18.1-rasm. O`zbekistonda aholi real daromadlarining o`sishi
(o`tgan yilga nisbatan foiz hisobida)
Aholining nominal pul daromadlari turli manbalar hisobiga shakllanib, ulardan asosiylari quyidagilar hisoblanadi:
a) ishlab chiqarish omillari hisobiga olinadigan daromad;
b) davlat yordam dasturlari bo`yicha to`lov va imtiyozlar shaklidagi pul tushumlari;
v) moliya-kredit tizimi orqali olinadigan pul daromadlari.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish sharoitida aholi daromadlari tarkibida qator o`zgarishlar sodir bo`ldi. Birinchidan, daromad shakllari o`zgardi, ya`ni uning an`anaviy turlari (ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiya) qatoriga mutlaqo yangilari – tadbirkorlik faoliyatidan, (ko`chmas) mulkdan, qimmatli qog’ozlardan, chet el valyutasidan keladigan daromadlar qo`shildi. Ikkinchidan, daromadlarning tarkibiy qismlari miqdor va sifat jihatidan o`zgardi, bu borada fuqaro ixtiyoridagi haqiqiy daromadlar, to`planish va ajralish koeffitsienti, daromad tanqisligi, tirikchilik minimumi, qashshoqlik darajasi, oila pul daromadlarining xarid qobiliyati kabi tushuncha va kategoriyalar paydo bo`ldi. Uchinchidan, daromadlardan foydalanishning yangi yo`nalishi paydo bo`ldi: majburiy to`lovlar va badallar, chet el valyutasi, qimmatli qog’ozlar va shaxsiy mulkni sotib olish uchun xarajatlar, tijorat banklariga qo`yilmalar shular jumlasidandir.
Respublikamiz iqtisodiyotining yanada rivojlanib borishi va aholining turli faoliyat turlari bilan shug’ullanishiga keng yo`l ochib berilganligi sababli aholining pul daromadlari yildan-yilga oshib bormoqda (18.2-rasm).
18.2-rasm. O`zbekistonda aholi umumiy daromadlari dinamikasi
(trln. so`m)
2019 yilda aholining umumiy daromadlari 344,7 trln so`mni tashkil etib, uning katta qismini yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo`lishdan olingan daromadlarni o`z ichiga olgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlardan tashkil topadi.
O`zbekistonda aholi yalpi daromadlari tarkibining tahlili shuni ko`rsatadiki, daromadlarning ahamiyatli qismi ishlab chiqarish daromadlari bo`lib, uning tarkibida mehnat faoliyatidan olinadigan daromadlar yetakchilik qilmoqda (18.2-jadval). 2019 yilda jami daromadlarning 74,7 foizi mehnat faoliyati ya`ni ish haqi va mehnatga haq to`lash natijasida olingan daromadlar hissasiga, 25,3 foizi ijtimoiy transfertlar hissasiga to`g’ri kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |