3-mavzu. Kasbiy ma’naviyatning o’ziga xos prinsiplari reja: Madaniyat va uning kasbiy faoliyatga ta’siri
Adolat, sadoqat, burch va halollik kasbiy ma’naviyatning bosh mezoni
Download 0.55 Mb. Pdf ko'rish
|
3-mavzu. Kasbiy ma’naviyatning o’ziga xos prinsiplari reja Mada
- Bu sahifa navigatsiya:
- Adolat
3. Adolat, sadoqat, burch va halollik kasbiy ma’naviyatning bosh mezoni Adolat g‘oyasi butun dunyo xalqlarini azaldan o‘ylantirib kelgan. Islom olamida esa adolat g‘oyasi haqiqatning mezoni hisoblanadi. Buyuk ajdodimiz sohibqiron Amir Temur “Bir kunlik adolat – yuz kunlik toatibodatdan afzaldir» deya adolatga yuksak baho bergan bo‘lsa, hazrat Alisher Navoiyning “Kimki haqiqatni yolg‘ondan, to‘g‘rini noto‘g‘ridan ajrata bilsa, u o‘z adli bilan G‘arbu Sharqni yoritgan bo‘ladi” degan hikmatida mazkur iboraning ma’naviy-ma’rifiy mohiyati mujassamlashgan. Adolatning o‘zagi «adl» bo‘lib, odillik, haqqoniylik degan ma’nolarni anglatadi. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari faoliyatida ushbu tushunchani quyidagicha ham izohlash mumkin: 1) sudda insof va adolat yuzasidan hukm chiqarish; 2) to‘g‘rini noto‘g‘ridan, rostni yolg‘ondan ajrata bilish, biror tomonga yon bosmaslik; 3) zulmni bartaraf etish, insof yuzasidan ish ko‘rish, mazlumni himoya qilish. Tilimizda «adl» so‘zi bilan bog‘liq bir qator so‘z birikmalari mavjud. Masalan, adl mezoni deganda adolat tarozusi, ya’ni qonun asosida haqiqatni tiklagan kishi, adolat qonuni; adl tariqi deganda shariat nizomlari; adolat posboni deganda adolat himoyachisi, odil podsho, haqgo‘y qozi; adlu insof deganda o‘rtada turib, haqiqatni aniqlash, to‘g‘rilik, to‘g‘ri qaror qabul qilish nazarda tutiladi. Adolat (arab. odillik, to‘g‘rilik, hamma uchun barobar bo‘lgan haqiqatning talab va prinsiplariga amal qilinishi) – insoniyatning azaliy orzusi, ezgu g‘oyasi, ma’naviyat, axloq va huquqning me’yoriy kategoriyalaridan biri. U jamiyat hayotidagi hodisalar, tartib-qoidalarning asl insoniy ideallarga, haqiqat mezonlariga qanchalik mos ekanini aniqlashda hamma zamonlarda ham asosiy ma’naviy mezon bo‘lib xizmat qiladi. Jamiyatning shaxsga, shaxsning jamiyatga va bir shaxsning ikkinchi shaxsga munosabatida namoyon bo‘ladigan adolat prinsipi ana shu munosabatlarni baholashning o‘zgarmas o‘lchovidir. Adolat yuksak ma’naviy qadriyat bo‘lib, “baxt”, “ozodlik”, “tenglik”, “do‘stlik”, “tinchlik” tushunchalari kabi insonning azaliy ezgu intilishlari timsolidir. Adolat haqidagi ilk tasavvurlar juda olis zamonlarga borib taqaladi. Qadimgi davr mutafakkirlari uni universal qonun sifatida talqin etishgan. Masalan, Zardusht adolatni “arta” tushunchasi yordamida ifoda etar ekan, uni olamdagi ikki qutbdan biri deb hisoblagan. Yunon faylasufi Aflotun adolat muammosini izchil o‘rganib chiqishga harakat qilgan. Uning ijtimoiy- siyosiy konsepsiyasida adolat “hukmronlik” va “imtiyoz” tushunchalariga yaqin kategoriya sifatida sharhlangan. Faylasufning fikricha, har bir tabaqa ichida tenglik bo‘lmog‘i, tabaqalar o‘rtasida tenglik hukm surmog‘i adolatdandir. Arastu bu g‘oyalarni rivojlantirib, “tenglashtirish” va “taqsimlash adolati” tushunchalarini qo‘llagan. Arastu Iskandarga qilgan nasihatlaridan birida adolat haqida shunday fikrlarni keltiradi: “Bilgilki, adolat buyuk va qudratli xudoning yer yuzidagi o‘lchovidir. Uning yordamida zaif bo‘lgan haq odam kuchli bo‘lgan nohaqdan o‘z haqini oladi. Kimki Alloh bandalari orasida o‘rnatgan ilohiy adolat o‘lchovini buzsa va undan chetlashsa, katta nodonliklar qilib, xatoliklarga yo‘l qo‘yadi”.... Adolat ma’naviyatning insonlararo munosabatlarda namoyon bo‘lishidir. Adolatni ta’minlashning eng ishonchli usuli davr ruhiga muvofiq mukammal qonunlar ishlab chiqish va qonun ustuvorligini ta’minlashdir. «Adolat» tushunchasi zamirida butun xalq, jamoa taqdiri, jamiyat, jamoa istiqboli, mamlakat va jamiyat kelajagi mujassam. Amir Temurning «Kuch – adolatda» degan o‘giti davlatining muhrida ham bitilgani bejiz emas, albatta. U o‘z tuzuklarida adolatni davlatni idora qilishda asos bo‘ladigan 12 qoidaning biri sifatida qayd etgan. Shu o‘rinda ulkan imperiya tuza olgan va uni adolat mezonlari asosida boshqargan buyuk sohibqironing biz avlodlarga qoldirgan boshqaruvning 12 qoidasini yana bir bor eslashni joiz deb bildik. Bular quyidagilar: Birinchisi – davlat va saltanatimga bog‘lagan birinchi tuzugim – Tangri taoloning dini va Muhammad mustafoning shariatiga dunyoda rivoj berdim. Ikkinchisi – o‘n ikki tabaqa va toifadagi kishilar bilan mamlakatlarni zabt etdim, ularni idora qildim. Davlat, saltanat ustunlarini ushalar bilan quvvatlab, majlislarimni shular bilan ziynatladim. Uchinchisi – maslahat, kengash, tadbirkorlik, faollik va hushyorlik ehtiyotkorlik bilan g‘anim qo‘shinlarini yengib, mamlakatlarni o‘zimga bo‘ysundirdim. Saltanat ishlarini murosayu madora, muruvvat va sabr-toqat bilan yurgizdim. To‘rtinchisi – davlat ishlarini saltanat qonun-qoidalariga asoslangan holda boshqardim. Beshinchisi – amirlarim va sipohiylarimni martaba va unvonlar, zarur zevarlar bilan xushnud etdim. Bazmlarda ularga (o‘z yonimdan) o‘rin berdim, shuning uchun janglarda jonlarini fido qildilar. Oltinchisi – adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Yettinchisi – sayyidlar, ulamoyu mashoyix, oqilu donolar, muhaddislar, xabarchilar tarixchilar)ni tanlangan, e’tiborli odamlar hisoblab, izzatu hurmatlarini joyiga qo‘ydim. Sakkizinchisi – azmu jazm bilan ish tutdim. Biron ishni qasd qilgan bo‘lsam, butun zehnim, vujudim bilan bog‘lanib, bitirmagunimcha undan qo‘limni tortmadim. Har neki degan bo‘lsam, unga amal qildim. To‘qqizinchisi – raiyat ahvolidan ogoh bo‘ldim, ulug‘larini og‘a qatorida, kichiklarini farzand o‘rnida ko‘rdim. O‘ninchisi – turku tojik, arabu ajamning turli toifa va qabilalaridan bo‘lgan va mening panohimga kirgan kishilarning ulug‘lariga hurmat ko‘rsatdim, qolganlarini ham holiga yarasha siyladim. Yaxshilariga yaxshilik qildim, yomonlarini esa o‘z yomonliklariga topshirdim. O‘n birinchisi – farzandlar, qarindoshlar, oshna-og‘ayni, qo‘shnilar va men bilan bir vaqtlar do‘stlik qilgan barcha odamlarni davlatu ne’mat martabasiga erishganimda unutmadim, (molu mulk va naqd pul bilan) haqlarini ado etdim. O‘n ikkinchisi – do‘st-dushmanligiga qaramay, har joyda sipohiylarni hurmat qildim, chunki ular boqiy mato bo‘lgan jonlarini foniy dunyo moli uchun sotadilar» Haqiqiy mansab egasi – rahbar barchaga birday odilona munosabatda bo‘ladi. Albatta, odamlar har xil, ularning orasida gap uqmaydigan, ba’zan esa ro‘y-rost e’tiroz bildiradiganlari ham bo‘ladi. Forobiy «adolat»ni ijtimoiy iyerarxiya va tartibning mavjud bo‘lishi uchun poydevor yaratuvchi huquqiy kategoriya deb ta’riflagan. Adolatning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini uning quyidagi vazifalarida ko‘rish mumkin: – jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni maqsadga muvofiq tashkil qilish; – turli ijtimoiy guruh va sinflar manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlash, ular orasida muvozanatni saqlab turish; – jamiyatdagi mulkchilik munosabatlarini tartibga solib, ishlab chiqarish faolligini oshirish; – fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish; – voqelikda keng ildiz otgan, lekin ijtimoiy taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan munosabatlarni bartaraf etishga da’vat qilish; – odamlarda kelajakka ishonch tuyg‘usini uyg‘otish va kuchaytirish. Adolat insonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning asosiy mezoni bo‘lgani uchun ham doimo ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. U jamiyat hayotida alohida o‘rin tutadigan ijtimoiy qadriyat bo‘lgani bois kundalik faoliyat va umuman jamiyatda “ijtimoiy adolat” tushunchasi keng qo‘llaniladi. Download 0.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling