’q yashil. Kasallik va zararkunandalarga chidamli. Yangiligicha iste’mol qilishga yaroqli. Uzoq tashishga mos. Hosildorligi – 7,0 – 7,5 t/ga.
Do'stlaringiz bilan baham: |