2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin
Download 96.93 Kb.
|
376 14.08.2023-1
maxsus axborot tizimi — talabalarni talabalar turar joyiga joylashtirish jarayonini raqamlashtiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) yagona axborot tizimi;
imtiyozli ro‘yxat — Reglamentning 5-bandiga muvofiq aniqlanadigan hamda talabalar turar joyiga birinchi navbatda joylashish huquqiga ega talabalar ro‘yxati; umumiy ro‘yxat — talabalar turar joyiga joylashish istagini bildirgan imtiyozli ro‘yxatda mavjud bo‘lmagan talabalar ro‘yxati. 4. Maxsus axborot tizimiga quyidagi ma’lumotlar oliy ta’lim muassasasi tomonidan muntazam kiritib boriladi: a) har yili 1-avgustga qadar: tizimidagi har bir talabalar turar joyining manzili va quvvati (o‘quv yili davomida qo‘shimcha o‘rinlar yaratilgan taqdirda, bir ish kuni davomida); talabalar turar joyida kurslar va fakultetlarga ajratilgan o‘rinlar soni (o‘quv yili davomida oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) buyrug‘i bilan qayta taqsimlangan taqdirda, shu kunning o‘zida); b) muntazam ravishda — talabalar turar joyida mavjud bo‘sh o‘rinlar soni (bo‘sh o‘rin paydo bo‘lgan taqdirda shu kunning o‘zida tegishli ma’lumot maxsus axborot tizimiga kiritiladi). 5. Imtiyozli ro‘yxatga quyidagi mezonlarning biriga mos keluvchi talabalar kiritiladi: a) tegishli tasdiqlovchi ma’lumotlar asosida: “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar; “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (ayol) farzandlari; I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar; xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan talabalar; bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari; b) oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) buyrug‘i asosida: xalqaro va Vazirlik tomonidan o‘tkaziladigan respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan talabalar; Vazirlik tomonidan o‘tkaziladigan “Zakovat” intellektual o‘yinlari respublika bosqichi g‘oliblari; “Yil talabasi” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichi g‘oliblari; “Talabalar teatr studiyalari” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari; talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar. 6. Imtiyozli ro‘yxatdagi mezonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ariza berish jarayonida: “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, chin yetimlar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining axborot tizimi orqali; “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi orqali; “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining axborot tizimi orqali; I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimi orqali; “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining axborot tizimi orqali; 1-kursga tavsiya etilgan talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimi orqali; 2-kurs va undan yuqori kurs talabalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Vazirlikning axborot tizimi orqali avtomatik tekshiriladi. 7. Davlat xizmatlari markazlari, oliy ta’lim muassasalari va mutasaddi vazirlik va idoralar o‘rtasida axborotlar almashinuvi faqat idoralararo elektron o‘zaro hamkorlik orqali elektron raqamli imzoni qo‘llagan holda amalga oshiriladi. Ushbu Reglamentning 6-bandida ko‘rsatilgan holatlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olinadi. Tegishli ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida aniqlanmagan taqdirda, talabadan imtiyozli ro‘yxatdagi mezonlarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasini so‘rashga yo‘l qo‘yiladi. 8. Umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun oliy ta’lim muassasasi talabalar turar joyida ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi: 1-kurs talabalari uchun 55 — 65 foizi; 2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foizi; 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizgacha ajratiladi. Bunda: kurslarga ajratilgan, biroq to‘lmay qolgan o‘rinlar avvalo quyi kurs talabalari orasida, so‘ng kurslarning ortib borishi tartibiga qat’iy amal qilgan holda yuqori kurs talabalari orasida qayta taqsimlanadi; oliy ta’lim muassasasi tomonidan talabalar turar joyidagi o‘rinlar soni umumiy ro‘yxat bo‘yicha fakultetlar kesimida taqsimlanishi mumkin. 9. Umumiy ro‘yxatga kiritiladigan talabalar quyidagi ketma-ketlik asosida talabalar turar joyiga joylashtiriladi: bitta oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan oila farzandlari; kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar (kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar turar joyiga ehtiyoji bor talabalar to‘liq ta’minlanmasdan turib, boshqa ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalarni turar joyga joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi); talaba qizlar (talabalar kontingentidan kelib chiqib oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) ushbu ustuvorlik ulushini belgilaydi); bakalavriat bosqichida o‘qiyotgan talabalar (bakalavriat bosqichida o‘qiyotgan turar joyga ehtiyoji bor talabalar to‘liq talabalar turar joyiga joylashtirilmasdan, ta’limning magistratura va doktorantura bosqichida o‘qiyotgan talabalarni turar joyga joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi); oliy ta’lim muassasasi joylashgan hududdan boshqa hududda doimiy yashovchi talabalar; ariza berilgan sana bo‘yicha navbat asosida. 10. Imtiyozli va umumiy ro‘yxatlar bo‘yicha barcha navbatlar har o‘quv yili yakunidan so‘ng bekor qilinadi hamda avgust oyidan boshlab talabalarning murojaatlari asosida qaytadan shakllantiriladi. 11. Talabalarni oliy ta’lim muassasasi talabalar turar joylariga qabul qilish YIDXP yoki davlat xizmatlari markazlari orqali berilgan yo‘llanma asosida ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi. Talabalarni talabalar turar joyiga yo‘llanmasiz qabul qilish taqiqlanadi. 12. Talabalarni talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha yo‘llanmalar taqdim etilgan o‘quv yili uchun amal qiladi. 2-bob. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi 13. Talaba yo‘llanma olish uchun davlat xizmatlari markazlariga bevosita kelib (ishonchli vakil orqali) yoki mustaqil ravishda YIDXP orqali murojaat qilishi mumkin. 14. Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish har yili 1-avgustdan boshlanadi va o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. 15. Talaba davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilganda, markaz xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda esa, mustaqil ravishda Reglamentga 2-ilovaga muvofiq so‘rovnomani to‘ldiradi. 16. So‘rovnoma asosida maxsus axborot tizimida quyidagi harakatlar avtomatik ravishda amalga oshiriladi: talabani imtiyozli yoki umumiy ro‘yxatga kiritish; talabalar turar joyida bo‘sh o‘rin bo‘lganda, yo‘llanmani shakllantirish; talabalar turar joyida bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lmagan taqdirda — tegishli ro‘yxat bo‘yicha talabani navbatga qo‘yish va bu haqda xabarnoma yuborish; talabalar turar joyida o‘rinlar bo‘shashi bilan bo‘sh o‘rinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatik yangilab borish. 17. Talaba quyidagi huquqlarga ega: so‘rovnoma yuborilganidan so‘ng ham undagi ma’lumotlarni tahrirlash; talabalar turar joyida, jumladan, tegishli fakultet bo‘yicha mavjud bo‘sh o‘rinlar to‘g‘risidagi ma’lumotni ko‘rish; davlat xizmatlari markazi, YIDXP yoki maxsus raqamga so‘rov yuborish orqali ro‘yxatdagi navbat holati haqida SMS-xabar olish. Bunda har bir kiruvchi SMS-xabar uchun to‘lov ariza beruvchi hisobidan undiriladi; har qanday bosqichda davlat xizmati ko‘rsatilishidan voz kechish. Ariza beruvchi talaba onlayn tarzda navbatni kuzatishi va YIDXPda xabarnomalarni olishi, shuningdek talabalar turar joyiga qabul qilish uchun ariza berish usulidan (YIDXP yoki davlat xizmatlari markazlari orqali) qat’i nazar, davlat xizmatlari markazlarida murojaat holati to‘g‘risida ma’lumotni bepul olishi mumkin. 18. Oliy ta’lim muassasasi talabaning so‘rovnomasida kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, ariza beruvchiga besh ish kuni ichida ularni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi. 19. So‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilganligi hamda kamchiliklar belgilangan muddat mobaynida bartaraf etilmaganligi davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos bo‘ladi. Talabani talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishni boshqa asoslarga ko‘ra rad etish taqiqlanadi. Davlat xizmatidan foydalanish rad etilgan yoki talaba davlat xizmati ko‘rsatilishidan voz kechgan taqdirda, talabaning so‘rovnomasi tizim tomonidan avtomatik ravishda ko‘rib chiqilmasdan qoldiriladi va navbatdan chiqariladi. Bunda navbatga turish haqidagi xabarnoma yoki yo‘llanma so‘rovnoma bilan birgalikda bekor qilinadi. 20. Talabalar turar joyiga joylashish uchun yo‘llanma talabalar turar joyida o‘rinlar bo‘shagan kuni maxsus axborot tizimida dastlab imtiyozli ro‘yxat, so‘ng umumiy ro‘yxatdagi navbat bo‘yicha avtomatik ravishda shakllantiriladi. 21. Maxsus axborot tizimi tomonidan shakllantirilgan elektron yo‘llanma va talabalarning navbatga qo‘yilganligi haqidagi elektron xabarnoma ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi. Bunda yo‘llanma va xabarnomalar avtomatik ravishda oliy ta’lim muassasasiga hamda ariza beruvchiga davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali yuboriladi. Davlat xizmatlari markazi yo‘llanma kelib tushgandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi hamda ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat qilgan taqdirda, yo‘llanma uning so‘roviga ko‘ra elektron yoki qog‘oz shaklda beriladi. 22. Talabani talabalar turar joyiga joylashtirish oliy ta’lim muassasasi va ariza beruvchi o‘rtasida shartnoma tuzish orqali rasmiylashtiriladi. Bunda: shartnoma oliy ta’lim muassasasiga yo‘llanma kelib tushgan yoki taqdim etilgan kunning o‘zida tuziladi; yo‘llanma bilan birgalikda shartnoma va birinchi oy uchun to‘lov topshiriqnomasi avtomatik ravishda shakllantiriladi; talaba yo‘llanma shakllangandan so‘ng 10 ish kuni mobaynida oliy ta’lim muassasasi bilan shartnoma tuzmasa yoki talabalar turar joyi uchun dastlabki oylik to‘lovni to‘lamagan taqdirda, yo‘llanma bekor qilinadi. 23. Talabalar turar joyi uchun oylik to‘lov miqdori va muddatlari oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadi hamda shartnomada aks ettiriladi. 24. Talabalarni talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi. 3-bob. Yakunlovchi qoidalar 25. Davlat xizmatlari markazlari, oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar o‘z faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan ariza beruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlaydi. 26. Ariza beruvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. 27. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar. Davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga 1-ILOVA Davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarini talabalar turar joylariga joylashtirish SXEMASI
Download 96.93 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling