13-mavzu. Islomning O‘rta Osiyoga kirib kelishi va islomlashuv jarayonining xususiyatlari
Download 170.76 Kb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Dunyoviy davlat va ulamolar
Hanafiya mazhabi. Hanafiy faqihlar shahar ahlining turli qatlamlari bilan chambarchas mustahkam aloqada bo‘lib, o‘z diniy-ijtimoiy faoliyatlarida ularning manfaatlarini aks ettirar edilar. Shu paytgacha islomshunoslikda Somoniylarning (874-999) hokimiyatga kelishi o‘z-o‘zidan hanafiylarning mavqelarini kuchaytirdi, deb hisoblanar edi (V. Madelung). Ammo yangi kashf etilgan manbalardan ma’lum bo‘lishicha, asli xurosonlik Somoniylar mahalliy aholi va ularning yetakchi vakillari – hanafiylar ta’sir doirasini cheklash va toraytirish uchun ahl al-hadis va shofi’iylardan foydalanganlar (jumladan, Ismo‘il Somoniy, 892-907). Ular o‘rtasidagi keskin raqobat kurashi ilm sohasida mumtoz asarlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu o‘rinda Shams al-a’imma al-Halvo’iy, Shams al-a’imma as-Saraxsiy, Abu Zayd ad-Dabusiy, Faxr al-islom al-Pazdaviy, as-Sadr ash-Shahid, Abu Hafs an-Nasafiy, az-Zamaxshariy, ‘Alo’ ad-din as-Samarqandiy, al-Mutarriziy, Burhon ad-din al-Buxoriy, Faxr ad-din Qodixon, Burhon ad-din al-Marg‘inoniyning fiqh metodologiyasi, fiqhning amaliy masalalari, hadis, aqo’id, filologiya, tafsir va boshqa sohalarda yaratgan yuzlab asar nomlarini keltirish kifoya. Mazkur asarlar orqali O‘rta Osiyo boy madaniy an’analari, diniy tajribasi, huquqiy tasavvurlari islom tamadduni doirasiga kiritildi. Bu bilan islomning to‘laqonli, o‘z-o‘ziga yetarli, mukammal mintaqaviy shakliga asos solindi. Unda umumislomiy va mahalliy elementlar orasidagi munosabatda hamohanglik, mutanosiblikka erishila borildi.
Dunyoviy davlat va ulamolar. O‘rta Osiyoda uzoq vaqt davomida (VIII-XIII asrlar) davlat tuzumi Bag‘doddagi holatni takrorlar edi. Yaxshi ma’lumki, Payg‘ambar vafotidan (632 y.) so‘ng davlat hayotida dunyoviylik prinsipi ustun bo‘lib keldi. Ammo islom dinini birinchi navbatda hukmron doiralar tarafidan yagona din (monodin) deb e’tirof etish jamiyat hayotida ulamolar mavqeining yuqori bo‘lishiga tabiiy tarzda olib keldi. Chunki din qoidalarini ishlab chiqish davlat tasarrufida emas, balki yetarli diniy tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaharliklar – ulamolar qo‘lida edi. Ular, albatta, bu qoidalarni ta’birlash davomida o‘z tabaqasi manfaatlarini esdan chiqarmas edilar. Yoki og‘ir va ziddiyatli hollarda shahar ahli qo‘llab-quvvatlashiga tayanib, hokimu sultonlarni «diniy shiorlar» ostida tartibga chaqirib qo‘yishi ham mumkin edi. Shuning uchun doimo islom dunyosidagi turli mintaqalarda hurmronlik qilgan davlatlar muayyan diniy siyosat olib borishga majbur bo‘ldi. Masalan, Somoniylar kelishuvchan (konformist) ulamolardan o‘z siyosatlarini o‘tkazishda foydalanib, norozilarini esa ta’qib qildilar. Qoraxoniylar (999-1212) rasmiy diniy mansablarga mahalliy ulamolar o‘rniga chekka hududlardan taklif qilingan olimlarni tayinlay boshladilar. Shuningdek, ular o‘z kadrlarini tarbiyalash maqsadida madrasalar ta’sis etdilar. Saljuqiylar, qoraxitoylar, xorazmshohlar yurishlari oqibatida markaziy hokimiyat qudratiga putur yetdi. Bu esa mamlakat siyosatiga shaharliklarning, ularning yetakchilari – ulamolarning aralashuvini kuchaytirdi. Bunday holat ilmu fanda hozirgacha yaxshi o‘rganilmagan hodisa – Buxoro shahri boshqaruviga ulamolar sulolasi – Sadrlar (1102-1238) kelishi fenomenini yuzaga keltirdi. Mo‘g‘ullar istilosi (1218-1221) natijasida O‘rta Osiyoda o‘rnatilgan siyosiy tuzum oldingilaridan tubdan farq qiladi. Unga Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida shakllangan davlatchilik prinsiplari o‘rniga Markaziy Osiyo ko‘chmanchilik an’analari asos qilib olindi. Barpo etilgan yangi tuzumda dinga, xususan ulamolarga bo‘lgan munosabat butunlay boshqacha edi. O‘rta Osiyo siyosiy hayotida shaharlik aholi ahamiyati pasayib, yangi aholi tabaqasi – chig‘atoylar roli oshib bordi. Natijada Buxoro va Samarqand hanafiy ulamolarining ijtimoiy salmog‘i tobora pasayib bordi. Bu esa mazkur maktab ilmiy salohiyatida avval turg‘unlikka, so‘ngra esa parokandalikka olib keldi. Yangi sharoitda ulamolarning boshqa bir toifasining ahamiyati osha bordi. Ular avvaliga xarizmatik (karomatli) shayxlar, ovloq yerlik (chekka hududlik) shayxlar nomlari bilan ma’lum bo‘ldilar. Download 170.76 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling