2-mavzu. Yog’och, materiali xomashyolarini yo’nish, qirqish, kesish, o’yish, yig’ish va biriktirish texnologiyasi
Download 1.4 Mb. Pdf ko'rish
|
MMT 2 mavzu (1)
2-mavzu. Yog’och, materiali xomashyolarini yo’nish, qirqish, kesish, o’yish, yig’ish va biriktirish texnologiyasi. Yog‘ochga ishlov berishda o‘lchash va rejalash asboblari hamda ishchi asbobuskunalar ishlatiladi. Bunda dastarra, burcharra, lobzik arra, iskana, yog‘ochga birlamchi ishlov beruvchi randa va maxsus randalar, o‘yuvchi, yo‘nuvchi va nov iskanalar, qo‘l parmalari, egovlar kabi ishchi asboblar ishlatiladi. Yog‘ochdan turli buyumlar tayyorlash uchun yog‘och materiallarni o‘lchash va rejalash kerak bo‘ladi. Buning uchun maxsus asboblardan foydalaniladi. O‘lchash deb yog‘och materialning o‘lchamlarini va shaklini aniqlashga aytiladi. Bu asboblarga chizg‘ichlar, metr, ruletka, go‘niyalar, xatkash va o‘lchov andozalari kiradi. O‘lchov andazalari bir xil buyumni ko‘plab tayyorlashda qo‘llaniladi. O‘lchov andazasi bir xil uzunlikni ko‘p marta o‘lchash uchun kerakli kattalikda tayyorlangan reyka, tayoqcha yoki shu kabilardan iborat. Tayyor buyum namunasidan ham foydalansa bo‘ladi. Arralar. Yog‘och materiallaridan buyumlar tayyorlashda yog‘ochni turli yo‘nalishlarda arralash ishlarini bajarish uchun kerak bo‘ladi. Bunda yog‘ochni ko‘ndalangiga, bo‘yiga, xar xil qiyalikda ham turli egri chiziqlar bo‘ylab qirqiladi. Bu ishlar asosan har turli arralar yordamida arralash orqali bajariladi. Bu arralar tuzilishiga ko‘ra qo‘l kuchi ishlatiladigan, elektr va zanjirli arralarga bo‘linadi. Yog‘ochdan boshqa materiallarni arralash uchun maxsus arralar ishlatiladi. Arralar qo‘l arra (dasta arra), ikki kishi birgalikda ishlatiladigan sarjin (g‘o‘labo‘r) arra va taxtabur arralarga bo‘linadi. Arralarning turlari ko‘p bo‘lib, ularning asosiy qismi po‘latdan tayyorlanadi. Arra turlari: a)burcharra b)g‘o‘labo‘rarra d)dastarra; Qo‘l arralari burcharra, burama yoy arra deb ataladigan turlari ham bor. Burcharralar tanasi yupqa bo‘lib, tor iz hosil qilish orqali aniq arralash ishlarini bajarish uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga arralash uchun kamroq kuch sarflash imkonini beradi. Ularni ishlatish vaqtida yupqa tanasini tarang tutib turish uchun maxsus moslamadan foydalaniladi. Moslamaga o‘rnatilgan burcharraning tuzilishi arra tanasi, 2 ta quloq, 2 ta dasta, 1 ta kergi chilvir va burov tayoqchasidan iborat. Bu arrani ishlatish vaqtida tanasini tarang tutib turish uchun chilvir orasidan o‘tkazilgan burov tayoqchasini aylantirib chilvirni taranglash kerak. Burch arralar kashakli arra, yoy arra deb ham ataladi. Burilma yoy arralar taqasimon tutqichga maxkamlanadi. Ular yupqa ensiz va kalta arra tanasidan iborat ixcham qo‘larra bo‘lib, faner, yupqa taxta va boshqa materiallardan shakldor buyumlar arralash uchun ishlatiladi. Bunday arralar tanasining qalinligi 0,6–1,25 mm eni 2–10 mm, uzunligi 200–350 mm gacha bo‘ladi. Burilma arralarning lobzik yoki qil arra deb ham ataladi. Uzun tomoni yonidan arra chiqariladi. Arra tanasining uzunligiga ko‘ra uzun va qisqa, qalinligiga ko‘ra qalin va yupqa, kengligiga ko‘ra keng, tor, ingichka va qil arra turlariga bo‘linadi. Tishning tuzilishiga ko‘ra bir tomonga arralaydigan, ikki tomonga arralaydigan hamda tishining kattaligiga ko‘ra yirik, o‘rta, mayda tishli arralarga ajratiladi. Bu arralar faner va yog‘ochdan shakldor buyumlarni arralash uchun ishlatiladi. Sarjin arra yog‘och g‘o‘lalarini 2 kishi bo‘lib arralash uchun ishlatiladi. Bu arralarning tanasi uzun va keng bo‘lib, uning ikki uchiga yog‘och dastalar o‘rnatiladi. Bu dastalarning o‘q chizig‘i arra tanasi bilan bir xil tekislikda o‘rnatiladi. Sarjin arrani g‘albo‘r arra deb ham ataladi. Ularning tanasi turli uzunlikda tayyorlanadi. Taxtabo‘r arra yo‘g‘on yog‘ochlardan ikki kishi bo‘lib taxta tilishda ishlatiladi. Bu arradan foydalanishda yog‘ochni taxta tiluvchilarning biri uning ostida va ikkinchisi ustida turib arralashlari uchun maxsus tayyorlangan joyga mahkamlanadi. Taxtabo‘r arraning dastalari uning tanasi tekisligini ikki yoniga tik chiqib turadigan xolatda o‘rnatiladi. Arralar vazifasiga ko‘ra qirquvchi, tiluvchi arralariga bo‘linadi. Bu arralar bir-biridan tishlarining shakli bilan farq qiladi. Qirquvchi arralar yog‘ochni ko‘ndalang qirqish uchun ishlatiladi. Ularning tishlari teng yoki uchburchak shaklida bo‘lib, ular arra tanasining davomidan o‘tkir uchlari tashqariga tik yo‘nalgan holda chiqariladi. Tiluvchi arralar yog‘ochni bo‘yiga arralab tilish uchun ishlatiladi. Ularning tishi o‘tkir burchakli bo‘lib, ular arra tanasi davomidan tashqarida tik yo‘nalgan uchburchak shaklida chiqariladi. Duradgorlik iskanalari. Yog‘och materiallardan turli xil buyumlar tayyorlashda ularning qismlari ko‘pincha “tirnoq” chiqarish yo‘li bilan biriktirilib, bunda o‘yish-teshish ishlari bajariladi. Bu maqsadda har hil duradgorlik iskanalaridan foydalaniladi.Duradgorlik iskanalari vazifasiga ko‘ra yo‘nuvchi va o‘yuvchi iskanalarga bo‘linadi. Yo‘nuvchi iskanalar yordamida yo‘nish yo‘li bilan taxtalarning chetlariga faska chiqariladi, tirnoqlar rostlanadi, teshik, uyalar yo‘nib kengaytiriladi. Shuningdek, yumshoq va yupqa taxtalar o‘yib teshiladi. Qalin va qattiq yog‘ochlarni o‘yish-teshish ishlari o‘yuvchi iskanalar yordamida bajariladi. Yo‘nuvchi iskanalar yupqa,o‘yuvchi iskanalar qalin bo‘ladi. Bundan qat’iy nazar, ularning eni har xil o‘lchamda tayyorlanadi. Yo‘nuvchi iskanalarning eni 4 mm dan 40 mm gacha, o‘yuvchi iskanalarning eni 6 mm dan 20 mm gacha bo‘ladi. O‘yish-teshish ishlarida quloq, uya va teshiklarning kengligiga qarab unga mos iskanalar tanlanadi. Teshik enidan katta iskana ishlatishga ruxsat etilmaydi. Kichik o‘lchamdagi iskanalar bilan esa katta teshik va uyalarni ochish ham mumkin. Yog‘och taxtalarni yo‘nish, o‘yish-teshishda nov shaklidagi iskanalar ishlatiladi. Ular yordamida silindrik teshik va uyalar o‘yish, sirtlarda nov ochish ishlari bajariladi. Nov shaklidagi iskanalar har xil o‘lchamda tayyorlanadi. Iskanalar bir tomonlama charxlanadi. Yo‘nuvchi iskanalarning o‘tkirlik (charxlash) burchagi 18–25°, o‘yuvchi iskanalarning o‘tkirlik burchagi 25–35° atrofida bo‘ladi. Iskanalarning dastalari zarang, qora qayin, qayrag‘och, yong‘oq kabi pishiq yog‘ochlardan tayyorlanib, uchiga metall halqa kiydiriladi. Halqalar iskanaga bolg‘a bilan urishda dastani yorilishdan saqlaydi. Iskanalar yog‘och to‘qmoq bilan uriladi. Iskana dastalariplastmassadan ham tayyorlanadi. Download 1.4 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling