30-modda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashni tashqi siyosiy va xalqaro-huquqiy jihatdan ta’minlashni amalga oshiradi;
Davlat chegarasini va uning rejimini belgilash bo‘yicha muzokaralar olib boradi, zarur hujjatlar va materiallar tayyorlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirishi va O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtiradi;
Davlat chegarasi rejimiga rioya etish masalalarini, chegara nizolarini belgilangan tartibda hal etadi;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
32-modda. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
havo bo‘shlig‘ida Davlat chegarasi himoya qilinishi va qo‘riqlanishini amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat chegarasini himoya qilishda ishtirok etishini ta’minlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida havo bo‘shlig‘ida yuzaga kelgan chegara nizolarini hal etadi;
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash tadbirlari resurs va boshqa jihatdan ta’minlanishida chegara qo‘shinlariga belgilangan tartibda ko‘maklashadi;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
33-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashga doir tadbirlarni amalga oshirishda chegara qo‘shinlariga ko‘maklashadi;
chegara oldi zonasida chegara oldi rejimiga rioya etilishi ustidan hamda Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlariga tutash hududlarda huquq-tartibotga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining ishtirokini ta’minlaydi;
chegara oldi hududlarida huquq-tartibotning holati to‘g‘risida chegara qo‘shinlariga axborot beradi;
Davlat chegarasini himoya qilishda ichki qo‘shinlar qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etishini ta’minlaydi;
chegara qo‘shinlarining taqdimnomasiga binoan chegara oldi qidiruv ishlari va operatsiyalari o‘tkazilayotgan paytda, shuningdek harbiy xurujni qaytarish yoki Davlat chegarasi orqali noqonuniy ommaviy o‘tishlarning oldini olish chog‘ida Davlat chegarasiga yaqin ayrim uchastkalar yoki obyektlarga fuqarolarning o‘tishini vaqtincha cheklash yoki man etishni ta’minlaydi;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |