14-mavzu: Islom qadriyatlari


Download 108.01 Kb.
bet5/10
Sana16.06.2023
Hajmi108.01 Kb.
#1518613
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
14-Islom qadriyatlari

Erning xotin zimmasidagi eng muhim haqlari quyidagilardir:
1. Xotin erining haqqini o‘z haqqidan va hamma yaqinlarining haqqidan ham oldinga qo‘yishi kerak. Chunki zimmasidagi erining haqqi juda kattadir.
2. Xotin uyiga erining ruxsatisiz hech kimni qo‘ymasligi, erining uyidan uning ijozatisiz biror narsani o‘zining yaqinlariga ham berishi kerak emas. 3. Xotin hamisha erga itoatda bo‘lishi, eridan ruxsat olmay uydan chiqishi, uydan boshqa joyda ishlashi mumkin emas.
4. Xotin o‘z nasibasiga rozi bo‘lishi, eriga injiqlik qilmasligi kerak.
5. Xotin erining do‘stiga notanishdek bo‘lishi lozim.
6. Xotin go‘zalligi bilan eriga faxrlanmasligi, erini yomon ko‘rmasligi, agar boy bo‘lsa, eri oldida moli bilan g‘ururlanmasligi kerak.
7. Xotin farzandlariga rahm qilishi, ularni hurmat qilishi, farzandlari va eriga yomon gaplarni gapirmasligi kerak. Er – oilaning rahbari. Agar ayol erning itoatida bo‘lsa, farzandlar ham otaga itoat qiladigan bo‘ladi. Oqibatda oilada do‘stlik, ahillik, muhabbat hukm suradi, oila mustahkamlanadi, qut-barakali bo‘ladi. Ayolning eriga itoatsizligi esa oilaning buzilishiga, boshqa ko‘plab kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladi.

5-§. Islomda ota-onalarga munosabat va farzand tarbiyasidagi mas’uliyat

Islom dini farzandlarning zimmasida ota‑onalarning bir qancha haq-huquqlari borligini ta’kidlaydi. Bu masala Qur’oni karimda, hadislarda va Islom tarbiyasi haqidagi kitoblarda alohida bayon qilingan. Islom ta’limotiga ko‘ra farzandlar o‘z ota‑onalariga yaxshi muomala qilishlari, shirinsuxan bo‘lishlari, ularga mehribonlik ko‘rsatishlari, doimiy ehtirom bilan ularni taqdirlab turishlari, ularning shariatga zid bo‘lmagan barcha buyruq, talab-istaklarini bajarishlari lozim deyiladi. Qur’oni karimning «Isro» surasida farzandning ota-onasiga munosabati masalasida quyidagi oyat keltirilgan. - Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishingni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga «uff» dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt! Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt» (23–24‑oyatlar). Ushbu oyatda Allohga ibodat qilishdan keyin ota‑onaga yaxshilik qilish buyurilmoqda. Islom ta’limotiga ko‘ra farzand ota‑onasiga biror og‘iz yoqimsiz so‘z aytmasligi, ota‑onasiga ozor yetkazmaslik uchun ularning oldida o‘zining g‘ami borligini bildirmasligi, ota‑onaga qo‘pol harakat qilmasligi, ularning yuzlariga tik qaramasligi, ota-onaga doimo muloyimlik bilan shirin so‘zlarni aytishi talab etiladi. Farzandning ota‑onaga qilgan yaxshi munosabati, ularga tavoze ko‘rsatib, mehribonlik qilishi, ularning oldiga izn so‘rab kirishi, ular kelganda o‘rnidan turib, kutib olishi, ularni ismi bilan atamaslik, ulardan oldin yurmaslik va o‘tirmaslik, ularning oldilariga kirganda va chiqqanda ularga salom berishdan iboratdir. Ota-onani yoqimli so‘zlar bilan chaqirish, ularga dinlari va dunyolarida manfaat beradigan gaplarni aytish, dinda ular bilmaydigan narsalarini o‘rgatish, ularning barcha so‘zlariga itoat qilish, ota‑ona bilan o‘tirganda ularning ruxsatisiz chiqib ketmaslik, ota‑onaning muhabbatini qozongan kishilarning hurmatini qilish, ota-onasining nafaqasini yaxshilash, hadyalar berib turish, ularni so‘rashga muhtoj qilmay yoki minnat qilmay, izzat ko‘rsatish islom dinida farzandning ota-ona oldidagi belgilab berilgan burchidir. Ota‑onalar zaiflashgan, qartaygan vaqtlarida farzandlar tomonidan ularning haqlarini ado etish, farzandning ota‑ona xizmatida doimo shay turishi, ularning obro‘sini himoya qilish, ularni xursand qilishning choralarini ko‘rish, Islom dinida e’tirof etilgan.


Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Avvalo tarbiya va odob masalasida ota-onalarning o‘zlari bolalarga yaxshi namuna bo‘lishlari kerak. Har bir bola uchun uning ota-onasi dunyodagi eng ulug‘ kishilar bo‘ladi. Bola ota-onasiga taqlid qiladi va ulardan o‘rnak oladi. Shuning uchun ham ota-ona farzandlariga doimo yaxshi va go‘zal o‘rnak bo‘lishlari lozim. Ota-ona bolalariga shaxsiy namuna ko‘rsatishlari bilan birga, ularga odoblarni qunt bilan, zerikmasdan o‘rgatib borishlari zarur. Chunki ota-onaning bolalarga beradigan narsalari ichida eng qimmatlisi va zaruriysi odobdir.
Farzand tarbiyasi o‘ta murakkab va ma’suliyatli jarayon bo‘lib, bu har bir ota-onadan o‘z ustida muntazam ishlashni, bolalar tarbiyasiga oid barcha ma’lumotlardan xabardor bo‘lib borishni talab etadi. Bolalarni intizomga o‘rgatish oila mustahkamligiga asos bo‘ladi. Islom shu ma’noda ota-onalarni o‘z farzandlariga sog‘lom tarbiya berishga rag‘batlantiradi. Hadisi sharifda Farzandlaringizni hurmat qiling va ularni yaxshi xulq bilan xulqlantiring deb ta’kidlangan. Farzand tarbiyasi jarayonida bola huquqlarining kamsitilmasligi talab etiladi. Oilaviy tarbiya ijtimoiy tarbiyaga nisbatan bolalarning ruhiy olamiga, hissiyoti va tuyg‘ulariga chuqur ta’sir ko‘rsatadi. Yoshlarning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini shakllantirishda, har jihatdan barkamol etib tarbiyalashda buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosi katta ahamiyat kasb etadi. Zero, hayotning asl mazmun-mohiyatini anglab yetishga o‘z umri va salohiyatini bag‘ishlagan allomalarimizning asarlarida sog‘lom avlod tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarga alohida o‘rin berilgan. Sharq allomalari o‘z asarlarida farzandlarga tarbiya va ta’lim berish, uni ma’rifatu madaniyatga yetaklash muammolariga e’tibor berganlar. Buyuk mutafakkirlar farzand tarbiyasi, go‘zal axloqning inson kamolotiga sabab bo‘luvchi yuksak fazilat ekanini ta’kidlaganlar. Jumladan, Imom Buxoriyning “al-Adab al-mufrad hadislar to‘plami, Abu Lays Samarqandiyning “Tanbehul g‘ofiliyn” asarlarida farzandlarga yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish tarannum etilgan. Yurtimiz ulamolari o‘z asarlarida farzandining chiroyli odobidan umid qilgan ota-ona, uni muntazam ravishda husni xulq asosi bo‘lgan muomala odobining quyidagi qirralari bilan tanishtirib borishi muhim ekanini alohida ta’kidlaganlar:
– farzandingiz odamlar bilan muomalada shirinso‘z, muloyim, bosiq va kamtar bo‘lishiga e’tibor qarating;
– odamlar xursandchiligini baham ko‘rish, g‘am-anduhidan qayg‘urish, mol-mulkiga xiyonat qilmaslik, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish husni xulq egalariga xos fazilatlardandir. Shuning uchun farzandingizga ana shu xislatlarni bolalikdan singdirish payida bo‘ling;
– farzandingizga o‘zgalar bilan muomala chog‘ida boshqalarni g‘iybat qilish, o‘zgalarni mensimaslik, obro‘si, boyligi yoki mansabiga qarab munosabat ko‘rsatish ham odobsizlik ekanini uqtirib boring;
– yoshi ulug‘ kishilar, ustozlar bilan muomalada ularning ko‘ziga tik boqmay, gaplarini jim tinglash, savollarigagina javob qaytarish, buyruqlarini sidqidildan bajarish ham bolalar qalbiga jo qilishga e’tibor bering.
Ota-bobolarmiz azaldan o‘g‘il qizlarning go‘zal xulqli, odobli bo‘lishiga katta ahamiyat berganlar. Binobarin, islom dinida ham axloq imon qatoriga qo‘yiladi. Farzand tarbiya qilganda odatda o‘g‘il bolalar tarbiyasi bilan ko‘proq ota, qiz bola tarbiyasi bilan esa ona shug‘ullanadi. Albatta bunda farzandning saviyasi inobatga olinadi. Bolalik chog‘ida farzandning qalbi o‘ta yumshoq va ta’sirga beriluvchan bo‘ladi. Shu bois diniy ta’limotda bolalarni mehr bilan erkalash, farzandning bolalik davrini xursand o‘tkazishga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, qiz bolaning ko‘ngli nozik bo‘lishini hisobga olib, ularga alohida mehr ko‘rsatishga chaqiriladi. Diniy ta’limotda ota-ona o‘z farzandlariga ta’lim-tarbiya berishi ham dolzarb vazifalardan deb qaraladi.
Tarbiyada eng muhim vosita bu mehr va shirinso‘zlik bilan tarbiyalashdir. Bu ikki vosita bir bo‘lib, bolani shakllantiradi. Islom ta’limotida yosh avlodning jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘ayishiga jiddiy ahamiyat berilgan. Farzandga bilim olish uchun sharoit yaratish ham ota-onaning vazifasidir. Hadislarda “Ilm olish har bir musulmon va muslima uchun farzdir”, deb odamlar ilm olishga da’vat qilingan. Yosh avlod yetuk va komil shaxs bo‘lib voyaga yetishi uchun jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalasi ham o‘z dolzarbligini saqlab kelmoqda. Yosh avlod tarbiyasida ularni o‘z ajdodlariga munosib voris qilib tarbiyalash, o‘z tarixi, Vatani, ona tiliga, millati, diniga va an’nalariga sodiq bo‘lib kamol topishiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgi davrda O‘zbekistonda islom dinining asl mohiyatini va insoniyatni ezgulikka eltuvchi din ekanligini ilmiy asoslangan xolda teran o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, dunyo madaniyatiga xissa qo‘shgan ajdodlarimiz merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqimiz ma’naviy axloqiy qadriyatlarining shakllanishida islom dini, Qur’oni Karim va hadislar muhim o‘rin tutib kelgan. Islom dini milliy madaniyatimiz, axloq, nafosat, urf-odat, an’ana, udumlar, marosimlarimizga ta’sir ko‘rsatib, milliy mentalitetimizda ham namoyon bo‘lib kelmoqda. Milliy mentalitetimizda namoyon bo‘lib kelayotgan odob, axloq, tarbiya, insoniylik asrlar davomida islom mafkurasi asosida shakllangan, moddiy va ma’naviy madaniyatimizga, san’atimizga doimo o‘zining ta’sirini o‘tkazib kelgan.



Download 108.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling