13-modda. Ichki ishlar organlarining tizimi
Ichki ishlar organlarining tizimi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, tumanlar va shaharlar ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari), transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmalari (bo‘limlari), jazoni ijro etish muassasalari, ichki ishlar organlarining o‘ta muhim va toifalangan obyektlardagi bo‘linmalari, shaharcha ichki ishlar bo‘linmalari, mahalla huquq-tartibot maskanlari hamda ichki ishlar organlarining tayanch punktlari, shuningdek ta’lim va tibbiyot muassasalari, ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa bo‘linmalar va tashkilotlardan iboratdir.
Ichki ishlar organlari tizimiga o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda huquqlar va imtiyozlardan foydalanadigan qorovul qo‘shinlari hamda xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shinlar ham kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘z maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tarkibiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, qonunchilikka muvofiq ayrim masalalar bo‘yicha esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axborotni yiliga ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etadi.
Ichki ishlar organlarining tashkiliy-shtat tuzilishi va shtat sonining eng yuqori chegarasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
2-modda. Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari
Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashdan, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |