Biriktiruvchi to‘qima. Bu xil to‘qimaga suyak to‘qimasi, tog‘aylar, paylar, bog‘lovchilar, tolali biriktiruvchi to‘qimalar kirib, ular boshqa hujayralarni (to‘qimalarni) birlashtirib turadi. Bu to‘qima hujayra va hujayra oraliq moddasidan tashkil topgan. Hujayra oralig‘i moddasining tuzilishi va xususiyatiga ko‘ra bir necha xilga bo‘linadi.
Suyak to‘qimasi. Organizm skeletini hosil qiladi. U suyak hujayralari (osteotsitlar, osteoblastlar va osteoklastlar) va ular yordamida hosil bo‘lib turadigan suyak asosiy moddasidan tuzilgan. Suyak asosiy moddasi tarkibida ko‘pincha oqsillardan kollagen va kal`siy tuzlari bo‘ladi.
Tog‘aylar. Umurtqali hayvonlarning skeletlari embrional davrida tog‘aydan tashkil topadi va etilgach, suyakka aylanadi. Akula va skatlar bundan mustasno. Odamlarda tog‘ay faqatgina quloq suprasida va burun uchida saqlanib qolgan. Tog‘aylar qattiq va egiluvchan bo‘ladi.
Hayvon organizmidagi muskullar uch guruhga bo‘linadi:
1. Suyak muskullari yoki ko‘ndalang-targ‘il muskullar.
2. Silliq muskul to‘qimalari.
3. Yurak muskul to‘qimalari.
Muskul to‘qimalarining qisqarishi natijasida mexanik ish bajariladi.
YUrak muskullari yurak devorlarini, silliq muskullar esa ovqat hazm qilish hamda ba`zi bir ichki organlarning devorlarini hosil qiladi. Suyak muskullari ko‘p miqdorda uchrab, ko‘pincha suyakka birlashgan bo‘ladilar. Suyak va yurak muskullarini tashkil etuvchi hujayralar boshqa hujayralardan farqli bir nechta yadroli bo‘ladi. Bundan tashqari suyak muskul hujayralaridagi yadrolar hujayraning markazida emas, hujayra membranasi ostida joylashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |