Bosh kelishik. Odatdagidek, bu kelishik maxsus koʻrsatkichga ega boʻlmaydi. Uning asosiy sintaktik funksiyasi ega vazifasida kelishidir: Sakkākiy ul ay manzыlыna xud yetә bilmәs (Sakkokiy). Anda kөp ulamālar davra alыb olturubturlar (Furqat). Shu bilan birga, bosh kelishikdagi soʻz kesim va ikkinchi darajali boʻlak vazifasida ham keladi.
Qaratqich kelishigi. Bu kelishik qoʻshimchasi koʻp variantlidir. Negizning fonetik xususiyatiga qarab, affiksning maxsus variantlari qoʻshila beradi:
-nың \\-niң. Mazkur qoʻshimcha har qanday negizlarga qoʻshila beradi: qoychыnың iti (Tafsir). Elchiniң shahdlыq zahrы shi:shәsi... (Xamsa). Bu qoʻshimcha XV asrgacha boʻlgan yodnomalarda tarkibida lablanmagan unlilar boʻlmagan negizlarga qoʻshilgan. Keyingi davrda esa har qanday negizga qoʻshilgan.
-nuң \\-nүң. Qaratqich kelishigining bu varianti oxirgi boʻgʻinda lablangan unlilar qatnashgan negizlarga qoʻshiladi: Rasulnuң sөzi (Tafsir). Xarunnuң aqlы (QR). Kөzүңnүң allыda nargis kelib qatыgʻ kөzlүg...(Xamsa). Bu qoʻshimchaning yuqoridagi negizlarga qoʻshilishi XV-XVI asrlargacha davom etgan. Shuningdek, bu qonuniyatdan chekinish hollari ham uchraydi: Kөzniң niyati (Atoiy), xalqnuң ranji (Tafsir).
-ың \\-iң \\-үң. Qadimgi turkiy tilda undosh bilan tugagan negizlarga qoʻshiladigan bu qoʻshimchalar eski oʻzbek tilida ham uchraydi. Lekin uning qoʻllanishi ayrim soʻz shakllarigagina xosdir. Bu davr yodnomalaridan mazkur qoʻshimcha faqat «Tafsir»da ancha keng qoʻllangandir: ul eliң evlәri, anlarың evlәri.
-үң qoʻshimchasi. Bu qoʻshimcha kim olmoshi bilangina qoʻllangan: Sen kimүң ogʻlы-sen?
Qaratqich kelishigi qoʻshimchasining bunday variantlari singarmonizmli turkiy tillarda va singarmonizmli oʻzbek shevalarida ham uchraydi.
Bu kelishikning belgisiz qoʻllanishi eski oʻzbek adabiy tili uchun ham xarakterli boʻlgan: Mүlk ikki bāgʻы ikki ālam \\ Sultanlыgʻ erүr saңa musallam (Xamsa).
Do'stlaringiz bilan baham: |